Breaking News

Trampning prezidentlikka qaytishiga nima halaqit berishi mumkin?


AQSh sobiq prezidenti Donald Tramp 2024-yil prezident saylovida qatnashish rejasini rasman e’lon qildi. Tramp oraliq saylovlarda respublikachilar yirik g’alaba qozonadi deya umid qilgan edi, biroq bunday bo’lmadi. Tramp kafil bo’lishiga qaramay, u qo’llab-quvvatlagan qator nomzodlar saylovda mag’lub bo’ldi. Bu esa sobiq rahbarning saylovchilarni o’ziga qaratishini qiyinlashtirtadi.

Xalqaro hayot - 16-noyabr, 2022-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:11:25 0:00

2020-yil prezident saylovidagi mag’lubiyatini hanuz tan olmayotgan Donald Tramp ko’plab namoyishlarda va ijtimoiy sahifasida nomzodini prezidentlikka yana qo’yishiga anchadan beri ishora qilib kelgan, biroq ochiq e’lon qilmagan edi. Va nihoyat 15-noyabr kuni rejasini ochiq bildirdi.

“Amerikani yana buyuk va shavkatli qilish uchun AQSh prezidenti lavozimiga o’z nomzodimni qo’yish haqida e’lon qilyapman”, - dedi u.

Salkam bir soatlik ma’ruzasida Tramp o’zidan oldingi rahbarlarni, tanqidchilarini, matbuotni hamda uni tergov qilayotgan federal, shtat va mahalliy idoralarni tanqid qildi.

Tramp politsiya faoliyatini kuchaytirishga, erta saylov amaliyotini bekor qilish va ovozlarni tezroq hisoblash uchun saylov tizimi islohotini amalga oshirishga, immigratsiya choralarini kuchaytirishga, ijtimoiy konservativ qonunlarni qabul qilishga, mudofaa uchun xarajatlarni oshirishga chaqirdi. Prezidentlikka qayta saylansa, Tramp Amerika bayrog’ini Mars sayyorasida qadashga va’da berdi.

Tahlilchilar Trampning qayta saylanishiga to’sqinlik qiluvchi ikkita g’ovga ishora qilmoqda. Birinchisi - Respublikachilar partiyasida Florida shtatining yangi muddatga saylangan gubernatori Ron Desantisdek yangi siyosiy yulduzning porlayotgani. Tramp va uning ancha yosh partiyadoshi qonun va tartib, immigratsiya, davlat sarfiyatlari kabi masalalarga kelganda o’xshash konservativ siyosatni targ’ib qiladi.

“Desantis ham o’z chiqishlarida qonun va tartib haqida ko’p gapiradi, bu masalaga ko’p urg’u beradi. Respublikachi saylovchilar bunday gaplarni ma’qullaydi. Shu bilan birga, Desantisning yondashuvi yumshoqroq, insoniydir”, - deydi Vashigtondagi Brukings tahlil instituti eksperti Maykl Oxanlon.

Tramp uchun ikkinchi to’siq uning o’zi, deydi tahlilchilar. Ayni paytda kompaniyasining moliyaviy faoliyati, prezidentlikdan oldingi va prezidentligi paytidagi ishlari tergov ostida.

“Uni oldingi safar bo’lganidek isteblishmentga qarshi kurashayotgan isyonchi siyosatchi deb bo’lmaydi ortiq. Uni hammamiz bilamiz, Oq uydagi to’rt yillik faoliyatini va undan keyin ikki yil davomida nimalar qilganini ko’rdik. Odamlar Tramp haqidagi fikrini osonlikcha o’zgartiradi deb o’ylamayman”, - deydi Oxanlon.

Tramp so’nggi chiqishlarida prezidentligi paytidagi ishlariga, 2020-yil saylovida aslida u g’olib chiqqani haqidagi da’vosiga tayanmoqda.

“Bizning rahbarligimiz ostida mamlakatimiz buyuk va shonli edi. Anchadan beri bunday bo’lmagan edi. Biz kuchli va eng muhimi erkin davlat edik. Hozir esa tanazzulga yuz tutgan mamlakatmiz”, - deydi Tramp.

Nafaqat Trampning raqiblari, balki u bilan Oq uyda ishlagan sobiq vitse-prezident Mayk Pens ham Trampni 2021-yil 6-yanvarida tarafdorlarini Kapitoliy binosiga hujum qilishga ruhlantirganlikda ayblaydi. “Keyingi saylovda Trampni qo’llab-quvvatlaysizmi” degan savolga Pens yaqinda bir teleintervyu paytida dangal javobdan qochdi.

“Buni Amerika xalqi hal qiladi. Kelajakda yaxshiroq nomzodlar bo’ladi deb o’ylayman”, - dedi Pens.

Amaldagi prezident Jo Bayden Trampni ko’p tilga olmaydi. So’nggi bor bu mavzuda gapirganida 2024-yilda “Tramp va Desantis o’rtasida bo’ladigan kurashni maroq bilan tomosha qilaman” deyish bilan cheklangan edi.

Demokatlar Trampni o’tgan yil 6-yanvaridagi voqealarga bevosita aloqador deb hisoblaydi. Bu omil uning nomzodiga qanchalik zarar qilishi hozircha noma’lum.

Voqeani taftish qilayotgan Kongress qo’mitasi Trampni 13-noyabr kuni ko’rsatma berishga chaqirgan edi, biroq sobiq rahbar bundan bosh tortdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG