Breaking News

Tramp inson savdosiga qarshi kurashni kuchaytirmoqda


Tramp inson savdosiga qarshi kurashni kuchaytiruvchi farmon imzolamoqda
Tramp inson savdosiga qarshi kurashni kuchaytiruvchi farmon imzolamoqda

Trump ma’muriyati AQShda inson savdosi muammosiga e’tibor qaratmoqda. Oq uy “Inson savdosi jabrdiydalarini himoya qilish” qonunining 20 yilligini nishonlash doirasida bu jinoyatga qo’l urgan odamlarni qattiqroq jazolash va jabrdiydalarga yordamni oshirishga qaratilgan qo’shimcha choralarni e’lon qildi.

Faollar va jabrdiydalar buni olqishlash bilan birga Trampning noqonuniy immigrantlarga qarshi siyosatidan norozilik bildirmoqda.

Prezident Tramp bir necha kun oldin imzolagan farmon federal hukumatga inson savdogarlariga qarshi qattiqroq kurashishga imkon beradi.

“2021-yil byudjetida inson savdosiga qarshi tashabbuslar uchun pulni oshirishga qaror qildim. Jazoni kuchaytirish uchun Adliya vazirligiga 70 million dollar ajratiladi. Shtat va mahalliy hukumatlarning bu boradagi harakatlari uchun 123 million dollar sarflayapmiz”, - deydi prezident.

Oq uyning ichki siyosat bilan shug’ullanuvchi jamoasida federal darajada inson savdosiga qarshi kurash bilan shug’ullanuvchi yangi lavozim ta’sis etildi. Ma’muriyat mavzuni xalqaro darajaga ham olib chiqmoqchi.

“Jinsiy savdoga qarshi kurash va jabrdiydalarga yordamni oshirishga qaratilgan qonunlar qabul qilyapmiz hamda boshqa davlatlarning inson savdosiga qarshi kurashiga baho berish uchun standartlarimizni ko’taryapmiz”, - deydi Tramp.

Inson huquqlari bilan shug’ullanuvchi ayrim tashkilotlar Tramp ma’muriyatini inson savdosiga uchragan muhojirlarga qo’l siltaganlikda ayblab, Oq uyda inson savdosi mavzusida o’tkazilgan anjumanga borishdan bosh tortdi.

Ana shunday tashkilotlardan biri “Refugee International” bo’lib, uning bayonotida aytilishicha, Trampning immigratsiya siyosati inson savdosi jabrdiydalarini xavf ostiga qo’yadi hamda ularni himoya qiluvchi va Kongress tomonidan ma’qullangan, so’nggi 10 yildan beri amalga oshirilayotgan vositalarga bolta uradi”.

Prezident Tramp noqonuniy immigratsiyaga qarshi siyosatini inson savdosiga qarshi kurashiga bog’laydi. Uning aytishicha, odam o’g’irlash, ayollar va bolalarni majburiy mehnatga jalb qilishda noqonuniy migrantlar ayniqsa jonbozlik ko’rsatmoqda.

Inson savdosi qullikning zamonaviy ko’rinishi bo’lib, dunyo bo’ylab jiddiy muammoga aylangan.

Xalqaro mehnat tashkilotining eng so’nggi ma’lumotiga ko’ra, dunyoda 24,9 million odam majburiy mehnat yoki fohishalikka undash oqibatida o’g’irlangan. Mutaxassislarga ko’ra, bu yolg’iz beqaror jamiyatlarga xos illat emas, inson savdosi dunyoning deyarli barcha burchaklarida uchrab turadi.

“Aholining eng zaif qatlamlari – bolalar, yoshlar va ayollar savdogarlar nishoniga aylanmoqda”, - deydi Katariina Rozenblatt.

Katariina 13 yoshida Florida shtatida ana shunday baloni o’z boshidan o’tkazgan. Hozir esa u tutqunlikdan qochgan va qutqarilgan odamlarga yordam beradi, Trampning yangi tashabbuslarini olqishlab, inson savdosiga qarshi kurashda faollikni oshirishga imkoniyatlar yaratishini aytadi.

Biroq uning nazarida, Oq uy ma’muriyati qarorlarini tayyorlash jarayoniga jabrdiydalarni ko’proq jalb qilishi kerak edi.

“Ularning ham fikrlarini tinglash, har bir federal idoraga yollash kerak, axir biz ham o’z hissamizni qo’shishimiz kerak”, - deydi Katariina.

Kelasi olti oyda inson savdosiga qarshi kurash bilan shug’ullanuvchi federal agentliklar prezidentning yangi farmonida bitilgan rejani amalga oshirish bo’yicha o’z takliflarini tayyorlashi kerak.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG