Breaking News

Muhojirlar Trampning reydlar haqidagi do'q-po'pisalaridan xavotirda


Reyd paytida

Ikki hafta oldin Prezident Donald Tramp Kongressdagi demokratlardan mamlakatda qolish uchun boshpana olishga doir qonunlardagi kamchiliklarni bartaraf etishni so’ragan, aks holda millionlab hujjatsiz muhojirlar reydlarda tutilib, deportatsiya qilinishi haqida ogohlantirgan edi.

Muhojirlar Trampning reydlar haqidagi do'q-po'pisalaridan xavotirda
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:49 0:00

Amerika bo’ylab muhojir jamoalar davlat rahbarining do’q-po’pisasiga qarshi namoyish qilish uchun uyushmoqda, biroq ayrim amerikaliklar deportatsiya haqidagi gaplarni qo’llab-quvvatlamoqda.

Muhojirlar huquqlarini himoya qiluvchi faollar hukumatdan reydlarni bas qilishni talab qilmoqda.

“Janubiy chegarada ushlangan va vizasi yo’q immigrantlarning aksariyatini deportatsiya qilsa bo’ladi. Lekin agar ular boshpana olishga ariza bersa, hujjatlarini ko’rib chiqish uzoq vaqt oladi. Bungacha ko’plari mamlakatga kiritilishi mumkin. Prezident nazarida, bu odamlarning Amerikaga kirishiga imkon beradigan xavfsizlik tizimidagi kamchiliklardandir”, - deydi Migratsiya siyosati institutidan Sara Pirs.

Prezident Tramp jinoyatga qo’l urgan uch millionga yaqin hujjatsiz muhojirlarni ommaviy ravishda haydaymiz deb, ikki yil oldin do’q-po’pisa qilgan edi, biroq bunday bo’lmadi.

“Bunday gaplar bizni xavotirga soladi. Har safar yangiliklarda eshitganimizda hozirgi siyosat bizga qarshi qaratilganini bilamiz. Bu oq tanli irqchilar hukmron jamiyat, irqchi hukumat bizni nishonga olmoqda”, - deydi immigrant namoyishchilardan biri.

“Amerikaliklar qonuniy immigratsiya uchun” tashkiloti prezidenti Uilyam Grinning aytishicha, deportatsiyalarni ancha avval amalga oshirish kerak edi. Immigratsiyaga doir mavjud qonunlar shuni taqozo etadi, ammo prezident bunday qilmayapti, deydi u.

“Bizni o’rab olishyapti, hukumat esa himoya qilgani yo’q. AQSh qonunlariga ko’ra, noqonuniy immigrantlarning barchasi o’z yurtiga qaytarilishi kerak va bu qonunlar bajarilishini talab qilishga haqliman. Ish beruvchilarga noqonuniy muhojirlarni yollash man qilingan, bu qonunlar ijrosini ham kutyapman, ammo natija yo’q”, - deydi Grin.

AQSh Immigratsiya va bojxona xizmati bo’lajak reydlar va amaliyotlar haqida ma’lumot berishdan bosh tortdi. Idora vakiliga ko’ra, qonunni buzgan yoki sud qarorini bajarmagan amerikaliklar adolatdan qochib qutula olmaydi, noqonuniy muhojirlar ham bundan mustasno emas.

Kongress ta’tilga chiqishdan oldin gumanitar yordam dasturlari uchun 4,6 milliard dollar ajratish haqidagi qonun loyihasini qabul qildi, ammo mamlakatga kiritish uchun siyosiy va boshqa turdagi boshpana olishga doir qonunlarni ko’rib chiqmadi.

Qonunchilar harakatga tushmasa, Tramp qonundagi kamchiliklarni bartaraf etish uchun ularga bergan muhlat tugaydi.

“Noqonuniy muhojirlar tahdidlarga o’rganib qolgan. Deportatsiya haqida e’lon qilinganida ular ancha hushyorroq bo’ladi. Ayrim ishoralarga qarab ish tutamiz. Masalan, benzin quyish shoxobchasi yonida 10 ta mikroavtobus turibdi degan xabar keladi. Borsak, hech narsa yo’q. Bunday xabarlar muhojirlarning asabiylashishiga sabab bo’ladi. Bu paytda ko’chaga chiqmaslikka harakat qilishadi”, - deydi namoyishchi Migel Kaprizo.

Muhojirlar o’z jamoalari orqali huquqlarini himoya qilmoqchi.

“Reydlardan qo’rqmasligimizni agentlikka bildirib qo’ymoqchimiz. Jamoaning har bir a’zosi, oilalarimiz, qo’shnilarimiz himoyasiga qattiq turamiz. Hujjatimiz bo’lmasa ham qo’rqmaymiz”, - deydi Nayeli Lopes ismli namoyishchilardan biri.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG