Breaking News

Ota-onalaridan ajralgan ba'zi bolalar oilalari bilan qovushdi


AQSh-Meksika chegarasida ajralib qolgan oilalar o’z taqdiridan noliyotgan bir paytda AQSh Kongressida immigratsiya islohotiga doir respublikachilar taklif etgan qonun loyihasi yetarlicha ovoz to’play olmadi. Prezident Donald Tramp noqonuniy muhojirlikka ortiq toqat qilmaymiz, chegarani hujjatsiz kesib o’tganlarni sudsiz ortga qaytarish kerak, deydi.

Xalqaro hayot - 25-iyun, 2018-yil - Ota-onalaridan ajralgan ba'zi bolalar oilalari bilan qovushdi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:38 0:00

Federal hukumat vakillarining aytishicha, Trampning noqonuniy muhojirlarga nisbatan toqatsizlik siyosati natijasida ota-onalaridan ajralib qolgan 500 dan ziyod bola hibsxonadagi oilalari bilan qovushgan. Ammo yana chamasi 1500 bola ota-onasidan alohida saqlanmoqda. Tramp oilalarni ajratish siyosatiga chek qo’yishni buyurdi, ammo chegarani noqonuniy kesib o’tganlar jazolanishini aytdi.

“Xizmatchilarimiz o’ta qiyin bu vaziyatda ishini yaxshi uddalayapti. Bu muammoni ancha oldin hal qilish kerak edi”, - deydi Tramp.

Respublikachi qonunchilar prezident siyosatga o’zgartirish kiritganidan mamnun.

“Oilalar ajralmasin, ammo shu bilan birga, o’zimiz bilmagan holda noqonuniy immigrantlarni Amerikaga tortgan eski siyosatni tiklab qo’ymaylik”, - dedi senator Jon Kornin.

Demokratlar prezidentni bu masalada tanqid qilishda davom etmoqda.

“Zo’ravonliklar va o’lim tahdidlaridan qochib, chegaramizga kelgan oilalarni jazolash to’g’ri emas. Chegaradan noqonuniy o’tgan har bir odam jinoyatchi bo’lavermaydi", - dedi senator Dik Durbin.

Tramp siyosatini amalga oshirishda qiyinchiliklarga duch keladi. Hujjatsiz muhojirlarni sud qilishga ancha vaqt ketadi. Federal sud qaroriga ko’ra, migrant oilalarni hibsxonada 20 kundan ortiq ushlab turish mumkin emas.

“Prezidentning farmoni 2015-yilda federal sudya chiqargan qaror bilan to’qnashishi aniq. Sud sobiq Prezident Obamaning hujjatsiz ota-onalarni farzandlari bilan qamash siyosatini zolimlik deb atagan edi”, - deydi Ichki xavfsizlik vazirligining sobiq rasmiysi Tom Bossert.

Tramp demokratlarni noqonuniy muhojirlarni Amerika fuqarolaridan ko’ra ko’proq himoya qilishga intilayotganlikda aybladi.

“Biz chegaralarimiz mustahkam bo’lsin, deymiz. Demokratlar esa chegaralarni ochib, jinoyatchilarni kiritmoqchi”, - deydi Tramp.

“Republikachilar Vakillar palatasida ko’pchilik hozir. 240 kishi ular, biz esa ozchilikdamiz. Ular Senatni ham nazorat qilmoqda. Oq uyda ham respublikachilar. Nega endi bu muammoni demokratlar hal qilishi kerak?” – deydi demokrat kongressmen Luis Guterres.

O’tgan hafta respublikachilarning immigratsiya oqimini cheklashga qaratilgan qonun loyihasi Vakillar palatasida o’tmadi. Hujjatning muqobil ko’rinishi keyingi hafta ovozga qo’yiladi, ammo demokratlar uni ham o’tkazmasligi kutilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG