Tojikiston ahli Trampning immigratsion siyosatiga nima deydi?


AQSh prezidenti Trampning yetti musulmon mamlakat fuqarolarini kiritmaslik qarori Tojikistonda turlicha fikrlarga sabab bo’lmoqda. Ayrimlar buni ma’qul topsa, boshqalar buni inson huquqlarini cheklash deb biladi.

Iroq, Eron, Yaman, Liviya, Suriya, Somali va Sudan haqida gap ketmoqda. Bu davlatlar fuqarolari 90 kun Amerikaga kirishi mumkin emas. Farmondan AQShning o’zida ham zarar ko’rayotgan korxonalar bor.

Tojik ziyolisi Fayzullo Fayziyev fikricha, Amerika to’g’ri yoldan bormoqda.

"Birinchi savolni Trampning o’ziga berish kerakki, nima uchun bunaqa yo’l tutdi? Ikkinchisi shuki, har bir davlat o’z himoyasi uchun choralar ko’radi. Jumladan, Tramp ham mamlakatni har xil terroristlar, ekstremistlardan himoya qilish uchun vaqtincha shunday qarorga keldi deb o’ylayman. Vaqti kelib, u cheklovlar baribir bekor qilinadi. Amerika ochiq mamlakat va ochiqligicha qoladi. Mana, O’zbekiston ham bizga chegarani yopib, viza tartibini joriy qilgandi, bugunga kelib bu ish qaytadan ko’rib chiqilmoqda", - deydi Fayzullo.

Tojikistondagi ziyoli yosh taqvodorlar cheklovga tanqidiy yondashadilar. Qori Sunattulo:

“Qandaydir bir kishini deb, hammaga cheklov qo’yish durust emas, bir-ikkita terrorist bo’lsa o’ziga jazo bo’lishi kerak. Unaqalarni davlatga kiritmaslik kerak”, - deydi.

"Lekin ma’rakalarda bo’lganimizda mana shu Trampboyning qarorlarini sud bekor qilibdi degan rivoyatlarni ham eshitdik. Aslida, bir kishining aybini boshqa bir kishi ko’tarmaydi. Taqiqlanganlar orasida qancha to’g’ri yo’ldagilar bor, qandayki, mana bizning yurtimizdan chiqqanlar borku, ketganlar bor. Bizam mahrum bo’lishni xohlamaymiz ularning kasriga qolib. Shuning uchun, masalan, Turkiyani olaylik. O’zining aybi bo’lib, judayam erkinlik berib yuborgani uchun o’zlarida notinchliklar, portlashlar bo’ldi. Alloh ko’rsatmasin bizning yurtlarga bunday narsalarni. Ular (AQSh) qo’ymasalar ham ichkarida, o’zlaridayam (terror) qilishlari mumkin. Xudo ko’rsatmasin, bo’lmag’ur voqealar bo’lishi mumkin. Masalan, bir dona O’zbekistondan chiqqan bo’lsa, butun O’zbekiston yoki Tojikistondan chiqqan bo’lsa, butun Tojikistonni ayblasa… Tijorat, sayyohlik maqsadida boradiganlar bor, bularga zulm bo’lib qoladi-ku! Shu sababdan u narsani (muhojirlar cheklovini) qo’llamayman men. Agar haqiqatan shu bilan terrorning oldini olish foydasi bo’lsa-ku, boxayr! Ammo dinimizda kelgan mehmonni qabul qilishlik, uni ehtirom qilishlik bor. Kimki Allohga, oxirat kuniga inongan bo’lsa, mehmonini ikrom qilsin, joy bersin deganlar musulmonchilikda. Uch kungacha mehmondan nimaga kelding deb ham so’ralmagan oldin. Xuddiki, mehmon ko’ngliga urgandek bo’lmasin deb. Mehmon ehtirom ko’rgandan keyin u bir kishiga yomonlik qilishni ham xohlamaydi", - deydi qori.

Mahalliy sharqshunos Qayum Hamroxonov aytadiki, Trampning muhojirlar siyosati ayrimlar aytayotgandek, musulmonlarga qarshi qaratilmagan. Masalan, Pokiston, Filippin, Turkiya, Afg’oniston yoki Malayziya fuqarolari AQShga kirishi cheklangan davlatlar ro’yxatida qo’q. Kim ham dushmanga darvozasini ochib beradi, deb fikrlaydi u.

Tojikistonning Sug’d viloyati o’zbeklar ma’naviyat va ma’rifat markazi raisi, olim Ilhom Yusupov ham AQSh prezidentining muhojirlarni cheklash siyosatini durust hisoblarkan, muslmonlarning o’zi zulmparvar deydi.

"Demokratiya deganda dushmanni ham olib kelib, ichingda bemalol saqla degan gap emas-ku! Masalan, terroristni qo’yningizga opkep qo’yish degani emas-ku, uyingizda boqmaysiz-ku terroristni? Aytaylik, bir xonangiz bo’sh bo’lsa, bila turib o’g’ri, muttaham, firibgarga ijaraga bermaysiz-ku! Shunaqani qo'yasizmi axir? Yo man demokratman deb qo’yaverasizmi? Demokratiya deganimi shu? Ularning davlat boshqaruvi shunday, bizning mentalitetga demokratik tamoyillar unchalik qo’l kelmaydi. Bizga, musulmon xalqiga salgina…salgina emas, ancha-muncha zulm bo’lmasa ishlamaydi", - deydi Yusupov.

Tojikistonlik boshqa bir ziyoli, sharqshunos Anatoliy Hayimshoyev ham AQSh prezidenti to’g’ri yo’l tutmoqda deb hisoblaydi.

"Bu Tramp ko’ryapmanki, dunyoga o’z qarashlari bilan boqmoqda va to’g’ri ham qiladi. Mana masalan, Yaponiya tarixini oling, agar bilsangiz, bir vaqtlari ular mamlakatlariga yevropliklar kirishini umuman taqiqlab qo’yganlar. Bu bekorga qilinmagan, hammasining o’z vaqti, yechimi bor, ularni to’g’ri tushunish kerak", - deydi Hayimshoyev.

Mahalliy ziyoli Suhbon Qayum esa AQSh prezidenti o’z qarori bilan Amerikaning 200 yillik demokratiyasi asoslariga zarar yetkazmoqda deb hisoblaydi. Uning fikricha, muhojirlarni cheklash siyosati AQSh siyosiy obro’siga jiddiy putur yetkazib, uning mavqeini pastga tushiradi.

XS
SM
MD
LG