Breaking News

Los-Anjeles Trampning immigrantlarga qarshi siyosatidan norozi


Noqonuniy immigrantlar
Noqonuniy immigrantlar

Donald Tramp prezidentlikni boshlasa, noqonuniy immigratsiyaga barham berishga, jinoyatga qo’l urgan 2-3 millionga yaqin hujjatsiz muhojirni mamlakatdan haydashga va’da bergan. Hozir ayrim shtat va shaharlarda rasmiylar bu masalani qattiq ushlamoqda. Ayrimlari hatto federal hukumat bilan shu mavzuda tortishishga hozirlanmoqda.

Donald Tramp immigratsiyaga doir rejasini avgust oyida e’lon qilgan.

“Amerikaga noqonuniy kirgan har bir odam deportatsiya qilinadi. Qonunlari bor mamlakat shunday bo’lishi kerak. Aks holda bu mamlakat emas”, - degan edi u.

O’shandan beri Tramp “hujjatsiz muhojir” degan joyiga “jinoyat sodir etganlari” degan jumlani ham qo’shib qo’ydi. Biroq bu da’voga ishonadiganlar ko’p emas.

Barak Obama prezidentligi davrida 2,7 milliondan ziyod hujjatsiz immigrant deportatsiya bo’lgan. Tramp bundan-da ko’p muhojirlarni haydaydi, degan xavotir hukm surmoqda.

“Kelasi to’rt yilda mamlakatni endi Tramp boshqaradi. Kelishib ishlashga harakat qilamiz. Ammo Kaliforniya farovonligini himoya qilishga tayyormiz”, - deydi Kaliforniya Senati prezidenti Kevin de Leon.

Uning aytishicha, shtatning immigrantlarga nisbatan mo’tadil siyosati Kaliforniya farovonligiga yetaklovchi omillardan.

Sobiq adliya vaziri, xususiy advokatlik bilan shug’ullanayotgan Erik Xolder immigratsiyadan tortib iqlim o’zgarishi masalalarigacha Tramp ma’muriyati bilan huquqiy tortishuvda Kaliforniya manfaatlarini himoya qiladigan bo’ldi.

Los-Anjeles kabi shaharlar immigratsiya va bojxona bobida federal hukumat bilan hamkorlikni cheklashga qaror qildi.

“Los-Anjeles muhojirlar huquqiga kelganda yakdil - xalqimizni himoya qilamiz, Los-Anjeles - bu bir oila, bir jamiyat”, - deydi immigrantlarga yordam beruvchi advokat Emili Robinson.

Tramp saylov kampaniyasida yangragan ayrim xavotirli bayonotlarga qaramay, yangi prezidentning ispanzabon aholi bilan aloqa qiluvchi kengashi a’zosi Luis Kinonesning aytishicha, qonunga amal qiluvchi va tinchliksevar muhojirlar va musulmonlar uchun xavotirga o’rin yo’q.

"Dinga amal qilmaydigan, tinchlikni ko’rolmaydigan ekstremist musulmonlarni nishonga olamiz. Boshqalarga zarar yetkazmoqchi bo’lganlarni bu mamlakatda ko’rishni istamaymiz", - deydi u.

Kaliforniya hujjatsiz odamlarga haydovchilik guvohnomasini olishga ruxsat beruvchi 12 shtatdan biri. Demokratlar nazoratidagi aksariyat shtat va shaharlar bunday muhojirlarga qo’shimcha yengilliklar yaratmoqchi.

Qonuniy immigrantlarning esa bu masalada fikri bo’lingan. Ba’zilari deportatsiyalarga, AQSh-Meksika chegarasida devorning qurilishiga qarshi, boshqalar esa qo’llab-quvvatlaydi.

“Noqonuniy muhojirlarning, ayniqsa jinoyatga qo’l urganlarining mamlakatda qolishini hech kim istamaydi”, - deydi Trampga ovoz bergan xitoylik amerikalik Deyvid Van.

Hujjatsiz immigrantlar Amerika aholisining 3-4 foizini tashkil etadi. Ularni deportatsiya qilish masalasida shahar ma’muriyatlari federal hukumat bilan hali ancha tortishishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG