Breaking News

Senatda sobiq prezident Trampni sud qilishga tayyorgarlik


Senat mahkamasida prokuror vazifasini bajaruvchi qonunchilar
Senat mahkamasida prokuror vazifasini bajaruvchi qonunchilar

Kelasi hafta AQSh Senatida sobiq prezident Donald Tramp ustidan “hukumatga qarshi isyon qo’zg’atish” aybi bilan mahkama boshlanadi. 6-yanvar kuni Kongressda ro’y bergan tartibsizliklarda 5 kishi halok bo’lgan edi, jumladan bir politsiyachi.

Mahkamada prokuror vazifasini bajaruvchi demokrat qonunchilarning da’vo qilishicha, Trampning xatti-harakatlari va hujum oldidan o’z tarafdorlarini gijgijlashi ularning Kapitoliyga yurishiga sabab bo’lgan.

Sobiq prezidentning advokatlari esa Senatda o’tkazilajak mahkama konstitutsiyaga zid ekani, AQSh tarixida hech bir sobiq rahbar ustidan bunday jarayon o’tmaganini ta’kidlaydi. Ularning aytishisha, Tramp saylov adolatli o’tganiga hanuz ishonmaydi va natijani savolga tutishga haqli.

Senatda kelasi hafta har ikki tomondan mana shunday argumentlar yangrashi kutilmoqda. 74 yoshli sobiq prezident isyonda qanday rol o’ynagani va uni kelajakda saylovlarda qatnashish huquqidan mahrum etish masalasi ko’rib chiqiladi. Sud bir hafta davom etadi.

Tramp AQSh tarixida ikki marta impichment qilingan yagona prezidentdir. Uni aybdor topish uchun Senat a’zolarining uchdan ikki qismi ovoz berishi kerak. Hozirda bu organda ikki partiya teng o’ringa ega.

Ayblov xulosasi

Ayblov xulosasida keltirilishicha, Tramp prezidentlik saylovi natijasini hatto bitta ham ovoz berilmasidan oldin savolga tuta boshlagan.

“U butun yoz yig’inlarda va ijtimoiy tarmoqlarda agar saylovni yutqazgudek bo’lsam, buni faqatgina menga va tarafdorlarimga qarshi fitna bo'lgani bilan tushuntirish mumkin bo’ladi deb keldi”, - deyiladi unda.

Kongress Jo Bayden g’alabasini tasdiqlaydigan kun, 6-yanvarda Tramp tarafdorlarini Vashingtonga taklif qildi, ularni “jasoratli” bo’lishga, “jon-jahdi bilan kurashishga” undadi, deydi prokurorlik roliga tayinlangan qonunchilar.

“Hech qachon zaiflik bilan mamlakatni qaytarib ololmaymiz. Kuchingizni ko’rsating, kuchli bo’ling”, - degan edi Tramp hujumdan oldin qilgan bir soatli nutqida.

Shundan so’ng, deyiladi xulosada, uning tarafdorlari Kapitoliyga borib eshik va oynalarni sindirib kirgan, politsiyaga hujum qilgan, zo’ravonlik maqsadida qonunchilarni qidirgan, sobiq prezident ularni to’xtatmagan.

Konstitutsiyaga kiritilgan birinchi tuzatish so’z erkinligini ta’minlasa-da, impichment holatlari bundan mustasno, Tramp uni o’z himoyasi uchun qo’llay olmaydi, demoqda demokrat qonunchilar. Ularga ko’ra, prezidentlar faoliyati davomida ham, Oq uydan ketishi oldidan ham jinoyat sodir eta olmaydi.

Himoya

Donald Trampning advokatlari Senatning uni sudlash uchun vakolati yo’qligini, saylov haqidagi bayonotlari esa so’z erkinligini kafolatlovchi konsitutsiya tomonidan himoyalanganini da’vo qilmoqda. Ular sobiq prezident isyon qo’zg’atganini inkor etadi.

“Konstitutsiya impichment qilinayotgan shaxs iqtidorda bo’lishini taqozo etadi. 45-prezident ishdan ketib bo’lgan, uni lavozimdan olib tashlash haqidagi moddani Senat amalga oshira olmaydi”, - deydi advokatlar.

Trampning zo’ravonlikka yetaklagani da’vo qilinayotgan bayonotlari va saylov natijasini savolga tutgani, deydi ular, so’z erkinligi to’g’risidagi qonunlar bilan himoyalangan.

Tramp advokatlarining yozishicha, u 6-yanvardagi nutqi bilan tarafdorlarini buzg’unchilik qilishga emas, balki “saylov xavfsizligi uchun kurashishga” undagan.

Demokrat qonunchilarga ko’ra, Trampning xatti-harakatlari, jumladan 2-yanvarda Jorjiya shtati rasmiylariga qo’ng’iroq qilib unga g’alaba uchun “yetarlicha” ovoz topib berishni so’ragani, saylov natijasini o’zgartirishga urinish deb qabul qilinishi darkor. Trampning advokatlari bu da’volarni rad etmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG