Breaking News

Tramp Parijda 1-Jahon urushi yakuniga bag'ishlangan marosimda qatnashdi


11-noyabr Qo’shma Shtatlarda - Urush faxriylari kuni. Prezident Donald Tramp Birinchi jahon urushida halok bo’lganlarni xotirlash uchun Fransiyadagi tantanalarda qatnashib qaytdi. 70 ga yaqin mamlakat rahbarlari 100 yil oldin ittifoqchilar erishgan g’alabani Parijda qutladi.

Tramp Parijda 1-Jahon urushi yakuniga bag'ishlangan marosimda qatnashdi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:00 0:00

Tramp urushda nobud bo’lgan amerikalik harbiylar qo’yilgan qabristonni ziyorat qildi. Parij tevaragidagi Syuren qabristonida 1500 dan ziyod amerikalik askar dafn etilgan.

“Har bir qabr ustiga qo’yilgan marmar xoch, har bir Dovud yulduzi oilasi, mamlakati, Yaratgan va ozodlik uchun jonini fido qilgan buyuk amerikalik jangchilar hayotini ifoda etadi. Yomg’ir, qor, zaharli gaz, o’q va snaryadlarga qaramay, ular chekinmadi, g’alaba uchun jang qilishdi”, - dedi Tramp.

Biroq ob-havoning yomonligi Trampga Fransiyadagi amerikalik askarlar ko’milgan boshqa qabristondagi xotira marosimida qatnashishga imkon bermadi.

Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Parijdagi Zafar arki yonida to’plangan davlat rahbarlariga murojaat qildi.

“Odamlar bu katta urushdan saboq olmoqchi bo’lsa, g’azab, nafratdan voz kechishlari, o’tmishni unutmasliklari kerak. Kelajak qanday bo’lishi bizning qo’limizda”, - dedi Makron.

Fransiya rahbarining aytishicha, Yevropa o’zini Xitoy, Rossiya va, hatto, AQShdan mudofaa etishi uchun o’z armiyasiga ega bo’lishi kerak. Tramp Makronning bu gaplarini haqoratli deya, uni tanqid qildi. Biroq Rossiya rahbari Makron bayonotini asosli deb bildi.

“Dunyoda ko’p qutbli siyosatni kuchaytirish uchun bunday jarayonni ijobiy deb bilaman. Bu masalada Fransiya bilan pozitsiyamiz hamohang”, - dedi Vladimir Putin.

Tramp ham, Makron ham Yevropa kuchli bo’lishi kerak, deydi.

“Yevropa davlatlari Amerika yoki boshqa mamlakatlardan qurol va boshqa narsalarni sotib olish uchungina harbiy byudjetini oshirishi to’g’ri deb o’ylamayman. Byudjetimiz muxtoriyatimizni kuchaytirishga, mustaqilligimizni oshirishga qaratilishi kerak”, - dedi Makron.

Parijda 60 mamlakat rahbarlari ishtirokida tinchlik anjumani ham bo’lib o’tdi. Yomg’irga qaramay, tadbirga norozilik bildirish uchun ko’plab odamlar to’plandi.

“Makron Parijda tinchlik anjumani o’tkazyapman deb, unga Tramp, Putin va Netanyaxuni taklif qilgani to’g’ri emas. Bu tinchlik anjumani emas, bu urush anjumani”, - deydi namoyishchilardan biri.

Parijda Tramp va Putin muloqot qilmagan. Ikki rahbar shu oy oxirida Argentinada bo’ladigan Katta Yigirmalik sammitida gaplashishi kutilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG