Breaking News

Tramp va Modi yirik savdo bitimi ustida ish ketayotganini aytdi


AQSh Prezidenti Donald Tramp va Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi Dehlida rasmiy muzokara o’tkazganidan so’ng ikki davlat o’rtasida yirik savdo bitimi ustida ish ketayotgani haqida ma’lum qildi.

"Guruhlarimiz keng qamrovli savdo shartnomasi bo’yicha ancha ishni uddalab qo’ydi. Har ikki davlat uchun muhim ahamiyatga ega kelishuvga erishamiz degan umiddaman”, - dedi Tramp.

Tramp, shuningdek, Hindistonga qiymati uch milliard dollarga teng harbiy texnika sotishga doir bitim imzolanganini ham ma’lum qildi. Ushbu kelishuv doirasida Hindiston AQShning eng so’nggi harbiy vertolyotlarini qo’lga kiritadi.

Tramp AQSh-Hindiston aloqalari har qachongidan mustahkam der ekan, tomonlar terrorga qarshi kurash, kiberxavfsizlik va dengiz xavfsizligi bobida hamkorlik kengayayotganini ham ta’kidlab o’tdi.

Modi ham aloqalarni yuqori baholab, Tramp prezidentligida savdo hajmi oshganini, davlatlararo munosabatlar yuqori nuqtaga chiqqanini aytdi.

Modi Tramp bilan mudofaa, xavfsizlik, energetik va texnologik hamkorlik xususida gaplashganini ham qayd etdi.

Trampning Hindistonga tashrifi chog’ida ikki davlat rasmiylari ruhiy salomatlik va tibbiy mahsulotlar xavfsizligi xususida anglashma memorandumlari hamda neft bo’yicha hamkorlikka doir xat imzolagan.

Tramp 25-fevral kuni Ahmadoboddagi 100 ming kishilik “Motera” kriket o’yingohida uni tinglashga to’plangan hindistonliklarga murojaat qilib, Hindistonni millionlab hindular, musulmonlar, sikxlar, jayna oqimi tarafdorlari murosa qilib yashaydigan joy deb atadi, biroq AQSh rahbari bu mamlakatdagi 200 milliondan ziyod musulmonni kamsitayotgani aytilayotgan fuqarolik haqidagi yangi munozarali qonun haqida lommim demadi.

AQSh Kongressining ayrim a’zolari qo’shni uch mamlakatdan Hindistonga borib qolgan muhojirlar uchun fuqarolik olishni tezlashtiruvchi qonun musulmonlarni istisno qilgani uchun xavotir bildirgan.

Mamlakatda qonunga qarshi namoyishlar bo’lib turibdi. 24-fevral kuni poytaxt Dehlida qonunga qarshilar va tarafdorlar to’qnashib, 10 odam o’lgan, salkam 150 kishi jarohat olgani aytiladi. To’qnashuvlar ertasiga ham davom etgan.

Tramp Kashmirdagi vaziyatni ham tilga olmadi. Modi hukumati aksariyati musulmonlar bo’lgan Jammu va Kashmir shtatini maxsus maqomdan ayirib, uni ikkita alohida viloyatga ajratgani ham mahalliy xalq noroziliklariga sabab bo’lgan.

O’tgan yili Tramp Hindistonning Pokiston bilan Kashmir bo’yicha munozarasiga vositachilik qilishni taklif etgan edi. Islomobod Tramp taklifini qabul qilgan bo’lsa, rasmiy Dehli uni rad etgan.

Endi qo’shni Pokiston ham Trampni mehmonga kutyapti. Pokiston Bosh vaziri Imron Xon yaqinda Davosda o’tgan Jahon iqtisodiy forumida Tramp bilan uchrashib, Pokistonga tashrif buyurishga va’da bergani haqida aytgan edi.

Vashingtondagi Strategik va xalqaro izlanishlar markazida AQSh-Hindiston munosabatlari bo’yicha mutaxassis Richard Rassouning aytishicha, agar Tramp Pokistonga bormasa yoki biror yirik shartnoma taklif etmasa, Pokiston buni hurmatsizlik deb talqin etishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG