Breaking News

Tramp Eronga qarshi sanksiyalarni kuchaytirishni buyurdi


AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo Abu-Dabi valiahd shahzodasi Muhammad bin Zayed Nahyon bilan Birlashgan Arab Amirliklarida uchrashmoqda, 19-sentabr, 2019-yil

AQSh Prezidenti Donald Tramp Saudiya Arabistoni neft inshootlariga hujumda Eronning qo’li borligi haqidagi hujjatlar bilan tanishgach, Tehronga qarshi qo’shimcha sanksiyalar tayyorlashni buyurdi.

Xalqaro hayot - 19-sentabr, 2019-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:21 0:00

Moliya vaziri Stiven Mnuchinga amaldagi jazo choralarini kuchaytirish ko’rsatmasi berilgan. Tramp, shuningdek, milliy xavfsizlik maslahatchisi lavozimiga yangi odamni tayinladi.

O’tgan hafta Saudiya neft inshootlariga dron va qanotli raketa hujumlarini Yamandagi hutiy isyonchilar o’z bo’yniga oldi. Biroq AQSh rasmiylari raketalar Erondan kelgani haqida dalillar bor, demoqda.

Tramp Moliya vazirligiga Eronga qarshi sanksiyalarni keskin oshirishni buyurdi. Amerika siyosatchilari tomonidan Eron neft inshootlariga hujum qilish da’vatlari ham yangramoqda. Tramp bunga hozircha ehtiyoj yo’q, deydi.

“Qonli ishlarni qilishga hali ulguramiz. Urushni boshlash oson. Bir oz kutaylik. Salohiyatimiz kuchli. Agar bu ishni qilishga majbur qolsak, hech ikkilanmasdan qo’l uramiz”, - dedi Tramp.

Bu haqda Kaliforniyada so’zlagan AQSh prezidentiga uning yangi tayinlangan milliy xavfsizlik bo’yicha maslahatchisi Robert Obrayen hamrohlik qilmoqda.

“Vaziyatni yaqindan kuzatyapmiz. Prezidentga beradigan maslahatlarim maxfiy bo’ladi”, - dedi u.

Saudiya Arabistoni Mudofaa vazirligi namoyish etgan qanotli raketalar va dronlar qoldiqlari “Aramko” neft kompaniyasi inshootlariga hujumlarda qo’llangani va Eronga tegishli ekani aytilmoqda.

“Eron rejimi va Islomiy inqilob posbonlari korpusi komponentlar va texnologiyalar ularniki ekanini yashirishga urinmoqda. Ammo xato qilishadi. Bizda ularga qarshi yetarlicha dalil bor va bu dalillarni Birlashgan Millatlar Tashkilotiga topshirib, bundan keyingi harakatlarimizni xalqaro qonun doirasida amalga oshiramiz”, - dedi vazirlik so’zlovchisi polkovnik Turkiy Malikiy.

AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo Riyodda valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon bilan ko’rishib, raketalar qayerdan uchirilishidan qat’i nazar hujumlar Eron tomonidan urush harakati, deb aytdi. Pompeo Birlashgan Arab Amirliklarida ham bo'lib, Abu-Dabi valiahd shahzodasi Muhammad bin Zayed Nahyon bilan uchrashdi. Uning aytishicha, bu uchrashuvlar unga Eron harakatlariga qanday javob berish kerakligi haqida tasavvur bergan va Pompeo bu ma'lumotlarni Trampga uzatmoqchi.

Tehron ayblovlarni inkor etmoqda. Yamandagi hutiylar so’zlovchisiga ko’ra, isyonchilar harbiy salohiyatini ancha kuchaytirgan.

“Ilk bor shuni bildirmoqchimizki, Birlashgan Arab Amirliklari, xususan Abu-Dabidagi o’nlab nishonlarni istalgan payt urishga qodir salohiyatimiz bor”, - dedi Yahyo Sariya.

Arab Ligasi rahbarlari Eronni Yaman ichki ishlariga aralashishni bas qilishga chaqirdi.

“So’nggi paytlarda hutiylar qarorlarini mustaqil qabul qilmasligi, boshqa mamlakatdan ko’rsatmalar olayotgani ma’lum bo’ldi. Eronga qo’lini Yamandan olishini va jangarilarni pul va qurollar bilan ta’minlashni bas qilishni yana bir bor aytamiz”, - dedi liga Bosh kotibi Ahmad Abul G’ayt.

Eron Tashqi ishlar vaziri Muhammad Javod Zarif Eron AQSh yoki boshqa mamlakat hujumiga uchrasa, mintaqada katta urush boshlanishi haqida ogohlantirdi.

"Bayonotim jiddiy. Urush tarafdori emasmiz, harbiy to'qnashuvgacha borishini xohlamaymiz, ammo o'z hududimizni himoya qilishga shaymiz", - dedi u.

"Eron katta urush haqida gapirayotgan bir paytda biz koalitsiya tuzib, tinchlikka erishish uchun diplomatiya doirasida harakat qilishga kelishyapmiz", - dedi Pompeo shahzoda Nahyon bilan uchrashuvdan so'ng.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG