Breaking News

Immigratsiya - Kongress saylovlaridan oldin muhim mavzu


Immigratsiya mavzusi noyabrda bo’ladigan Kongress saylovlarigacha respublikachi nomzodlar diqqat markazida bo’lishi kutilmoqda. Prezident Tramp saylovchilar uning noqonuniy muhojirlikka qarshi siyosatini qo’llab-quvvatlab, saylovlarda partiyadosh nomzodlarni demokratlardan ustun qo’yishiga umid qilmoqda.

Xalqaro hayot - 28-iyun, 2018-yil Immigratsiya - Kongress saylovlaridan oldin muhim mavzu
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:27 0:00

Biroq Oq uyning immigratsiyaga doir siyosati so’nggi kunlarda keskin tanqidga uchrar ekan, bunday strategiya teskari natija berishi ham mumkin. Chegaradan o’tgan muhojirlardan farzandlarining olib qo’yilishi katta shov-shuvga sabab bo’ldi.

So'nggi haftalarda noqonuniy muhojirlarning 2000 dan ziyod farzandlari ota-onalaridan ajratib qo'yilgan edi. Tramp fikridan qaytganidan so'ng hozir ular oilalari bilan qovushmoqda.

Seshanba kuni Amerika fuqarolik erkinliklari ittifoqi tashkiloti da'vosini ko'rib chiqgan Kaliforniya sudi federal hukumatga besh yoshgacha bo'lgan bolalarni 14 kun ichida, qolganlarini esa 30 kun ichida ota-onalariga qaytarishni buyurgan.

Janubiy Karolinada saylovchilar bilan uchrashgan Tramp immigratsiya masalasi bo’yicha demokratlarga hujum qildi.

“Demokratlarga qolsa, chegaralar ochilib, jinoyatchilik gurkirasa. Biz chegaralarning qattiq nazorat etilishini istaymiz. Siyosatimiz tufayli so’nggi 70 yilda ilk bor chegaradan noqonuniy ravishda eng kam odam o’tgan”, - dedi Tramp.

O’tgan hafta prezident migrant bolalarni ota-onalaridan ajratish amaliyotini to’xtatdi. Ammo ma’muriyat noqonuniy immigratsiyaga qarshi qattiq turadi, deydi Adliya vaziri Jeff Seshns.

“Mamlakatga noqonuniy kirganlarni jazolaymiz. Ammo oilalarni bir-biridan ayirmaslikka harakat qilamiz”, - dedi u.

Tramp siyosati mamlakat bo’ylab noroziliklarga, namoyishlarga sabab bo’lmoqda.

“Odamlar bunday siyosatga qarshi turishi kerak. Irqchilik bizda o’tmaydi”, - deydi texaslik namoyishchilardan biri.

Migrant ota-onalardan bolalarini olib qo’yishgach, bir necha shtat Tramp ma’muriyatini sudga berdi, jumladan Nyu-York shtati.

“Gap demokratlar yoki respublikachilar, liberallar yoki konservatorlar haqida emas. Bolalarga oddiy muomala haqida gap ketyapti, qadriyatlar, insof haqida gap ketyapti”, - deydi gubernator Endryu Kuomo.

Tramp immigratsiya va chegara xavfsizligiga doir siyosati orqali tarafdorlarini noyabr saylovlariga hozirlamoqda, deydi tahlilchi Larri Sabato.

“Respublikachilarga demokratlar yoki mustaqil saylovchilarning fikri qiziq emas. Ular o’z saylovchilari haqida qayg’urmoqda, tarafdorlari, asosan, immigratsiyaga qarshi odamlar”, - deydi ekspert.

So’nggi ommaviy so’rov natijalariga ko’ra, Trampning respublikachi saylovchilar orasida reytingi oshgan. Boshqa saylovchilarning e’tiborsiz qolayotgani tarafdorlari safini kengaytirishga imkon bermayapti, deydi sotsiolog Frenk Nyuport.

“Demokratlar Trampga ovoz bermasligi aniq. Respublikachilar esa siyosatidan qat’i nazar uni qo’llab-quvvatlaydi. Agar bu ikki guruh pozitsiyasi o’zgarmasa, Trampning umumiy reytingi ko’tarilmaydi”, - deydi Nyuport.

Shu hafta respublikachi qonunchilar taklif etgan immigratsiya tizimi islohotiga doir qonun loyihasi AQSh Kongressi Vakillar palatasida o'tmadi. Prezident Donald Trampning ovoz berishdan oldin qilgan murojaati ham yordam bermadi. Muxolifatdagi demokratlar va respublikachi qonunchilarning ayrimlari loyihaga qarshi ovoz berdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG