Breaking News

"Og'ir artilleriya" respublikachilarga yordam bera oladimi?


Kongress saylovlariga sanoqli kunlar qolganda Prezident Donald Tramp seshanba kunigacha sakkiz shtatdagi 11 ta namoyishda ishtirok etib, saylovchilarni Respublikachilar partiyasidan nomzodlarni ovoz berishga da’vat etishga ulgurmoqchi. Mamlakatda saylovoldi kayfiyat qanday, qanday sabablar odamlarni ovoz berishga undamoqda?

Ayrim bashoratlarga ko’ra, respublikachilar Vakillar palatasida ko’pchilik maqomini 6-noyabr saylovlarida demokratlarga boy berishi mumkin. Buning oldini olish uchun “og’ir artilleriya” - Prezident Tramp Senatdagi ayrim o’rinlar uchun saylov murosasiz o’tishi kutilayotgan shtatlarda tashviqot ishlariga zo’r bermoqda.

AQSh Konstitutsiyasi prezidentga tashviqot ishlarini olib borishni man qilmaydi. Shu sabab davlat rahbarining da’vati nomzodlarga qo’shimcha ovozlar keltirishi mumkin.

“Prezidentning siyosatdagi o’rni katta. Kongress saylovlarida o’zi qatnashmasa-da, uning natijalari prezidentga bo’lgan ishonch darajasini ko’rsatadi. Prezident har bir saylovda ham hal qiluvchi rol o’ynamasligi mumkin, ammo saylovchilar qaroriga ta’sir qilishi shubhasiz”, - deydi “Amerika Konservatorlari ittifoqi raisi Matt Shlap.

Trampning ayrim tanqidchilariga ko’ra, u hissiyotga to’la chiqishlari bilan jamiyatda taranglik, norozilik, g’azab hissini kuchaytirdi. Masalan, Pitsburgdagi sinagogaga qilingan qonli hujumdan keyingi ba’zi gaplari.

“So’nggi kunlar ichidagi muhitning saylovga qanday ta’sir qilishini bilmaymiz hozircha. Biroq bo’lgan voqea odamlarni ayrim masalalardan, prezident urg’u bermoqchi bo’lgan immigratsiya, migrantlar karvoni mavzularidan chalg’itdi. Hozir u saylovchilar diqqatini shu mavzularga qaytarmoqchi”, - deydi jurnalist Jim Meloun.

Demokratlar munozarani prezident ko’tarayotgan mavzulardan sog’liqni saqlash tizimiga ko’chirishga urinmoqda.

“Sog’liqni saqlash masalasi xalq uchun ham, demokratlar uchun ham muhim. Axir respublikachilar Obama paytida qabul qilingan sug’urtani ham, sug’urtada uni xarid qilishdan oldin mavjud bo’lgan kasalliklarni qoplaydigan bandini ham bekor qilishga urindi”, - deydi sobiq demokrat kongressmen Martin Frost.

Siyosiy kuzatuvchilarning aytishicha, respublikachilar Vakillar palatasidan umidini uzishi mumkin, ammo Senatdagi ko’pchilikni saqlab qolishga imkon bor.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG