Breaking News

Dushanba kuni Oq uy AQShning yangi Milliy xavfsizlik strategiyasini e’lon qildi. Salkam 11 oy oldin ish boshlagan Prezident Donald Tramp televideniye orqali hujjatni qisqacha izohladi. Unda AQSh oldidagi eng katta tahdidlar haqida gap boradi. Harbiy mavzulardan tashqari savdo, energetik mustaqillik, soliq islohoti kabi iqtisodiy mavzular ham strategiyadan o'rin olgan.

68 sahifalik hisobot Kongress talabiga ko'ra har yili yangilanadi. Unda har bir ma'muriyatning tashqi siyosatga doir qarashlari bitiladi. Hujjatning yangi ko'rinishida kiber-xavfsizlikka ham katta urg'u beriladi.

“Strategiyamiz Amerika ta’sirini dunyo bo’ylab yoyishdan iborat. Buning uchun avval o’z zaminimizda boylik va qudratimizni oshirishimiz zarur. Amerika liderlikni yana qo’lga oladi. Hayot uslubimizni boshqalarga singdirmoqchi emasmiz, ammo qadriyatlarimizni tortinmay targ’ib qilamiz”, - dedi Tramp.

Trampning aytishicha, Rossiya va Xitoy revizionist davlatlar bo'lib, dunyodagi tartibni o'zgartirishga intilmoqda.

“Xohlaymizmi, yo’qmi, yangi raqobat davrida yashayapmiz. Dunyo bo’ylab harbiy, iqtisodiy va siyosiy jabhalarda katta musobaqalar ketayotganini tan olamiz. Qo’shma Shtatlar va ittifoqchilarimizga tahdid solayotgan yovuz rejimlar bizga ro’baro’ bo’lgan. Terror tashkilotlari, xalqaro jinoiy to’dalar, zo’ravonlik va zulm urug’larini sochayotgan guruhlar qarshimizda turibdi. Rossiya va Xitoy kabi kuchli davlatlar Amerikaning ta’siri, qadriyatlari va boyligiga qarshi chiqmoqda”, - dedi Tramp.

Yangi Milliy xavfsizlik strategiyasida Shimoliy Koreya va Eron ham tahdid sifatida tilga olinadi. Unga ko'ra, Pxenyan ommaviy qirg'in qurollarini rivojlantirishga zo'r bermoqda, Tehron esa terrorizm va beqarorlikni qo'llab-quvvatlamoqda.

“Shimoliy Koreyani yolg’izlatish uchun ittifoqchilarimizni birlashtirishga erishdik. Ammo oldinda hali ancha ish bor. Koreya yarimorolini yadrodan xoli qilish uchun va bu rejim dunyoni ortiq qo’rqitmasligi uchun biz va ittifoqchilarimiz bor choralarni ishga solamiz”, - dedi AQSh prezidenti.

Trampning aytishicha, oldingi xavfsizlik strategiyalarida iqtisodiy xavfsizlik e’tibordan chetda qolgan.

“O’tmishdagi rahbarlarimiz Amerika tamoyillaridan chekindi. Amerikaning taqdiri qanday ekanini unutishdi, Amerikaning buyukligiga ishonchni yo’qotishdi. Bundan fuqarolarimiz zarar ko’rdi. Ular hukumatga, kelajakka ishonmay qo’ydi. Ammo o‘tgan yildan beri hamma narsa o’zgara boshladi”, - dedi Tramp.

Demokratiyalar jamg’armasi tashkiloti vakili Deyvid Adesnikning aytishicha, Tramp diplomatiyaga suyangan xavfsizlik strategiyasidan voz kechdi.

“Men ham buni o’tmishdagi siyosatning zaif tomoni deb bilaman. To’g’ri, diplomatiya qancha faol bo’lsa, tomonlar bir-birini yaxshiroq tushuna boshlaydi. Ayniqsa, demokratik davlatlar doim shu yo’ldan boradi. Biroq ko’p hollarda bunday yondashuv ish bermadi, demak, siyosatga o’zgartirish kiritish vaqti keldi”, - deydi ekspert.

Sobiq prezident Barak Obama o’z Milliy xavfsizlik strategiyasida demokratiya targ'iboti va inson huquqlari himoyasiga, iqlim o'zgarishiga qarshi kurashga urg'u bergan edi. Ammo Tramp o'zgacha yondashuv tarafdori, bu jabhalarni milliy xavfsizlik uchun muhim deb ko'rmaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG