Breaking News

Trampning muzokara olib borish taktikasi nimadan iborat?


O’tgan payshanba kuni Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen Un bilan yuzma-yuz muloqotdan voz kechgan AQSh Prezidenti Donald Tramp ikki mamlakat o’rtasida aloqalar yaxshilansa, Kim Chen Un bilan uchrashishga tayyor ekanini bildirmoqda. Ba’zilar nazarida, bu Trampning muzokara qilish taktikasidir.

Xalqaro hayot - 29-may, 2018-yil - Trampning muzokara taktikasi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:58 0:00

Tramp Eron bilan imzolangan xalqaro yadroviy bitimdan chiqishi ketidan yangi bitim bo’yicha muzokaralarga tayyor ekanini ma’lum qildi.

“Yangi va davomiy kelishuv ularga ham kerak. Men bunga tayyorman”, - dedi Tramp.

Qo’shma Shtatlar o’tgan yili iqlim bo’yicha Parij bitimidan chiqqanida ham Tramp shunday degan edi.

“Hammamiz o’tirib, shartnomani qayta ko’rib chiqamiz va uni mukammallashtiramiz”, - degan edi AQSh rahbari.

Tramp erkin savdoga doir Trans-Tinch okeani hamkorlik bitimidan chiqqanida ham, sobiq Prezident Barak Obama paytida Kuba bilan aloqalarni yaxshilash siyosatini bekor qilganda ham shu kabi so’zlarni aytgan edi.

Endi esa o’xshash taktikani Shimoliy Koreyaga nisbatan qo’llamoqda. Prezidentlikka kelishidan oldin ko’chmas mulk bilan shug’ullangan uddaburo tadbirkor muzokaralardan to’satdan chiqishning foydasi haqida ko’p so’zlagan.

“Donald Tramp ko’chmas mulk bilan shug’ullangan paytlaridagi muzokara qilish uslublarini prezident sifatida xalqaro muzokaralarda ham qo’llamoqda. Qarshi tomonga bosim qo’yib, undan ko’proq narsa undirishga harakat qilasiz. Kelishuv ularga ko’proq kerakligini nazarda tutasiz. Shunda muzokaradan chiqsangiz, qarshi tomon qo’shimcha shartlaringizni ham qabul qiladi”, - deydi Vashigtondagi Kato tahlil institutidan Dag Bendou.

Biroq biznes muzokaralardagi usullar murakkab xalqaro muzokaralarda doim ham ish bermasligi mumkin.

“Tijoriy kelishuvlarda aksariyat hollarda ko’p narsa pulga taqaladi. Qarshi tomonga sal o’tib berib, bir oz pul ishlasangiz ham xursand bo’laverasiz”, - deydi tahlilchi.

Biroq xalqaro siyosatda puldan tashqari boshqa, kattaroq omillar ham bo’ladi, o’yin boshqa qoidalar bo’yicha olib boriladi, deydi Tramp biografiyasi muallifi Gvenda Bleyr.

“Tramp ko’chmas mulk biznesida katta bo’ldi. Otasi bilan qurilish loyihalari bilan shug’ullangan. Imoratlarni qanday qurishni yaxshi biladi. Buning uchun katta tayyorgarlik ko’rish shart emas. Biroq Shimoliy Koreya haqida ma’lumoti yo’q. O’ylaymanki, ko’pchilik bu mavzudan bexabar”, - deydi yozuvchi.

Trampning tarafdorlariga ko’ra, u Amerika xalqi foydasini o’ylab muzokara qiladi. Biroq hozircha na Eron yadro dasturi, na Parij iqlim bitimi, na Trans-Tinch okeani hamkorlik kelishuvi bo’yicha yangi hujjatlar imzolangan.

Shimoliy Koreya bilan muzokaralarda bunday usul ish beradi deyishga hali erta.

Janubiy Koreyaning “Ryonxap” axborot agentligi tarqatgan xabarga ko’ra, Shimoliy Koreyaning yuqori lavozimli rasmiylaridan biri avval Xitoyga safar qilgan, chorshanba kuni esa Nyu-Yorkka borishi kutilmoqda. Kuzatuvchilar buni Prezident Tramp va Kim Chen Un o’rtasida rejalanayotgan muloqotga tayyorgarlik sifatida ko’rmoqda.

Yakshanba kuni AQSh va Shimoliy Koreya rasmiylari Janubiy Koreya bilan chegaradagi betaraf zonada uchrashgan, Oq uy ma’muriyati rahbarining o’rinbosari Jo Xeygin va yana bir necha rasmiy muloqot joyi deb e’lon qilingan Singapurga yo’l olgan.

12-iyunga belgilangan tarixiy uchrashuvdan oldin Tramp Yaponiya Bosh vaziri Shinzo Abe bilan yuzma-yuz ko’rishmoqchi.

Oq uyning bildirishicha, ular Kim bilan uchrashuvdan oldin muzokara qilinadigan mavzular xususida gaplashib olmoqchi.

Abe-Tramp uchrashuvi qachon bo’lishi hozircha e’lon qilinmadi.

Shanba kuni Kim Chen Un bilan muloqot qilgan Janubiy Koreya Prezidenti Mun Jey Inning aytishicha, Shimoliy Koreya rahbari yadro dasturidan voz kechishga tayyor, biroq AQShning o’z mamlakatiga nisbatan sovuq munosabatidan xavotirda hamda Qo’shma Shtatlar Shimoliy Koreyadagi tuzum xavfsizligini qanday kafolatlashi mumkinligini bilmoqchi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG