Breaking News

Shimoliy Koreyaning "Rojdestvo hadya"sidan darak yo'q


Shimoliy Koreya rahbari Qo’shma Shtatlar Rojdestvogacha iqtisodiy sanksiyalarni yumshatmasa, “Rojdestvo sovg’amiz bor” deb qo’rqitgan edi. Biroq bayram o’tib ham hadyadan darak yo’q.

Oq uyning bildirishicha, agar Pxenyan yadro dasturi sabab vujudga kelayotgan ziddiyatlarni yanada kuchaytirishga harakat qilsa, Qo’shma Shtatlar diplomatiyadan boshqa usullarni ishga solishi mumkin.

Ayrim kuzatuvchilar Kim Chen Un ballistik raketa yoki yadro qurolini sinaydi, deb o’ylagan edi. Do’q-po’pisaning mavhumligi, deydi tahlilchilar, Kim Chen Unning turib qolgan muzokaralardan hafsalasi pir bo’lganini ko’rsatmoqda.

Prezident Donald Tramp Shimoliy Koreyaning “Rojdestvo hadyasi” haqida hazil ham qildi.

“Ko’raylikchi qanaqa sovg’a ekan. Balki yaxshidir. Balki raketa uchirish o’rniga menga chiroyli vaza yuborar? Biror yaxshi sovg’a yo’llar. Yana bilmadim”, - dedi Tramp bir necha kun avval.

Tahlilchilar Shimoliy Koreya orbitaga sun’iy yo’ldosh uchirishi mumkin degan taxminni ham olg’a surdi.

AQSh milliy xavfsizlk maslahatchisi Robert Obrayen Trampning Kim bilan shaxsiy munosabatlari ish berishi mumkin, deydi.

“Kim Chen Un Koreya yarimorolini yadrodan xoli qilishga so’z bergan. Va’dasini bajaradi degan umiddamiz. Aks holda Qo’shma Shtatlar boshqa usullarni ko’rib chiqadi”, - dedi Tramp maslahatchisi.

Bu lavozimda Obrayandan oldin ishlagan Jon Bolton Shimoliy Koreya yadro dasturidan voz kechishiga ishonmagan edi. Obrayenning aytishicha, Tramp Pxenyan bilan muloqot davomida sabrli bo’ldi.

“Uning oldida ikki yo’l bor. Birinchisi Shimoliy Koreya xalqini farovonlikka yetaklaydi. Pxenyan qo’shni Janubiy Koreya kabi boy, to’q davlatga aylanishi mumkin. Ikkinchi yo’l esa sanksiyalar va yakkamoxovlikka olib boradi”, - dedi Oq uy rasmiysi.

Shimoliy Koreya joriy yilda 13 marotaba qisqa masofali raketalarini sinadi. Tramp ularni jiddiy qabul qilmadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG