Tramp Obamani uning qo'ng'iroqlarini kuzatishni buyurganlikda ayblamoqda

  • Amerika Ovozi

AQSh Prezidenti Donald Tramp sobiq Prezident Barak Obamani o’tgan yilgi saylov kampaniyasi paytida uning telefon suhbatlarini yashirincha tinglashni Federal qidiruv byurosiga buyurganlikda ayblamoqda.

FBR Rossiyaning saylovlarga aralashgani haqidagi da’volarni tergov qilarkan, Oq uy Obama ma’muriyatiga qarshi qo’yilayotgan da’volarni ham tekshirishni talab qilmoqda.

“Amerika xalqi bunga doir haqiqatni bilishga haqli”, - dedi Oq uy vakili Sara Sanders.

AQSh qonunlariga ko’ra, biror shaxs telefon suhbatlarini yashirincha tinglash uchun suddan ruxsat olish kerak.

Milliy razvedka xizmati sobiq raisi Jeyms Klapper Tramp saylov shtabi joylashgan Nyu-Yorkdagi Tramp minorasini yashirincha kuzatish haqida sud qarori bor-yo’qligidan bexabar ekanini aytadi.

Oq uy sobiq matbuot kotibi Josh Ernest Obama qonunga xilof ish tutganini inkor etadi.

“Obama Tramp minorasiga quloq tutishni buyurgani yolg’on. Oq uyning yangi sohibi buni balki bilmas, lekin AQSh prezidenti Amerika fuqarosini yashirincha kuzatishni buyurish vakolatiga ega emas”, - deydi Ernest.

Tramp bunday xulosaga qanday kelganini oshkor etmayapti. Ayrim respublikachi qonunchilar masaladan xavotirda.

“Prezidentning sobiq rahbar qonunni buzgani haqidagi da’volaridan tashvishdaman”, - deydi respublikachi senator Lindsi Grem.

Demokratlar nazarida esa, Tramp Rossiyaning uning saylanishiga yordam bergani haqidagi gaplardan xalqni chalg’itmoqchi.

"Amerika prezidenti asossiz ayblovlari bilan demokratiyamizni behurmat qilmoqda", - dedi kongressmen Adam Shiff.

Demokratlarning Vakillar palatasidagi sardori Nensi Pelosiga ko'ra, Tramp qo'lida Obamaga qarshi hech qanday dalil yo'q.

Oq uy Kongressdagi mas'ul qo'mitalarni masalani tergov qilishga chaqirdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Fikringiz

XS
SM
MD
LG