Breaking News

AQSh xalqaro harbiy nazorat bitimidan chiqishini bildirdi


Prezident Donald Tramp Qo’shma Shtatlar “Ochiq osmon” kelishuvidan chiqishi haqida 19-noyabr kuni ma’lum qildi. 18 yil oldin imzolangan ko’p tomonlama bitim qurollanmagan razvedkachi samolyotlarga shartnomaga qo’shilgan davlatlar uzra erkin parvoz qilish huquqini beradi.

AQSh va Rossiya bitimga a’zo 35 mamlakat qatorida bo’lib, Trampning aytishicha, Moskva shartnomaga amal qilmayapti. Qo’shma Shtatlar a’zo mamlakatlarni shartnomadan chiqish istagi haqida hujjatga ko’ra olti oy oldin xabardor qilayotganini bildirmoqda.

“Rossiya bilan aloqalarimiz juda yaxshi, ammo u bitimga rioya qilmayapti. Hujjatga rioya qilmasa, undan chiqamiz”, - dedi Tramp.

AQSh rahbari kelajakda shartnomaning yangi ko’rinishi bo’yicha kelishuv bo’lish ehtimoliga ishora qildi.

“Yangi shartnomaga kelishish yoki eskisini qayta ko’rib chiqish uchun yaxshi imkoniyat bor. Amerikaning dunyo bo’ylab ko’plab shartnomalari bor. Ikki tomonlama bitimga Amerika rioya qilsayu, qarshi taraf uni bajarmasa, kelishuvdan chiqamiz. Qurol nazoratiga doir bitimga kelganda Rossiya bilan qayta kelishishimiz mumkin. Balki Xitoyni ham unga qo’sharmiz. Ko’ramiz”, - dedi Tramp.

Unga ko’ra, AQSh bitimdan chiqishi haqida ma’lum qilishi bilan Rossiya kelishishga harakat qiladi.

“Ochiq osmon” haqidagi bitim xalqaro tinchlikni ta’minlash va o’zaro ishonchni kuchaytirishga qaratilgan tashabbus bo’lib, razvedka samoloyotlari parvozlari paytida harbiy inshootlar ko’zdan kechiriladi, qurol nazoratiga doir kelishuvlar ijrosi tekshiriladi.

AQSh nazarida, Rossiya Kaliningrad va Gruziya bilan janubdagi chegarasini havodan inspeksiya qilishga ruxsat bermayapti, garchi shartnomada har ikki hudud ustidan parvozga ruxsat bo’lsa-da.

AQShning yaqinda lavozimidan ketgan mudofaa vaziri Mark Esperning Senat Qurolli kuchlar qo’mitasida aytishicha, Rossiya ko’p yillardan beri g’irromlik qiladi.

Kreml ayblovlarni inkor etmoqda.

Tramp prezidentligi paytida bir necha xalqaro shartnomani Amerika manfaatlariga zid deb, ulardan chiqishni buyurgan. Rossiya bilan imzolangan o’rta masofali raketalarni cheklash bitimi, iqlim o’zgarishiga qarshi kurashga qaratilgan Parij bitimi, Tinch okeani bo’yidagi davlatlar o’rtasida savdo va iqtisodiy hamkorlikni nazarda tutgan kelishuv, Eron yadro dasturiga doir xalqaro shartnoma shular jumlasidan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG