Polsha Trampni kutmoqda, Amerika rahbarining Sharqiy Yevropaga ilk safari

  • Amerika Ovozi

Tramp Polshaga uchib ketishdan oldin

Payshanba kuni Donald Tramp Polshada bo'lib, Varshava markazida omma oldida nutq so’zlaydi, Sharqiy Yevropa mamlakatlari rahbarlari bilan uchrashadi.

Oq uyning bildirishicha, Tramp NATOni qo’llab-quvvatlaydi, ammo tashkilotga a’zo har bir davlat mudofaa xarajatlaridan qochmasligi kerak, deb hisoblaydi. Polshada shu haqda ham gap ketadi.

Tramp Polshaning Ikkinchi jahon urushi qahramonlariga bag’ishlangan Krasinski maydonida ma’ruza qiladi.

Varshavaliklar uning tashrifini orziqib kutmoqda. Sovet Ittifoqi qulaganidan beri Polsha AQShning yaqin hamkoridir.

“Urush paytida Varshava butkul vayron bo’lgan edi. Shu sababdan, xavfsizlik biz uchun asosiy masala. Harbiy qudratini ko’z-ko’z qilayotgan Rossiyaga qo’shnimiz”, - deydi polshalik tahlilchi Marsin Zaborovskiy.

Polshaning NATOga bog’liqligini shu omil bilan izohlash mumkin.

“Aksariyat polyaklar AQSh qo’shinlarini Polshada qoldirishini, NATO nizomining beshinchi moddasidan chekinmasligini, ya’ni boshga balo tushganda yordamga kelishini xohlaydi”, - deydi Varshava universiteti professori Zbignev Leviski.

Tramp yonilg’i mustaqilligiga bag’ishlangan “Uch dengiz tashabbusi sammiti”da ham qatnashib, iqtisodiy xavfsizlik haqida gapiradi. Polsha Amerikaning suyultirilgan tabiiy gaz importlari taqsimlanadigan markazga aylanishni istaydi.

“Hozir gazning katta qismini “Gazprom”dan, Rossiyadan olamiz. Ular esa gaz yordamida bizga, Ukrainaga ta’sirini o’tkazmoqchi”, - deydi professor Leviski.

Tramp tarafdorlariga ko’ra, AQSh va Polsha hukumatlari o’xshash siyosat yuritmoqda. Ayrimlar Trampning tashrifi Sharqiy va G’arbiy Yevropa mamlakatlari o’rtasidagi kelishmovchiliklarni yanada kuchaytirishi mumkin, deya xavotir olmoqda.

“Tramp Yevropadagi ba’zi mamlakatlarni ko’proq yoqtiradi, ba’zilarini kamroq, ba’zilari bilan til topisha olmaydi”, - deydi tahlilchi Zaborovski.

Tramp siyosatiga qarshilar esa AQSh elchixonasi yonida norozilik namoyishi qilmoqchi.

“Uning millatchi harakatlari yoki iqlim o’zgarishiga doir Parij bitimidan chiqish qaroriga qo’shilmaymiz”, - deydi Polshaning “Birgalikda” partiyasi a’zosi Marselina Zavisla.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG