Breaking News

Amerika siyosatida odobga joy qolmayapti


AQShda siyosiy bo’linish kuchayar ekan, siyosiy suhbat, munozara me’yori bo’yicha bahslar ham kuchaymoqda. Konstitutsiyaning birinchi tuzatishi so’z erkinligini kafolatlaydi, biroq me’yor haqida lom-mim deyilmagan.

Tramp ma’muriyati noqonuniy migrantlarga qarshi mutlaq toqatsizlik siyosatini joriy etganidan beri Oq uy rasmiylari ayrim oshxona va muassasalarda sovuq qarshilanmoqda.

Masalan, Ichki xavfsizlik vazirasi Kirstyen Nilsen yoki Oq uyning immigratsiya masalalari bo’yicha maslahatchisi Stiven Millerni Meksika taomlari restoranlarida izza qilishdi.

Virjiniyadagi bir restoran egasi esa Oq uyning transgender shaxslarga nisbatat siyosatini qoralab, Trampning matbuot kotibasi Sara Sandersdan oshxonasini tark etishni so’radi.

“Prezident Tramp qo’lida ishlayotganim uchun shunday qilishdi. Bir-birimizning fikrimizga qo’shilmasligimiz mumkin, ammo buni oqibatlaridan qo’rqmasdan qilishga imkon bo’lishi kerak”, - dedi rasmiy.

Siyosiy bo’linish kuchaygan sari zaharxandalik ham kuchaymoqda. Prezidentlar tarixchisi va Trampning tanqidchisi Alan Lixtman bunda hozirgi davlat rahbarini ayblaydi.

“Siyosiy odob degan narsa yo’qoldi. Tramp siyosiy odobni oyoqosti qilish patformasida saylandi. Prezidentligi davomida shunday qilmoqda. Siyosiy raqiblarini qoraladi, masxara qildi, ularni yerga urdi”, - deydi Amerika universiteti professori.

Siyosiy bo’linishni ommaviy so’rov natijalaridan ham bilsa bo’ladi. Demokratlar prezidentga qarshi birlikda, biroq unga qanday qarshi turish haqida fikrlar bo’lingan.

“Agar Oq uy ma’muriyatining biror xodimini restoran, do’kon yoki yoqilg’i shoxobchasida ko’rib qolsangiz, odamlarni chaqirib, ularni o’sha yerdan haydang”, - deydi demokrat kongressmen ayol Maksin Uoters.

“Siyosiy raqiblarni kamsitishga da’vat etmaslik kerak. Bu to’g’ri emas. Amerikaliklarga xos emas”, - deydi demokrat senator Chak Shumer.

Jorj Vashington universitetida siyosiy nutqlar bo’yicha mutaxassis Maykl Kornfildning aytishicha, siyosiy qarashlarni bildirmoqchi bo’lgan odam asosiy mavzudan chetlashmasligi kerak.

AQSh Konstitutsiyasining Birinchi tuzatishi barcha turdagi so’z erkinligini, jumladan haqoratomuz nutqni ham himoya qiladi. Siyosiy sahnadagi asosiy kuchlar hozirda ana shunday ohangga berilgan ekan, umumiy muammolarni hal etishda bunday muloqotdan foyda bo’lmayapti.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG