Breaking News

Tramp Rossiya bilan hamkorlikka chaqiryapti, ba'zilar qarshi


Vyetnamda Donald Tramp bilan uchrashgan Rossiya Prezidenti Vladimir Putin mamlakatining AQSh saylovlariga aralashgani haqidagi da’volarni inkor etdi. Amerika razvedkasi ma’lumotiga ko’ra esa, Kreml okeanorti davlati ichki siyosatini o’zgartirishga qo’l urgan.

Ikki rahbar dam olish kuni Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorlik sammiti paytida uchrashib, ikki davlat aloqalari, Suriyadagi vaziyat va Rossiyaning AQSh saylovlariga aralashgani haqidagi da’volar xususida gaplashgan.

“Rossiya bilan hadeb jiqqalashgandan ko’ra u bilan do’stona aloqada bo’lsak, bundan dunyoga ham, mamlakatimizga ham foyda bo’ladi”, - dedi Tramp.

Unga ko’ra, sobiq Prezident Barak Obama va sobiq davlat kotibasi Xillari Klinton Rossiya bilan aloqalarni yangidan o’rnatmoqchi bo’lgan, ammo buning uddasidan chiqmagan. Oq uy rasmiylarining aytishicha, Tramp Rossiya bilan global muammolarni hal etishda hamkorlik qilishni istaydi.

“Saylovga aralashuv mavzusiga barham berish payti keldi. Prezident Tramp Putin bilan Shimoliy Koreya, Suriya kabi muhimroq mavzularda gaplashdi. Rossiya bilan aloqalarni yaxshilaganimiz, umumiy maqsadlar yo’lida hamkorlik qilganimiz yaxshiroq va muhimroq”, - dedi AQSh Moliya vaziri Stiv Mnuchin.

Tramp Osiyoga safari chog’ida global xavfsizlik va terrorga qarshi kurashga urg’u berdi.

“Tramp prezident bo’lganiga 9-10 oy bo’ldi. Meros bo’lib qolgan ko’plab muammolar bilan shug’ullanishga majbur. Shimoliy Koreya yadro dasturini kuchaytirdi, Eron atom dasturi bor, dunyoning ko’plab chekkalarida mojarolar davom etyapti. Prezident ana shu muammolarni hal qilishga harakat qilyapti”, - deydi Tramp maslahatchisi Kelian Konvey.

Biroq Markaziy razvedka boshqarmasi sobiq direktori Jon Brennan va Milliy razvedka sobiq rahbari Jeyms Klapperning Si-En-En telekompaniyasiga aytishicha, Rossiya va Xitoy rahbarlari Trampni o’ynatmoqda, Rossiyadan dunyo xavfsizligi yo’lida foydali ish qililshiga ishonish AQSh xavfsizligiga zarardir, deydi ular.

Shanba kuni yetakchi respublikachi senator Jon Makkeyn bayonot chiqarib, Trampning Putin bilan Suriya masalasida hamkorlik qilish rejasini tanqidga oldi. Unga ko’ra, Rossiya Suriyada siyosiy yechim yo’lidagi asosiy to’siqdir. Chunki Kreml, deydi Makkeyn, u yerdagi qotil rejimni qo’llab-quvvatlaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG