Breaking News

Oq uy: Donald Tramp prezidentlik uchun loyiq emas


Trampning musulmonlarga oid fikri keskin qoralanmoqda
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:22 0:00

Oq uyning ma'lum qilishicha, Donald Trampning musulmonlarni kamsituvchi so'zlarini qo'llab-quvvatlovchi har qanday nomzod mamlakatni boshqarishga loyiq emas. Tramp, agar prezident bo'lsa, AQShga musulmonlar kirishini taqiqlab qo'ymoqchi. Bahsli chiqishlari bilan tanilgan milliarder ommaviy so'rovlarda respublikachi nomzodlar orasida hanuz yetakchi. Ammo uning so'nggi gaplari nafaqat mamlakat ichida, balki xorijda ham keskin tanqidlarga duchor bo'ldi.

Tramp avval ham AQShga keluvchi yoki shu yerda yashovchi musulmonlarni alohida tekshirish kerak, degan fikrni olg'a surgan edi. Uning meksikalik immigrantlarga nisbatan aytgan haqoratomuz so'zlari ham shov-shuvlarga sabab bo'lgan. Parij va Kaliforniya xurujlari ketidan milliarder nomzodning qarashlari yanada keskinlashdi. Ammo u juda haddidan oshib ketdi, deydi Oq uy rasmiysi Josh Ernest.

"Tarafdor yo'qotishdan qo'rqib buning noto'g'riligini tan olmaydigan har qanday respublikachining prezident bo'lishga haqqi yo'q", - dedi u.

Vakillar palatasi spikeri, yetakchi respublikachi Pol Rayan ham Tramp taklifini Amerika qadriyatlariga zid deb atadi.

"Partiyamiz bu taklifni qo'llab-quvvatlamaydi. Mamlakatimizda bunday gaplarga o'rin yo'q", - dedi Rayn.

Respublikachi yana bir nomzod Ted Kruz Tramp fikriga qo'shilmasligini aytdi, ammo uni tanqid qilishni istamadi.

"Men chegaralarni mustahkamlashga Amerikaning diqqatini qaratayotgani uchun Donald Trampni olqishlayman", - dedi Kruz.

Demokratlar va boshqa rasmiylarning aytishicha, Tramp, ekstremistlar istaganidek, mamlakatni bo'lmoqda.

Dunyo bo'ylab esa bu fikrlar nodemokratik, irqchi va hatto ahmoqona deya ta'riflandi. Ayniqsa musulmon o'lkalarda, xususan, AQShning yaqin ittifoqchisi Turkiyada tanqidlar keskin bo'ldi.

"Bu juda bema'ni taklif. Avvalo, u inson huquqlariga va biz bilgan demokratiya tamoyillariga zid. Shuningdek, bu IShIDga qarshi kurashishning yaxshi yo'li emas. AQShda olti milliondan ortiq musulmon bor, aksariyati AQSh fuqarolari. Muammo Islomda emas, balki ekstremistlarda ekanini tushunish muhim", - deydi turkiyalik jurnalist Asli Oydintoshbosh.

BMTning Inson huquqlari bo'yicha bosh rasmiysi Zayd al-Hussayn Tramp taklifini "ulkan mas'uliyatsizlik" deb atab, bundan radikal guruhlar foyda topishini, aksincha, oddiy musulmonlar zarar ko'rishini ta'kidladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG