Trampning diqqati gaz va ko'mirda

  • Amerika Ovozi

Respublikachi va demokrat gubernatorlar Prezident Trampni shamol va quyosh energiyasini qo’llab-quvvatlashga undayapti. Prezident ko’mir va gaz qazib olishga moyillik bildirib, iqlimdagi salbiy o’zgarishning oldini olishga doir Parij bitimidan chiqishini aytgan.

Bu esa Amerikada muqobil energiya manbalari rivojiga jiddiy to’siq bo’lishi hech gapmas. Global tarzda taraqqiy etayotgan bu sanoat xodimlari esa Amerikadan yuz o’girib, Xitoyga jo’nashi mumkin.

Ogayo shtati Klivlend shahrida “PT Tech” firmasi og’ir sanoat ashyolarini yasamoqda.

“Kema qismlari, konchilik, ishlab chiqarish uchun zarur aslahalar”, - deydi Dag Xerr. U savdo bo’limini boshqaradi.

Ogayo Amerika bo’ylab shamol quvvati ishlab chiqarishda 26-o’rinda. Xerrning aytishicha, ogayoliklar shamol quvvati ahamiyatini bilmasliklari mumkin:

“Atrofda shamol turbinalari juda kam. Shunga qarab, Amerikada muqobil energiya sohasi taraqqiy etmagan deb o’ylaysiz. Holbuki, bizning kompaniyamiz va boshqalar buning uchun zarur jihozlar ishlab chiqarmoqda”.

Bu firmalar mahsulotiga talab oshib bormoqda. Kommunal xizmatlar o’tgan besh yilda aynan muqobil energiya hissasini oshirgan.

“Shamol energiyasi qancha taraqqiy etsa, sanoatda ish o’rinlari ham ko’payadi. Maqsadimiz ham shu”, - deydi Xerr.

Prezident Tramp esa neft, gaz va ko’mirga e’tiborni oshirmoqchi-yu, alternativ energiya manbalari haqida lom-mim demayapti.

Xerr nazarida bu xato:

“Agar hozirdan kelajak texnologiyalari ustida ishlab, ildamlamasak, ish o’rinlari Xitoyga ko’chib ketadi. Hindistonga ketadi mutaxassislar”.

Shamol turbinalari ishlab chiqaruvchi 10 kompaniyadan beshtasi, quyosh panellari yasovchi olti firmadan beshtasi Xitoyniki.

Pekin muqobil energiya sanoatini to’laqonli qo’llab-quvvatlamoqda, deydi ekspert Ranpin Song:

“Yashil texnologiya eksporti katta daromad keltirishini Xitoy juda yaxshi biladi”.

Bundan tashqari, hukumat mamlakatning bulg’angan havosini tozalash uchun shamol va quyosh energiyasiga sarmoyani oshirayapti, deydi Song.

Prezident Trampning bayonotlariga qaramay, Amerika muqobil energiya sanoatidan butunlay chiqish-chiqmasligi hali aniq emas.

Energetika vaziri lavozimiga nomzod Rik Perri yashil energiyaga xayrixoh ekanini aytmoqda:

“Texasda gubernator bo’lib ishlagan davrimda shtat shamol energiyani rivoji bo’yicha mamlakatda yetakchilikni qo’lga oldi. Bugun shtat besh mamlakatdan ortiq shamol energiyasi ishlab chiqaradi”.

2008-yildan beri shamol quvvati bahosi 41 foizga tushgan. Quyosh energiyasi bahosi 64 foizga arzonlagan. Bugun ko’mir va gaz bilan narxi deyarli bir xil. Bu yaxshi xabar, deydi Dag Xerr:

“Global iqlim isishiga ishonasizmi, yo’qmi, haqiqatni, bozordagi narxlarni tan olishga majbursiz”.

Muqobil energiya sohasi, Amerikadagi ishchi kuchi va iqlim uchun xush xabar bu.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG