Breaking News

"Rossiyageyt" qachon yakunlanadi?


Rossiyaning noyabr oyida AQShdagi prezident saylovlariga ta’sir qilishga harakat qilganiga doir tergovlar Prezident Donald Trampning Oq uydagi ilk 100 kunini xolis baholashga imkon bermayapti. Tergov davom etmoqda, Federal qidiruv byurosi va Kongressdagi taftish guruhi Tramp saylov shtabi va Kreml o’rtasidagi bog’liqlikni aniqlashga urinmoqda.

Yanvar boshida AQSh Milliy razvedkasining o’sha paytdagi direktori Jeyms Klapper Rossiya rahbari Amerika saylovlari natijasiga ta’sir qilishni buyurgani haqida aytgan edi.

“Prezident Putin Amerika xalqining mamlakatimizdagi demokratik jarayonlarga ishonchini yemirmoqchi, demokratlardan prezidentlikka nomzod Xillari Klintonning saylanishiga halaqit bermoqchi bo’ldi. Putin va Rossiya hukumati Trampning prezident bo’lishini xohlashgan”, - degan edi Klapper.

Ayblovlar, gumonlar ko’p, biroq dalillar hozircha yo’q.

Federal qidiruv byurosi direktori Jeyms Komi o’tgan yil iyulidan beri Rossiya hukumatining Tramp saylov shtabi bilan ehtimoliy aloqalari tergov qilinayotganini ma’lum qildi.

FBR bu masalada qonun buzilganmi, jinoyat sodir etilganmi, shuni aniqlamoqchi.

Tramp Rossiya bilan til biriktirgani haqidagi da’volarni uydirma deya inkor etdi. U qarshi hujumga o’tib, Obama ma’muriyatini o’tgan yili o’z saylov shtabi va xodimlarini yashirincha kuzatishni buyurganlikda aybladi.

Sobiq Prezident Richard Niksonning impichmentiga sabab bo’lgan “Uotergeyt” ishini 1972-yilda tergov qilgan sobiq prokuror Richard Ben-Vanestaning aytishicha, Trampga qarshi olg’a surilgan ayblovlar jiddiy.

“Demokratiyamiz va dunyodagi boshqa davlatlar demokratik tizimining zaif tomonlarini ko’rdik. Xakerlik, soxta xabarlar tarqatish va boshqa usullarga qarshi kurashishimiz kerak”, - deydi u.

AQSh qonunchilari tergov qancha vaqt olsa ham bu ishning tagiga yetmoqchi.

Senat Razvedka qo’mitasi Rossiyaning saylovga aralashgani haqidagi da’volarni taftish qilayotgan besh guruhdan biri. Vakillar palatasida tergov komissiyasiga bosh bo’lgan qo’mita raisi Devin Nunyes maxfiy hujjatlar mazmunini Oq uy bilan muhokama qilgani uchun komissiyani tark etdi.

Qo’mitaning maxfiy hujjatlarni ko’rishga vakolati bor yetti yuqori malakali xodimi minglab hujjatlarni ko’zdan kechirmoqda. Taftish komissiyasi kamida 20 odamni guvoh sifatida so’roq qilmoqchi, jumladan Trampning kuyovi va katta maslahatchisi Jared Kushnerni.

FBR rahbaridan tergov yana qancha davom etadi, deb so’rashganida, Komi aniq javob berishga qiynaldi.

Sobiq prokuror bu ish joriy yilda ham bitmasligini taxmin qildi.

“Guvohlarning tergov bilan hamkorligiga, tergovchilarga qo’shimcha ma’lumot berishi mumkin bo’lgan elektron ma’lumotlarning qo’lga kiritilishiga ko’p narsa bog’liq. Bir necha oyda bitadigan ishmas bu”, - dedi Richard Ben-Vanesta.

“Uotergeyt” ikki yil, 1980-yillardagi Eron-Kontras ishi esa olti yil tergov qilingan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG