Breaking News

Tramp Saudiya Arabistonini jazolashni lozim topmadi


Jamol Qoshiqchining surati
Jamol Qoshiqchining surati

Prezident Donald Tramp Saudiya Arabistoni bilan hamkorlikni, aloqalarni himoya qiluvchi bayonot chiqarib, qirollik jurnalist Jamol Qoshiqchining o’limi ketidan AQSh sanksiyalariga uchrashi mumkin degan taxminlarni yo’qqa chiqardi.

Tramp Saudiya Arabistonini jazolashni lozim topmadi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:24 0:00

Prezident Tramp AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi Qoshiqchini o’ldirishga buyruqni qirolning o’g’li, valiahd shahzoda Salmon bergan degan xulosasini o’z bayonotida tilga olmadi.

Trampning aytishicha, qirol va shahzoda qotillikka aloqador ekanini inkor etishgan. Bir emas, bir necha marta. Bu Tramp uchun razvedka idorasi xulosasidan kuchliroq dalil bo’lishi mumkin.

Shahzoda Muhammad bin Salmon bundan xabardor bo’lgan bo’lishi ham mumkin, xabardor bo’lmagan bo’lishi ham mumkin, dedi Tramp rasmiy bayonotda. Ya’ni Tramp bu ishning tagiga yetishga qiziqmasligini ochiq bildirmoqda.

“Jamol Qoshiqchining qotilligiga aloqador faktlarning hammasi ham umuman ayon bo’lmasligi mumkin”, - dedi Tramp.

AQSh rahbari nazarida, Saudiya Arabistoni Qo’shma Shtatlarning ishonchli hamkori bo’lib, asl dushman bu – Eron. Chunki Eron Suriyada dictator Bashar Assadga yordam bermoqda, Livanda Hizbulloh terrorchi guruhini yoqlamoqda, Yamanda Saudiya Arabistoniga qarshi kurash olib bormoqda.

Biroq Tramp Saudiya Arabistoni yetakchiligidagi arab davlatlari harbiy koalitsiyasi havo hujumlari natijasida tinch aholi o’layotganini, raketalar to’y marosimlari, maktablarni nishonga olayotganini, Yamanda 14 million odam ocharchilik yoqasida turganini tilga olmadi.

Tramp Qoshiqchining o’limiga Saudiya hukumati aloqadorligini bilsa-da, buni tan olmaslikni, qirollikni tanqid qilmaslikni afzal ko’ryapti. Chunki uning aytishicha, Saudiya Arabistoni AQShga Eronni jilovlashda yordam bermoqda, qirol va shahzoda neft narxlarini nazorat qilishda AQSh bilan maslahatli ish qilmoqda, va eng muhimi, Saudiya Arabistoni Amerikaga 450 milliard dollarlik sarmoya qilishga, jumladan AQShdan 110 milliard dollarga teng qurol sotib olishga so’z bergan. Bu amerikaliklar uchun yuzlab ish o’rinlari, AQSh iqtisodiyotiga katta turtki degani.

Tramp jurnalist Jamol Qoshiqchi Saudiya Arabistonida davlat dushmani deb e’tirof etilgan bo’lsa ham, ayrim mamlakatlarda ekstremistik guruh deb tan olingan “Musulmon birodarlar” tashkilotiga a’zo bo’lsa ham, uning o’limidan afsusdamiz, qotillikka aloqador saudiyalik 17 odamni qora ro’yxatga qo’shdik, dedi.

Trampning aytishicha, agar AQShning Saudiya Arabistoni bilan aloqalari yomonlashib, imzolangan shartnomalar bekor bo’lsa, qirollik qurollarni Rossiya va Xitoydan sotib olishga majbur bo’ladi.

Kongressdagi ayrim qonunchilar Tramp ma’muriyatini Qoshiqchining o’limi uchun Saudiya Arabistonini sanksiyalar bilan jazolashga da’vat etmoqda. Tramp bugungi bayonotida bu haqda shunday dedi:

“Agar qonunchilarning takliflari Amerika xavfsizligiga javob bersa, ularni ko’rib chiqishga tayyorman”, - dedi Tramp.

Jamol Qoshiqchi 2-oktabr kuni Saudiya Arabistonining Istanbuldagi konsullik xizmati binosiga kirib, qaytib chiqmagan. Turk tergovchilariga ko’ra, 2017-yilda qirollikdan qochib, Amerikada yashab kelayotgan muxbirni Turkiyaga maxsus borgan odamlar o’ldirishgan. Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’an Qoshiqchini o’ldirish uchun buyruq qirollikning eng yuqori doiralarida berilganini aytadi.

Turkiya rasmiylari qotillikka doir dalillar borligini bildirib, ularni oktabr oxirida Anqaraga borgan AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi direktori Jina Xaspelga bergan. Xaspel esa qotillik sahnasi yozilgan audioni Oq uyga taqdim etgan. AQSh matbuotiga ko’ra, boshqarma bu ish ortida shahzoda Salmon turganiga shubha qilmayapti. Ammo sobiq tadbirkor Tramp iqtisodiy farovonlik, moddiy manfaat u uchun birlamchi ekanini yana bir isbotladi.

Uning bugungi bayonoti “Amerika birinchi” degan shiori bilan boshlanadi.

  • 16x9 Image

    Odil Ruzaliev

    Odil O'zbek xizmatiga 2005-yilda kelgan. Diktor va prodyuser. AQShning Tafts Universitetida (Tufts University) xalqaro aloqalar sohasida magistrlik darajasini olgan. Ungacha O'zbekiston TV 1-kanalida ingliz tilidagi yangiliklar – FCN (First Channel News) – ko'rsatuvining muallif-boshlovchisi edi. "Axborot" dasturida mehnat qilgan. Odil ko'p yillar AQShning Toshkentdagi elchixonasi axborot bo'limida ishlagan. O'zbek, ingliz va rus tillarida chop etilgan qator maqolalar muallifi. Farg'ona shahrida tug'ilgan.

    Odil Ruzaliev is a reporter, radio and TV anchor, web editor and producer for Voice of America’s Uzbek Service since 2005. Prior to joining VOA, he worked at the State Radio and TV of Uzbekistan, BBC International’s Central Asia region, and was a regular Contributor for CNN World Report. He has also worked as an Information Assistant at the US Embassy in Tashkent, Uzbekistan. He was the creator and host of the TV program First Channel News, Uzbekistan’s first English language news broadcast. In his spare time he is a freelance photographer. A native of Ferghana Valley, Uzbekistan, Odil graduated from the Uzbekistan State World Languages University. In addition, he was an exchange student at Pace University in New York City and holds a master’s degree in international affairs from the Fletcher School of Law and Diplomacy at Tufts University in Medford, Massachusetts.

XS
SM
MD
LG