Breaking News

Demokratlar Trampni sudlashga oshiqmoqda


Demokrat qonunchilar

AQSh Senatida sobiq prezident Donald Tramp ustidan so’nggi ikki yilda ikkinchi sud bo’lib o’tmoqda.

Xalqaro hayot – 10-fevral, 2021-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:08:36 0:00

Demokratlar Trampni 6-yanvar kuni namoyishchilarni Kongress binosiga bostirib kirishga gijgijlaganlikda ayblamoqda. 50 nafar demokrat va 50 ta respublikachi qonunchidan iborat yuqori palata unga hukm chiqarishi kutilmoqda.

“Amerika tarixida AQSh prezidentiga qo’yilayotgan eng jiddiy ayblov bu”, - deydi demokratlarning Senatdagi sardori Chak Shumer.

200 dan ziyod odam 6-yanvar kungi voqealarga aloqadorlikda ayblanmoqda. Ular Tramp kabi prezident saylovlari natijalarini tan olishdan bosh tortgan.

“Amerika kelajagi bunday bo’lishi kerak emas. Prezidentlar xalq xohishini qabul qilishdan bosh tortgani uchungina xaloyiqni o’z hukumatimiz va davlat idoralarimizga qarshi isyonga qo’zg’atishi mumkin emas”, - deydi demokrat kongressmen Jeymi Raskin.

Yanvar voqealaridan beri Kapitoliyni politsiyadan tashqari Milliy gvardiya jangchilari ham qo’riqlay boshlagan.

“Prezident Tramp odamlarni Kapitoliyga hujum qilishga gijgijlashda yolg’iz va bevosita o’zi javobgar ekanini yetarlicha dalillar bilan isbotlab beramiz”, - deydi Vakillar palatasining yana bir demokrat a’zosi Deyvid Sisillin.

Tramp prezidentlikdan ketganidan so’ng impichment sudiga yuz tutgan ilk rahbardir.

“Prezidentlar vakolatining so’nggi haftalarida isyon qo’zg’atib, hech narsa bo’lmaganday ketishiga yo’l qo’ymaymiz”, - deydi demokrat kongressmen Jo Negus.

Tramp aybdor deb topilishi uchun 100 vakildan iborat Senatning uchdan ikki qismi – 67 qonunchi unga qarshi ovoz berishi kerak. Buning uchun 50-50 bo’lingan Senatdagi respublikachilarning 17 nafari hukm chiqarishda demokratlar bilan hamovoz bo’lishi lozim.

Tramp isyon qo’zg’atishda aybdor deb topilsa, senatorlar yana bir bor ovoz berib, uning kelajak siyosiy faoliyatini hal qiladi. Demokratlar Trampga nomzodini keyingi saylovlarda qo’yishni man qilmoqchi. Sobiq prezident advokatlari impichment jarayonidan asl maqsad ham shu ekaniga ishora qilmoqda.

“Ko’plab amerikaliklar haqiqatda nima bo’layotganini yaxshi bilib turibdi. O’z siyosiy manfaatlarini ko’zlayotgan bir guruh qonunchilar Trampni siyosiy sahnadan olib tashlab, uni saylovda qo’llab-quvvatlagan 74 million amerikalik saylovchi hamda Tramp bilan siyosiy masalada hamfikr odamlar ovozlarini yo’qqa chiqarmoqchi”, - deydi advokatlardan biri Deyvid Shon.

Sud bugun o’z ishini davom ettiradi. Demokrat va respublikachi qonunchilarga dalillarini keltirish uchun 16 soatdan vaqt beriladi. Jarayon shu hafta yakunlanishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG