Breaking News

Tramp bugun xalqqa yillik murojaat qiladi


Trampning 2019-yilgi murojaati, 5-fevral

5-fevral kuni AQSh Senati Prezident Donald Trampning impichment sudida ovoz berib, hukm chiqaradi. Bugun esa Tramp an’anaviy yillik murojaati bilan chiqadi.

Bungacha tarixda impichmentga uchragan faqat ikki prezident xalqqa yillik murojaatini yo’llagan. Richard Nikson va Bill Klinton. Tramp uchinchi shunday prezident bo’ladi.

Davlat rahbarlari Kongressning har ikki palatasi qonunchilari oldida o’tgan bir yilda qilingan ishlarni sarhisob qiladi, kelajak rejalari va vazifalarini bayon qiladi. Bill Klinton 1999-yilda xalqqa yillik murojaat qilganida Tramp kabi lavozimidan ketish xavfi bilan yuzlashgan edi.

Amerikaning 42-prezidenti o’z nutqida impichmentni tilga olmagan edi. Richard Nikson esa 1974-yilda murojaatining bir qismini o’zini himoya qilishga qaratdi.

“Bu va boshqa tergovlarga chek qo’yish vaqti keldi. “Uotergeyt” bir yilga cho’zildi. Yetar!” – degan edi 36-prezident.

Klintonning nutqi ancha jo’shqinroq edi.

“Klinton Amerikadagi ajoyib sharoitlar, kuchli iqtisodiyot, yangi ochilgan ko’plab ish o’rinlari, iqtisodiy tiklanish haqida gapirgan”, - deydi Vanderbilt universitetidan Tomas Shvarts.

Bu yilgi murojaat Tramp uchun yana shunisi bilan muhimki, u noyabrda qayta saylanishga umid qilmoqda.

“Iqtisodiyot gurkiramoqda, afro-amerikalik va latino aholi orasida ishsizlik har qachongidan kam. O’ylaymanki, prezident mana shu yutuqlarga urg’u beradi”, - deydi Vashingtondagi Xeritij jamg’armasidan Xans fon Spakovskiy.

O’shanda demokratlar ko’pchilikni tashkil etgan Senat Klintonni oqlab chiqqan edi, Nikson esa sud hukmidan oldin iste’fo bergan.

“Nazarimda, Tramp ma’muriyatining iqtisodiyotga doir yutuqlarini ko’z-ko’z qilish bilan birga impichmentni ham tilga olib, demokratlarga qattiq hujum qiladi”, - deydi Shvarts.

Impichment sudi qanday yakunlanishidan qat’i nazar Tramp ruhini tushirmaydi deganlar ham bor.

“Kelayotgan noyabr oyida Vakillar palatasini qo’lga kiritamiz, Senatni ushlab qolamiz, Oq uy ham bizda qoladi”, - dedi Tramp so’nggi namoyishlarining birida.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG