Breaking News

Oq uy qonunchilar bilan 1 trillion dollarlik yordam paketini muhokama qilgan


Moliya vaziri Stiven Mnuchin va Prezident Donald Tramp

Tramp ma’muriyati koronavirus tarqalishi tufayli qiyin iqtisodiy ahvolga tushib qolgan amerikaliklar va sayyohlik sanoatiga yordam berish maqsadida kelasi ikki haftada odamlarga chek yubormoqchi. Ba’zi xabarlarga ko’ra, chek miqdori ming dollarga teng bo’lishi mumkin. Badavlat amerikaliklar bundan mustasno bo’lishi kutilmoqda.

Moliya vaziri Stiven Mnuchin tashabbusni qonunchilar bilan yopiq eshiklar ortida muhokama qilgan. Majlisdan xabari bo’lgan rasmiylarning aytishicha, Mnuchin senatorlarni 1 trillion dollarlik yordam paketini ma’qullashga chaqirgan. Aks holda ishsizlik hozirgi 3,5 foizdan 20 foizga ko’tarilib ketishi mumkinligini aytgani ma’lum.

Ushbu yordam paketi o’z ichiga kichik bizneslar va aviakompaniayalarni qo’llab-quvvatlashni ham oladi. Demokrat va ayrim respublikachi qonunchilar bu tashabbusni olqishlagani aytiladi.

Mehmonxonalar, aviakompaniyalar, restoranlar katta zarar ko’rmoqda, chunki hukumat cheklovlari va aholi xavotiri hamda vahimasi sabab sayyohlik tushgan, odamlar uyda o’tiribdi. Oq uy yordam paketida 50 milliard dollarni aviakompaniyalarga, 250 milliard dollarni kichik bizneslarga berish rejalangan.

O’tgan hafta Kongress Vakillar palatasi bemorlik uchun pulli ta’tilni, ishsizlik sug’urtasi va koronavirusga bepul ko’rikdan o’tishni moliyalash uchun 100 milliard dollardan ortiq mablag’ ajratishni ko’zlovchi qonun loyihasini qabul qilgan edi.

Aholi 15-aprelgacha soliq deklaratsiyasini to’ldirib, topshirishi kerak, ammo Tramp ma’muriyati buni 90 kunga cho’zdi.

Sobiq prezident Barak Obama paytida hukumat inqirozga uchragan moliyaviy sektorni qutqarish uchun 700 milliard dollar sarflagan edi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG