Merilend shtati va Vashington shahri Trampni sudga berdi

  • Amerika Ovozi

Merilend shtati va Vashington shahri Prezident Donald Trampga qarshi sudda da’vo ochdi. Ularga ko’ra, davlat rahbarining biznes imperiyasi manfaatlar to’qnashuviga va shu bilan Konstitutsiyaning buzilishiga sabab bo’lmoqda.

Tramp qurdirgan osmono’par binolar va golf maydonlari, Tramp savdo belgisi ostida chiqadigan vino, atirlar…Bularning barchasi Trampga biznesda muvaffaqiyat keltirmoqda, ammo siyosatda unga zarar qilmoqda.

Merilend shtati va Vashington shahriga ko’ra, Tramp prezidentlikdan biznes saltanatini kengaytirishda foydalanmoqda.

“Trampning siyosati Amerikaga foyda keltiryaptimi yoki o’zigami”, - deya savol beradi Merilend prokurori Brayan Frosh.

AQSh Konstitutsiyasi davlat xizmatchilarining xorijiy hukumatlardan sovg’a yoki pul olishini taqiqlaydi. Tramp esa, deydi da’vo mualliflari, qonunni buzmoqda.

Vashington shahar prokurori Karl Reysinning aytishicha, xorijiy hukumatlar Amerika prezidentiga yaxshi ko’rinish uchun poytaxtda yaqinda ishga tushgan “Tramp” mehmonxonasida qolishni afzal ko’rmoqda.

Masalan, Saudiya Arabistoni hukumati otelda yuz minglab dollar sarfladi. Tramp ilk xorijiy safarini qirollikka qildi.

“Tramp” tashkiloti “Tramp” otellarida xorijiy delegatsiyalardan tushgan daromad AQSh Moliya vazirligiga o’tkazilishini bildirdi.

Prezident Tramp Oq uyga kirishdan oldin bizneslarini ikki o’g’liga topshirdi, biroq kompaniya uning nomida qoldi. Huquqshunos Keyt Belinskining aytishicha, bu Trampga qarshi huquqiy da’volarga sabab bo’lishi mumkin.

“U boshqa prezidentlar kabi o’zini tijoriy kompaniyasidan uzoqlashtirmadi. Bu narsa bo’lmas ekan, da’volar uchun sabab yo’qolmaydi”, - deydi u.

Oq uy matbuot kotibi Shon Spayser Merilend va Vashington sud da’volarini tanqid qildi.

“Buning ortida siyosiy sabablar turganini payqash qiyin emas”, - dedi u.

Tramp bu da’volarni yutib chiqsa ham uning ma’muriyati asosiy vazifalardan chalg’ishga majbur bo’ladi, bu esa prezidentga saylovoldi va’dalarini bajarishga halaqit berib, matbuotda unga qarshi salbiy materiallarning ko’payishiga olib keladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG