Breaking News

Tramp Suriya neftiga ko'z tikyaptimi?


Arxiv surat. Al-Hasaka viloyatidagi neft koni
Arxiv surat. Al-Hasaka viloyatidagi neft koni

Yaqinda Suriyadan qo’shinlar chiqarilgani haqida e’lon qilgan AQSh Prezidenti Donald Trampning aytishicha, bu mamlakatda neft konlarini qo’riqlash uchun Qo’shma Shtatlar hududga harbiylarini kiritmoqda.

Xalqaro hayot - 30-oktabr, 2019-yil - Tramp Suriya neftiga ko'z tikyaptimi?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:49 0:00

Oq uy ma’muriyatiga ko’ra, bundan maqsad konlarning “Islomiy davlat” jangari to’dasi qo’liga tushishining oldini olish. Biroq ayrim mutaxassislar Trampning bu strategiyasini shubha ostiga qo’ymoqda.

Qo’shma Shtatlar qo’shinlarini Turkiya bilan chegaradosh Suriya shimoli-sharqidan olib chiqishi ketidan AQShni xiyonatda ayblagan kurdlar Prezident Trampning bu qarorini tanqid qildi. Biroq Tramp endi Suriya sharqidagi neft konlarini jangarilardan himoya qilish uchun u yerga askar yo’llamoqchi.

“Neft ko’p sabablarga ko’ra muhimdir. Birinchidan, “Islomiy davlat” neft hisobiga faoliyat yuritgan. Ikkinchidan, kurdlar neftdan foyda ko’rishi mumkin va ularni neftdan mahrum qilishgan. Uchinchidan, neft bizga ham yordam berishi mumkin, bir oz olsak bo’ladi. “Exxon Mobil” yoki birorta boshqa ajoyib kompaniyamiz bilan kelishsak, u yerga borib, shu ishni bajaradi”, - dedi Tramp.

Mudofaa vaziri Mark Esper ham qo’shimcha izoh berdi.

“Ayrim choralarni ko’ryapmiz. Tafsilotlarini aytolmayman. Dayr-az-Zo’rda pozitsiyamizni kuchaytirib, “Islomiy davlat”ni neft konlaridan uzoqroq tutishga harakat qilmoqchimiz, aks holda ular bu resurslar hisobiga kuchayib, mintaqada, Yevropada, AQShda yana xurujlar uyushtirishi mumkin”, - dedi u.

Tahlilchilarga ko’ra, jihodchilar oldin neft hisobiga faoliyat yuritgan.

“IShID Suriya va Iroqda katta hududlarni nazorat qilganida neftni sotib, harbiy amaliyotlarini moliyalardi. Ular neftni sisternalarga yuklab, katta miqdorda qora bozorda sotishardi”, - deydi Atlantadagi Emori universitetidan Lori Blank.

Biroq aksariyat ekspertlar AQSh kompaniyalari Suriya neftini qazib, sota olishiga shubha qilmoqda.

“Amerikaning neft kompaniyalari u yerdagi faoliyati davomida qator muammolarga, huquqiy, amaliy muammolarga duch keladi. Bu ish oson kechmaydi, kompaniyalar bunga xohish bildiradi deb o’ylamayman ham”, - deydi Roud-Aylend shtatida joylashgan Braun universitetidan Jeff Kolgan.

Mutaxassisning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, turli guruhlarga mansub terrorchilar AQSh Yaqin Sharqda faqat neftni qo’lga kiritishni ko’zlaydi deb kelishgan.

“Trampning hozirgi bayonoti esa ana shunday da’volarni kuchaytirib, AQSh fuqarolarining xavfsizligiga ziyon qiladi”, - deydi Kolgan.

Lori Blankning aytishicha, Tramp urush haqidagi tushunchasi eskirgani uchun neftga yopishib olgan.

“Nazarimda, Trampning neftga qiziqishi urushning ancha eski tushunchasi bilan bog’liq, istilo tushunchasi bilan. Ya’ni mamlakatga hujum qilib, uni istilo qilish, nazorat qilish. Ammo dunyo bu qoidaga amal qilmaydi ortiq”, - deydi tahlilchi.

Suriyada AQShdan tashqari Rossiya, Eron, Turkiya, Suriya hukumati, kurdlar harakatlanar ekan, ekspertlar neft konlarini nazorat qilish oson bo’lmasligini aytadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG