Prezident Tramp Markaziy qo'mondonlik faoliyati bilan tanishdi

  • Amerika Ovozi

Prezident Donald Tramp 6-fevral kuni Florida shtatining Tampa shahrida joylashgan harbiy strategik inshootda bo'ldi. Markaziy qo'mondonlikda yetakchi zobitlar bilan muloqot qildi.

"Biz 100 foiz siz bilan. Bizni himoya qiladiganlarni himoya qilamiz. Nima kerak bo'lsa, ayting", - dedi prezident qo'monlarga qarata.

Markaziy qo'mondonlik, qisqacha CENTCOM deb ataladigan boshqarma, Yaqin Sharq va Markaziy Osiyodagi harbiy faoliyatlar va xavfsizlik yuzasidan hamkorlik uchun mas'ul.

Al-Qoida, "Islomiy davlat" va boshqa terror tizimlariga qarshi maxsus amaliyotlar va harbiy harakatlarni shu qo'mondonlik amalga oshirib, nazorat qiladi.

Harbiylar bilan tushlikdan keyin Tramp qisqa nutq qildi. NATO, Shimoliy Atlantika harbiy ittifoqi muhim blok ekanini aytib, a'zo davlatlarni bu alyans faoliyati uchun ko'proq mablag' ajratishga chaqirdi.

AQShning yangi rahbari nazarida NATOdagi davlatlar AQShga tayanib, o'zini majburiyatlardan olib qochadi. Xavfsizlik barcha uchun birdek muhim ekan, hamma o'z cho'ntagidan qurbi yetganicha chiqarsin, deya tanqid qilib keladi Tramp.

Prezident deydiki, Amerika "radikal islomiy terror"ga qarshi kurashni keskinlashtirib, yangi choralar ko'ra boshlaydi. Yetti musulmon davlatidan odamlar kelishini cheklash mana shu kurashning bir qismi, deydi Tramp.

Eron, Iroq, Suriya, Sudan, Somali, Yaman va Liviyadan kelasi uch oy ichida AQShga hech kim kiritilmaydi, diplomatlardan tashqari. Qochqinlarni qabul qilish ham to'rt oyga to'xtatilgan. Federal sudlar Trampning bu farmonini qonunga zid deb topgan. Ichki xavfsizlik vazirligi ham masalani ko'rib chiqmoqda. Oq uy farmon kuchda deya bildirsa-da, uning amaliyoti savol ostida.

Tampa, Florida shtati
Tampa, Florida shtati

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG