Breaking News

Tramp BMTga yo'llagan nutqida yana Xitoyni tanqid qildi


Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-sessiyasi virtual shaklda o’tarkan, AQSh Prezidenti Donald Tramp boshqa davlat rahbarlari kabi delegatlarga Oq uydan murojaat qildi.

Xalqaro hayot – 23-sentabr, 2020-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:08:41 0:00

Prezident Tramp o’z nutqida dunyoning koronavirus pandemiyasi changaliga tushganida kutilganidek Xitoyni aybladi.

"Vaksinani tarqatib, virusni yengamiz, pandemiyaga barham beramiz, mislsiz farovonlik, hamkorlik va tinchlik davriga kiramiz. Yorqin kelajak sari qadam bosarkanmiz, bu vaboni dunyoga tarqatgan mamlakat – Xitoyni javobgarlikka tortishimiz kerak”, - dedi Tramp.

Tramp Pekinni koronavirusga doir ma’lumotlarni o’z vaqtida ulashmaganlikda va virusni jilovlamaganlikda aybladi. Xitoy Prezidenti Si Zinpinni tanishtirishdan oldin bu mamlakatning BMTdagi elchisi Chjan Dzyun Tramp ayblovlarini asossiz deya, inkor etdi.

“Mavzuga siyosiy tus berishga yoki tamg’alashga qaratilgan har qanday harakatlarga barham berish kerak. Virusga qarshi keng qamrovli, uzoq muddatli nazorat choralarini qabul qilishimiz zarur”, - dedi Si.

AQShda prezident saylovlariga olti hafta qolarkan, Trampning BMTga yo’llagan nutqi saylovoldi kampaniyasida Xitoyga doir bayonotlari bilan hamohang bo’ldi.

Biroq Trampning bu nutqi AQShning hozirgi siyosatini aks ettiradimi? Dunyo rahbarlari ana shuni bilishga oshiqmoqda, deydi ayrim tahlilchilar.

“Amerika saylovi natijasi nafaqat AQSh va Xitoy kabi yirik davlatlar, balki boshqa mamlakatlar munosabatlari qanday bo’lishini belgilaydi. Dunyodagi muloqotga Amerika yetakchilik qiladimi? Amerikaning bir tomonlama siyosatini cheklashga harakat bo’ladimi? Bularning barchasi saylov natijasiga bog’liq bo’ladi va dunyodagi birorta mamlakat bu jarayonga ta’sir qila olmaydi”, - deydi vashingtonlik tahlilchi Jon Alterman.

Vashington va Pekin o’rtasida kuchayayotgan taranglikka ishora qilarkan, BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish dunyoga yangi sovuq urush kerak emas, dedi.

“O’ta xavfli yo’ldan ketyapmiz. Iqtisodiy qudratga ega ikki davlatning, o’z savdo va moliyaviy qoidalari, o’z interneti, o’z sun’iy tafakkur imkoniyatlariga ega davlatlarning dunyoni bo’lib qo’yishiga yo’l qo’ya olmaymiz”, - dedi bosh kotib.

Tramp Birlashgan Arab Amirliklari va Bahrayn AQSh vositachiligida Isroil bilan diplomatik aloqa o’rnatganini ta’kidlar ekan, Qo’shma Shtatlar tinchlikparvar davlat sifatidagi taqdiriga amal qilayotganini aytadi.

Bosh Assambleyadagi oldingi nutqlarida bo’lgani kabi Tramp bu gal ham globalizatsiya jarayoniga qarshiligini bildirib, “Amerika manfaatlari birlamchi” degan shiorini targ’ib qildi. Unga ko’ra, rahbar o’z fuqarolari farovonligini ta’minlashga muvaffaq bo’lganidan keyingina boshqa mamlakatlar bilan haqiqiy hamkorlikka erishishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG