Breaking News

Kelasi hafta, 12-iyun kuni Singapurda tarixiy uchrashuv o’tkazilishi kutilmoqda. AQSh Prezidenti Donald Tramp Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen Un bilan uchrashadi. Bu uchrashuvdan umidlar katta. Sammit o’zini oqlaydimi? Kuzatuvchilarni ana shu savol qiynamoqda.

Xalqaro hayot - 5-iyun, 2018-yil - Tramp Kim Chen Un bilan uchrashuvga hozirmi?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:30 0:00

O’tgan hafta Prezident Tramp Kim Chen Undan olgan maktubini jurnalistlarga ko’rsatdi.

“Jarayon 12-iyun kuni Singapurda boshlanadi”, - dedi Tramp.

Uchrashuvdan ko’p narsa kutmang, deydi u.

“12-iyun kuni biror hujjat imzolamaymiz. Bunga kelishmaganmiz, ammo jarayonni boshlab beramiz. Jarayon sekin yoki tez kechishi mumkin”, - dedi Tramp.

AQShning Pxenyan bilan o’tmishda muzokara qilgan arboblari fikrlarini bildirmoqda.

“Ikki rahbarning suratidan boshqa narsaga erishmasligimiz mumkin. Ammo baribir uchrashish kerak, bundan foyda olsa bo’ladi. Muvaffaqiyat nimadan iborat? Agar yadro va raketa sinovlarini cheklashga kelisholsak, muvaffaqiyatga erishgan bo’lamiz”, - deydi AQShning BMTdagi sobiq elchisi Bill Richardson.

Oq uy ma’muriyati o’z pozitsiyasini bildirib o'tdi.

“BMT Xavfsizlik Kengashining Shimoliy Koreya bo’yicha barcha rezolyutsiyalariga amal qilishda davom etamiz. Pxenyan yadro qurolidan voz kechmoqchi ekanini amalda isbotlay olsagina sanksiyalar yumshaydi”, - dedi AQSh Mudofaa vaziri Jim Mattis.

Bunga yillab vaqt ketishi mumkin, deydi kuzatuvchilar.

“Qurollarning qayerda saqlanayotganini bilmaymiz. Qancha qurol bor? Qayerda yashirilgan? Ularda minglab yashirin tunnellar mavjud. Qurolsizlanish jarayonini tekshirish oson bo’lmaydi”, - deydi AQSh Markaziy razvedka boshqarmasining sobiq tahlilchisi Su Mi Terri.

Bill Richardsonning aytishicha, shimoliy koreyaliklar mohir muzokarachilardir. Trampning kelishish mahoratini ko’ramiz, deydi u.

“Tramp muloqotga yaxshi tayyorlanishi kerak. Kim Chen Un puxta tayyorlanib keladi, chunki yadro dasturlarini yaxshi biladi”, - deydi sobiq elchi.

Janubiy Koreya Prezidenti Kim Jey Mun Shimoliy Koreya rahbari bilan o’tgan oy uchrashganidan so’ng janubda Kim Chen Un haqidagi tasavvurlar ancha mo’tadillashgan ko’rinadi. Shimol rahbarining AQSh prezidenti bilan ko’rishishga roziligi ham Janubiy Koreyada unga nisbatan munosabatning yumshaganiga sabab bo’ldi. Ammo Kim Chen Unning diktatorlikdan tinchliksevar diplomatlikka keskin o’tishiga ayrimlar ishonmayapti.

Kim Chen Unning tuzumiga qarshi Seulda namoyish qilayotganlar nazarida, u barchani ahmoq qilmoqchi.

“Kim Chen Un butun insoniyatga tahdid solgan shayton”, - deydi ulardan biri.

Sobiq askar Kim San Chinning aytishicha, Janubiy Koreya matbuoti va hukumati Kim Chen Unning asl basharasini yashirmoqda.

“Kim Chen Unning qanday odam ekanini bir tasavvur qiling. U o’z tog’asini zambarakka bog’lab, otishni buyurgan, o’gay akasini zaharlatgan, ko’p odamlarni qatl ettirgan – juda ham qo’rqinchli odam. Shunga qaramay, Janubiy Koreya matbuoti hammamizni laqillatmoqda”, - deydi bu namoyishchi.

O’tgan oy ikki davlat rahbarlari chegara zonasida uchrashganidan beri Kim Chen Unning Janubiy Koreyada reytingi oshmoqda. Eng so’nggi ommaviy so’rov natijalariga ko’ra, janubiy koreyaliklarning 78 foizi unga ishonishini aytgan.

Biroq namoyishchi Kim San Chin bularning barchasiga matbuotdagi yolg’on xabarlar sabab, deydi.

12-iyun kuni Kim Chen Un Tramp bilan uchrashadi. Muloqot qanday o’tishiga qarab Shimoliy Koreya rahbarining reytingi yanada oshishi yoki tushib ketishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG