Breaking News

Prezident Tramp kutilmaganda Iroqqa bordi


Prezident Tramp rafiqasi Melaniya Tramp bilan Al-Asad aviabazasida. Iroq. 26-dekabr, 2018-yil.

AQSh Prezidenti Donald Tramp va rafiqasi Melaniya Tramp Iroqqa safarbar qilingan askarlarni kelayotgan yil bilan tabriklash maqsadida bu mamlakatga tashrif buyurdi.

25-dekabr kuni amerikaliklar ham Rojdestvo bayramini nishonladi. AQSh hukumati deyarli bir haftadan beri qisman yopiq, chunki federal xarajatlar Kongress tomonidan ma'qullanmagan. Qonunchilar Trampni ayblaydi, chunki prezident byudjetda Meksika bilan chegaradagi devor uchun ham "yetarlicha moliya bo'lsin" deya shart qo'ygan.

Oq uy matbuot kotibi Sara Sandersning "Twitter"da ma'lum qilishicha, prezident rafiqasi bilan Rojdestvo bayrami oqshomida Iroqqa uchib ketgan. Prezident harbiy qo'mondonlar va askarlarga xizmatlari uchun minnatdorchilik bildirgan.

Al-Asad aviabazasiga tashrif chog'ida prezidentga Milliy xavfsizlik bo'yicha maslahatchi Jon Bolton va AQShning Iroqdagi elchisi Dug Silliman hamrohlik qilgan.

Ayni damda Iroqda Amerikaning 5200 nafar harbiysi xizmat qilmoqda. Prezident Tramp Rojdestvodan bir kun avval qilgan murojaatida xorijdagi qo’shinlarni bayram bilan tabriklagan edi. Lekin Trampning harbiylar oldiga bormagani tanqid qilindi, chunki davlat rahbari 2002-yildan buyon Rojdestvo munosabati bilan qaynoq nuqtalardagi askarlar bilan uchrashib keladi.

Prezident va birinchi xonim Iroqdagi aviabazada harbiylar bilan suratga tushib, dastxatlar berdi.

Bir hafta avval Prezident Tramp Suriyadan Amerika qo’shinlari qaytishini e’lon qilgan edi. Iroqdagi harbiylar davrasida nutq so’zlar ekan, prezident “Islomiy davlat” ustidan deyarli g’alabaga erishilgani va xalifalik yo’q qilinganini ta’kidladi. Tramp Suriyadan AQShning 2000 harbiydan iborat qo’shinining to’liq chiqarilishi va urushning so’nggi bosqichini yakunlashni ittifoqchi Turkiya zimmasiga olganini ma’lum qilgan.

Prezidentga ko'ra, Afg’onistondagi 14 ming qo’shinning yarmi qaytadi.

Trampning maslahatchilari va harbiy rasmiylar prezidentni Amerika qo’shinlarini chiqarish urush hududlarida beqarorlikning avj olishiga sabab bo’ladi, deya ogohlantirgan.

AQSh Mudofaa vaziri Jim Mattis va “Islomiy davlat”ga qarshi kurash global koalitsiyasi bo’yicha prezidentning maxsus vakili Brett Makgurk iste’foga chiqish to’g'risida ariza yozdi. Rasmiylarning ushbu qaroriga prezidentning Suriya va Afg’oniston bo’yicha pozitsiyasi jiddiy turtki bo’lgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG