Meksika bilan chegaradagi yangi devor 25 milliard dollarga tushadi

  • Amerika Ovozi

Nyu-Meksiko shtati va Meksika chegarasida

Prezident Donald Tramp Meksika bilan 3200 kilometrlik chegarani baland devor bilan to’smoqchi. Kongress bu borada qaror qilishi kerak. Devor uchun moliya ajratadimi? Butun devor uchunmi yoki qisman? Kaliforniya shtati janubida bunday to’siq allaqachon bor.

10-12 metr balandlikdagi devor, agar qurilsa, Meksika ko’rfazi sohillaridan boshlanib, Tinch okeanigacha cho’ziladi. Loyiha uchun milliardlab dollar kerak.

“Afsuski, meksikaliklar okean orqali AQShga kirishga harakat qiladi. Ko’p hollarda suvga cho’kib nobud bo’ladi”, - deydi Morones.

Enrike Morones - “Chegara farishtalari” degan nohukumat tashkiloti rahbari. Meksikaning qashshoq qishloq va shaharlaridan kelayotgan migrantlar, deydi u, chegaradosh hududlarda, asosan dashtlikdan iborat mintaqada yo halok bo’ladi, yo tutiladi.

“1994-yilda qurilgan mana bu devor 11 ming odamning boshini yedi. O’tgan 23 yilda shuncha odam o’zini xavf ostiga tashladi. Chegaraning uchdan bir qismida to’siq bor. Shaharlar bilan chegaradosh hududlarda devor ko’tarilgan”, - deydi Morones.

Prezident Tramp esa shunday devor qurmoqchiki, undan o’tish mumkin bo’lmaydi. Aylanib o’tishning ham iloji bo’lmaydi, deydi u. Hozir ochiq yotgan chegara hududi aslida tahdid maydoni.

“Chegara lang ochiq deb o’ylasangiz, adashasiz. 1000 kilometri devor bilan to’silgan. Qolgan qismini esa ona tabiat to’sib turadi. U yerlarga borish juda xavfli. Suv yo’q. Yovvoyi dunyo. Baland tog’lar, borsa-kelmas hududlar. Cho’qqilar orqali o’tmoqchimisiz yoki Arizona shtatidagi ayrim yo’llardan yurmoqchimisiz, hammayoq qo’rqinchli. Xavf darajasi g’oyat yuqori. O’lim bilan barobar”.

San-Diyego shahar politsiyasida ishlab, iste’foga chiqqan leytenant Shon Merfining aytishicha, Kaliforniya janubida noqonuniy muhojirlar kamaygan. Oqim sust, deydi u, chunki to’siq bor.

“Hozir odamlar kirishi mumkin bo’lgan hududlar asosan cho’llar. U yerlarda siz jinoyatchilar to’riga tushasiz. Ular mahluqlar. Yem bo’lasiz ularga. Sizni aldashadi yo qul qilishadi. Amerikadasan, mening ketimdan yur, deydi. Sizni o’marishadi, egri yo’l ko’rsatadi. Cho’llab, issiqlab, charchoqdan o’lasiz. Jinoyat keng”, - deydi Merfi.

Mana shu to’dalarni yo’q qilish kerak, deydi keksa politsiyachi. “Vashington Post” gazetasi hisobicha, Meksika bilan butun chegarani qoplash 25 milliard dollar talab qiladi. Tramp Oq uyga saylanmasidan oldin devor uchun 10 milliardcha dollar kerak degan edi. Meksika to’laydi, degan edi. Masala mavhum.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG