Breaking News

Tamerlan Sarnayev Dog'istonda nima qilgan?


Tamerlan Sarnayev
Tamerlan Sarnayev

Bostondagi 2013-yil terror xurujlarini amalga oshirganlikda ayblanayotgan aka-ukadan birining ustidan shu oy oxirida sud boshlanadi. Tergovchilar Tamerlan va Joxar Sarnayevlarning bu ishga qo’l urganini isbotlab, nima sababdan va qanday qilib uni amalga oshirganini o’rganmoqda.

Tamerlan 2012-yilda Dog’istonga safar qilganida jangarilar bilan uchrashib dunyoqarashi o’zgarganmi, maxsus tayyorgarlikdan o’tganmi, hozircha ma’lum emas.

2013-yil 15-aprelida Bostondagi yillik marafon paytida ikkita portlash yangrab, uch kishi o’lgan, 264 odam jarohat olgan edi.

Kuzatuv videolarini o’rgangan politsiya darrov aka-uka Sarnayevlar iziga tushdi. To’ng’ichi Tamerlan politsiya bilan otishmada nobud bo’ldi, Joxar esa qo’lga olinib, yanvar oxirida sud qilinadi.


Tergovchilar xuruj sabablari va Tamerlan Sarnayevning Dog’istonga safari o’rtasida bog’liqlik topishga harakat qilmoqda.

Rossiyada chiqadigan “Novaya Gazeta” muxbiri Irina Gordiyenko Dog’iston Ichki ishlar vazirligida Tamerlanga tegishli maxfiy dosyeni ko’rganini aytadi.

“Unga ish ochilgan edi. Kuzatuv natijalari qog’ozga tushirilgan. Dosye maxfiy edi. Vazirlikdagi manbalarimdan biri shu ish bilan tanishib chiqishim uchun uni menga bergan edi”, - deydi jurnalist.

Gordiyenko tilga olgan manbaning bildirishicha, Tamerlan internet orqali Dog’istondagi ikki taniqli jangari bilan aloqaga chiqqan - Kanada fuqarosi Uilyam Plotnikov va falastinlik Mahmud Mansur Nidal.

Gordiyenkoning aytishicha, bu ikki odam Dog’istonda kuzatuv ostida bo’lgan.

“Sarnayev haqida ma’lumot olish uchun Dog’iston AQShga xat yo’llaganini bilaman. Ular uning kimligini, nima ish qilishini, qayerdan ekanini bilmoqchi bo’lgan, ammo javob kelmagan”, - deydi muxbir.

Gordiyenkoning aytishicha, Tamerlan respublika poytaxti Maxachkaladagi masjidga qatnab yurganida, bir necha bor o’zini g’alati tutgan edi. Uning shaxsi va xulqi bo’yicha shubha bildirilgan edi.

Amerikadagi masjidda ham Tamerlan imomning ma’ruzasini bir necha bor bo’lgani aytiladi. Boston Islom jamiyati vakili Ismoil Fennining aytishicha, Tamerlan AQSh bayramlarining islomga zidligi xususida bir necha bor bahslashgan edi.

“U bilan o’tirib ikki marta gaplashdik, masjiddagi qoidalarni tushuntirib berdik. Ikkinchi safar qaysi bayramlarni va qanday nishonlash mumkinligini unga yetkazdik”, - deydi Ismoil Fenni.

Dog’istonga borganidan bir necha hafta o’tgach aksilterror amaliyotda Tamerlan tanishgan ikkala jangari ham o’ldirildi. Gordiyenkoning aytishicha, Tamerlan nazorat ostiga tushganini sezib, AQShga qaytib ketdi. Rus jurnalisti Sarnayevning Dog’istonda harbiy tayyorgarlikdan o’tganiga ishonmaydi.

“Dog’iston tog’larida jangarilarning tayyorgarlik lagerlari yo’q, shuning uchun bunday bo’lishi mumkin emas”, - deydi Irina Gordiyenko.

Aka-uka xurujlarni nima sababdan amalga oshirgani hali ham jumboq. Ko’plar Joxar Sarnayevning sudida bu masala oydinlashishiga umid qilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG