Breaking News

Amerikada 100 yil oldingi qatliom xotirlanadi


AQSh Prezidenti Jo Bayden Oklaxoma shtatida 100 yil oldin ro’y bergan qonli voqealarni xotirlash uchun 1-iyun kuni Tulsa shahriga boradi. Irqiy ziddiyatlar Amerika uchun haligacha og’riqli mavzu.

Xalqaro hayot - 31-may, 2021-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:15 0:00

Tulsada yaqinda o’sha voqealarda halok bo’lgan ayrim odamlarning ommaviy qabri topilgan, biroq hali ochilgani yo’q.

1921-yilning 31-mayidan 1-iyunigacha davom etgan zo’ravonliklar 17 yoshli oq tanli qizga tegishganlikda ayblangan 19 yashar qora tanli yigitning hibsga olinishidan boshlangan.

Natijada Tulsaning Grinvud rayoni vayron bo’lgan, uy va do’konlar kul bo’lgan, o’nlab odam o’lgan.

Tulsa qatliomiga guvoh bo’lgan odamlarning ba’zilari haligacha hayot.

“Qora tanli erkaklarning otilayotgani, jasadlarining ko’chada yotgani hanuz ko’z oldimda. Tutunning hidi hanuz burnimda, alanga manzarasini ko’rib turaman. Qora tanlilarga tegishli bizneslarning yonayotgani ko’z oldimdan ketgani yo’q. Samolyotlar hali ham tepamdan uchib o’tayotgandek, odamlarning chinqiriqlari to’xtamayotgandek. O’sha voqealar har kuni ko’z oldimdan o’tadi. Mamlakatimiz tarixning bu qismini balki unutar, ammo men unuta olmayman”, - deydi 107 yashar Viola Fletcher.

O’tgan yili Tulsa qatliomida omon qolgan uch kishi bo’lgan voqealarda Tulsa shahri, Tulsa grafligi, Oklaxoma shtati va Tulsa Tijorat palatasini ayblab, sud orqali reparatsiya talab qildi.

So’nggi yillarda Tulsa qatliomi haqida ko’p ma’lumot tarqatilmoqda, shu hafta esa yangi muzey ochilmoqda.

Ba’zi rasmiylarning aytishicha, mash’um voqealarning 100 yilligini nishonlash muhimdir, chunki mamlakatda qora tanlilar haligacha kamsitilmoqda.

O’tgan yili Minnesota shtatida Jorj Floyd ismli bir odam uni hibsga olgan politsiyachi qo’lidan o’lib, mamlakat bo’ylab norozilik namoyishlari avj oldi.

AQSh Senatiga Oklaxomadan saylangan Jeyms Lenkfordning aytishicha, irqiy tengsizlik Amerika hayotidan yo’qolgani yo’q.

“So’nggi 12 oydagi voqealar va xalqning uyg’onishi irqiy muammolar Amerikada hanuz mavjudligini esimga soldi”, - deydi u.

Afro-Amerika tarixi va madaniyati milliy muzeyiga ko’ra, Tulsa voqealari mamlakat tarixida eng qonli irqiy qatliom bo’lib qolmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG