Breaking News

Turkiya uchun Afg‘onistonda yangi davr boshlanmoqdami?


Afg'oniston va Turkiya tashqi ishlar vazirlari

Turkiyaning Antaliya shahrida uch kun davom etgan Diplomatiya forumining so‘nggi kuni -20-iyunda o’tgan matbuot anjumanida Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mevlut Chavusho‘g‘li Afg‘oniston masalasiga ham to‘xtalib o‘tdi. U mamlakatining Hamid Karzay nomidagi Kobul xalqaro aeroporti xavfsizligini ta’minlashi haqida so‘zlar ekan, buni Afg‘oniston hukumati ham istashini bildirdi.

Antaliyaga Afg‘onistondan sobiq prezident Hamid Karzay, Tashqi ishlar vaziri Muhammad Hanif Atmar va Milliy yarash oliy kengashi raisi Abdulla Abdulla bordi. Atmar turkiyalik hamkasbi bilan muzokaralar o‘tkazdi, 20-iyun kuni Turkiya-Eron-Afg‘oniston tashqi ishlar vazirlari muloqotida qatnashdi. Abdulla esa Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog‘an bilan uchrashdi.

Chavusho‘g‘liga ko‘ra, Turkiya NATO missiyasi doirasida Kobul aeroporti xavfsizligi va ekspluatatsiyasini o‘z zimmasiga olgan.

“AQShning [Afg‘onistondan chiqib ketish haqidagi] qaroridan keyin boshqa ittifoqdoshlar ham chiqib ketyapti va [Afg‘onistonni] qo‘llab-quvvatlash missiyasi nihoyasiga yetyapti. Aeroport ekspluatatsiyasi va xavfsizligi Afg‘oniston uchun juda muhim, Afg‘onistonning dunyoga ochilgan darvozasi. Faqat Afg‘oniston uchun emas, u yerdagi diplomatik missiyalar, xususan, Turkiya uchun ham muhim. Turkiya bu vazifani qanday davom ettirishi mumkin? Turkiyaning bir o‘zi zimmasiga olishi mumkin bo‘lgan vazifa emas. Avvalo Afg‘onistonning qo‘llashiga ehtiyojimiz bor. Afg‘oniston rahbariyati ham Turkiyaning u yerda qolishini xohlayapti. Afg‘onistonning ehtiyoji bo‘lgan muddat davomida u bilan birga bo‘lamiz. Bu faqatgina harbiy kuch sifatida u yerda bo‘lishimizni bildirmaydi”, – dedi turk vaziri.

Kobul aeroporti masalasi Turkiya va AQSh prezidentlari Rajab Toyib Erdog‘an va Jo Baydenning 14-iyun kuni Bryusseldagi uchrashuvida ko‘tarilgan edi. Amerika tomoni Turkiyaning mazkur aeroport xavfsizligini ta’minlashda yetakchi rol o‘ynashiga rozi. Anqara esa bu vazifani ado etish uchun AQSh va G‘arb davlatlaridan moddiy, logistik va diplomatlik ko‘mak so‘rayapti.

Istanbuldagi 29-may universitetida xalqaro munosabatlar yo‘nalishida ilmiy izlanishlar olib borayotgan afg‘onistonlik Ahmadulloh Temurga ko‘ra, Turkiyaning Kobul xalqaro aeropoti xavfsizligini o’z zimmasiga olishining ortida bir qator sabablar bor.

“Turkiya Afg‘onistonda “yumshoq kuch” siyosatidan faol foydalanib keladi, jumladan, yurtimizga eng katta gumanitar yordamni ko‘rsatuvchi davlat aynan Turkiya hisoblanadi. TIKA (Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi) orqali ko‘plab loyihalar amalga oshirilyapti, – deydi tadqiqotchi. – Kuzatib turibmiz, oxirgi paytda Turkiyaning Amerika bilan munosabatlari yaxshi emas. Anqaraning Kobul aeroporti xavfsizligini ta’minlashni o‘z zimmasiga olishi Vashington bilan aloqalarini mustahkamlashi uchun bir imkoniyat bo‘lishi mumkin. Biroq “Tolibon” Turkiyaning Kobul aeroportida qolishini xohlamayapti. Turkiya NATO a’zosi, NATO kuchlari chiqib ketayotgan ekan, turklar ham chiqib ketsin, deyapti ular”, - deydi mutaxassis.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, Kobul aeroporti xavfsizligining Turkiya tomonidan ta’minlanishi Vashington va Anqara uchun ham birdek muhim: Turkiya iqtisodiyotidagi barqarorlik nuqtai nazaridan Erdog‘anning Bayden bilan aloqalari yaxshi ekanligini ko‘rsatishiga ehtiyoji bor, Kobul aeroportidagi xavfsizlikning ta’minlanishi esa AQShning u yerga qaytishiga hojat qoldirmasligini bildiradi.

Qolaversa, Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlikning ta’minlanishi Turkiya manfaatlariga javob beradigan masala: beqarorlik qanchalik cho‘zilsa, Turkiyaga qochqinlar oqimi shunchalik davom etaveradi. Shundoq ham Turkiyada 3,7 million suriyalik qochqin bor va bu mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy hayotiga jiddiy ta’sir ko‘rsatib kelmoqda. Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog‘an 20-iyun – “Xalqaro qochqinlar kuni” munosabati bilan bergan bayonotida Suriya bilan bir qatorda Afg‘onistondagi vaziyatga ham e’tibor qaratib, qochqinlikka sabab bo‘luvchi omillarning bartaraf etilishi zaruratini ta’kidladi.

Ahmadulloh Temurning aytishicha, Turkiyaning Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish yo‘lidagi sa’y-harakatlari nafaqat mintaqada, balki dunyo bo‘yicha obro‘sining ortishiga olib keladi. Zero, ikki davlat tarixiy rishtalarga ega va Afg‘onistonda Turkiya haqida ijobiy tasavvur mavjud, deydi u.

Turkiya Afg‘onistonda barqarorlik o‘rnatishga hissa qo‘shish uchun 2011-yilda afg‘on hukumati bilan birga “Osiyo qalbi – Istanbul jarayoni” tashabbusiga asos solgan edi. Tashabbus doirasida Afg‘onistonda terrorchilik va giyohvand moddalar kontrabandasiga qarshi kurash, atrof-muhitni asrash, madaniyat va ta’lim, mintaqaviy infratuzilma, savdo va investitsiya, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish sohalarida hamkorlik olib borilish ko‘zlangan. “Osiyo qalbi – Istanbul jarayoni” tashabbusida mintaqa davlatlari, xususan, O‘zbekiston ham qatnashib kelmoqda.

“Afg‘onistonning hozirgi ahvoliga AQSh ham sababchi”

Temur nazarida, Afg‘onistonning hozirgi holatga tushishida AQShning ham xatosi bor.

“2001-yilda Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish harakati boshlangan edi. Lekin bu jarayonga “Tolibon” harakatini yaqinlashtirishmadi. Toliblar bilan balki o‘sha paytda muzokaralar boshlanganida, vaziyat bunchalikka bormagan bo‘lardi, – deydi tadqiqotchi. – Toliblar o‘sha paytdagi prezident Hamid Karzayga chiqib, o‘zlari va oilalari uchun daxlsizlik so‘ragan edi. Lekin hukumat ham, NATO ham buni qabul qilmadi. Oqibatda toliblar Pokistonga o‘tdi, kuch yig‘di. Menimcha, hozir eng ma’qul yo‘l – toliblar ishtirokida koalitsion hukumat tuzish. Aks holda urush to‘xtamaydi. Mana, hozir toliblar yana davlatga qarshi kurash olib boryapti. “Tolibon” 5 ming a’zomiz qamoqxonalardan qo‘yib yuborilsin, keyin hukumat bilan muzokara boshlaymiz degan edi. Endi esa hukumat afsuslanib o‘tiribdi. Birinchi vitse-prezident Amrulloh Solih ham eng katta xatomiz toliblarni turmadan ozod qilish bo‘ldi deb aytgan”.

Temurga ko‘ra, Afg‘oniston o‘zbeklarida markaziy hukumatga ham, “Tolibon” harakatiga ham ishonch yo‘q.

“Markaziy hukumatning ta’siri chekka joylarda, qishloqlarda umuman sezilmaydi. Chekka hududlardagi ishsiz yoshlar noilojlikdan “Tolibon”ga qo‘shiladi, chunki ular pul to‘laydi”, - deya tushuntiradi tadqiqotchi.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG