Abdulqodir Masharipov xalqaro qidiruvda bo'lgan


O'zbekiston hukumati Turkiyada terrorizm aybi bilan ushlangan shaxs 6 yil avval O'zbekistonni tark etgan qo'qonlik Abdulqodir Masharipov ekanini tasdiqladi. Masharipov yangi yil kechasi Istanbulda sodir etilgan xuruj uning ishi ekanini bo'yniga olgan. "Islomiy davlat" ham bu voqea ortida ekanini bildirgan.

Masharipov “Islomiy davlat” kabi radikal guruhlar safiga tortilgan yuzlab markaziy osiyoliklarning biri, deya ta'riflanmoqda.

Xalqaro matbuotda “Islomiy davlat”ning mintaqa bilan aloqasi tahlil qilinmoqda. Birmuncha avval faoliyati tugatilgan O'zbekiston Islomiy Harakatini (O'IH) qayta tiklashga urinishlar bo'layotgani haqida ma'lumotlar bor.

O'zbekiston hukumatidagi manbaning “Anadolu” agentligiga bildirishicha, O'zbekistondan Afg'onistonga chiqib ketgan Masharipov xalqaro qidiruvda bo'lgan.

Istanbuldagi "Reina" tungi klubida yangi yil oqshomi amalga oshirilgan xurujda 39 kishi otib o'lgan, 50 ka yaqin odam yaralangan.

Abdulqodir Masharipov ushlangan uy
Abdulqodir Masharipov ushlangan uy

Turkiyadagi “O'zbeklar birligi” tashkiloti rahbari Odam Chevikning "Ozodlik" radiosiga aytishicha, Masharipovning ushlanishi mamlakatdagi minglab o'zbeklar tomonidan xursandchilik bilan kutib olingan. Hujum ortidan muhojirlarga nisbatan oshgan xavotirlar biroz tinchigan.

“Islomiy davlat” nima sababdan o'z safiga Markaziy Osiyo, xususan O'zbekiston fuqarolarini jalb etishga muvaffaq bo'layotgani haqida yozayotgan AQSh matbuoti, mamlakatda siyosiy, diniy tashkilotlarga ta'qiq qo'yilishi, qashshoqlik yoshlarni radikal guruhlarga yetaklayotgan sabablardan, deb yozadi.

"The National Interest" nashriga ko'ra, O'IHning yuzaga chiqishi mintaqada repressiyalar kuchayishiga xizmat qilgan, Afg'onistondagi janglardan so'ng zaiflashgan harakat mintaqa uchun islomiy muqobillik da'vosini meros qoldirgan.

So'nggi bor Afg'onistondan turib o'z faoliyati tugatilganini e'lon qilgan O'IHning keyingi taqdiri haqida turli ziddiyatli qarashlar mavjud.

O'tgan yili O'IH yetakchisi Usmon G'ozi Afg'onistonda “Islomiy davlat” ga bay'at keltirar ekan, harakat tugatilganini e'lon qilgan edi. Bu bay'at ortidan toliblar va O'IH o'rtasida ziddiyat boshlandi. Tomonlar o'rtasida kechgan jangda O'IH mutlaqo yakson qilingani, Usmon G'ozining o'zi toliblar hibsida yoki jangda halok bo'lgan, deb ko'riladi.

G'arbdagi ayrim nashrlarning yozishicha, O'IHning ixtiloflar paytida toliblarga moyillik bildrigan qismi hamon faoliyatini davom ettimoqda. Ular tiklash maqsadida yuribdi.

Maxsus reyd paytida ushlangan shaxslardan biri
Maxsus reyd paytida ushlangan shaxslardan biri

Abdulqodir Masharipov Abu Muhammad Xurosoniy taxallusida yurgani O'IH negizidagi “Xuroson lashkarlari” guruhiga ishora sifatida tushunilmoqda.

Siyosiy muhojirlikda yashayotgan diniy faol Muhammadsolih Abutov:

“O'zbekiston Islomiy Harakati ichida Afg'onistonda toliblar tomonidan yakson qilinishidan avval ixtiloflar boshlangan edi. Bu ixtiloflar tufayli o'sha paytdayoq ayrim kichik guruhlar hakakatni tark etdi, ularning ayrimlari Eron, Iroq, Turkiyada ham joylashdi. Hozir shu guruhlar birlashib, O'zbekiston Islomiy Harakatini avvalgi variantda toliblarga bay'at keltirgan. Tohir [Yo'ldosh] davridagi shaklda tiklash masalasi muhokama qilinmoqda”.

"Islomiy davlat" guruhi tarkibida qancha o'zbek borligi aniq emas, ammo ayrim ma'lumotlarda ular to'rt mingga yaqin deyiladi. Markaziy osiyoliklar asosan xudkushlik hujumlarida ishlatilayotganiga urg'u beriladi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG