Breaking News

Turkiya Ukrainani harbiy dronlar bilan ta'minlamoqda


"Bayroqdor" (Bayraktar TB2) droni
"Bayroqdor" (Bayraktar TB2) droni

Ukrainaga qurol bilan yordam berayotgan mamlakatlar orasida Turkiya ham bor. 2020-yili Tog’Ii Qorabog’dagi urushda Ozarbayjon g’alabasiga hissa qo’shgan Turkiyaning “Bayroqdor” harbiy dronlarini Ukraina ham sotib oldi.

“Turkiya Rossiya harakatlaridan, sobiq sovet hududida kuchini ko’rsatayotganidan mamnun emas. Shu sabab Ukrainaga qurollar bilan birga dronlar ham sotildi”, - deydi Berlindagi Yevropa tashqi aloqalar kengashidan Asli Oydintoshbosh.

Turkiya nisbatan arzon va samarali dronlarini Liviya, Suriya va Tog’li Qorabog’dagi mojarolarda ham qo’lladi. Biroq Ukraina ancha kuchli raqib bilan yuzlashmoqda.

“Suriya, Liviya, Tog’li Qorabog’ mojarolarida turk dronlari past sifatli havo mudofaa tizimiga qarshi qo’llandi, ba’zan hatto bunday tizim yo’q sharoitda. Rossiya armiyasida esa ko’p sonli mukammal havo mudofaasi va radioelektron urush uskunalari bor”, - deydi mudofaa masalalari bo’yicha tahlilchi Arda Mevluto’g’li.

Oktabr oyida Ukraina armiyasi sharqdagi bo’lginchilarga qarshi harbiy harakatlarda turk dronlarini ishga soldi. Ba’zi kuzatuvchilar ularning nafaqat harbiy, balki psixologik ahamiyatiga ham urg’u beradi.

“Dronlar Ukraina armiyasi va jamoatchilik ruhini ko’tardi. Ukraina qarshilik ko’rsatishi, Donbassda ruslar qo’lidagi hududdan o’zini himoya qila olishi mumkinligini namoyish etdi. Turkiya ham ittifoqchi sifatida ancha ko’zga ko’rinib qoldi”, - deydi Kiyevdagi “Demokratik tashabbuslar jamg’armasi”dan Petro Burkovskiy.

Rossiya Ukraina sharqidagi janglarda dronlar qo’llanganini qoraladi.

Turkiya va Rossiya prezidentlari o’rtasidagi aloqalarning so’nggi bir necha yilda kuchaygani NATO xavotiriga sabab bo’layotgan edi. Turkiya Rossiya bilan yoqilg’i, Suriya masalasida hamkorlik qilib keladi.

Biroq turk dronlari hujumida rus qo’shinlari halok bo’lsa, ikki tomonlama aloqalarga putur yetishi mumkin.

“Ukraina turk qurollari va dronlarini ishga solishi muqarrar va ruslar buni hazm qila olmaydi. Agar Turkiya tanlashga majbur bo’lib qolsa, g’arb ittifoqi va NATOni ustun qo’yadi, biroq bu tanlovni Ukraina yuzasidan qilish kerak bo’ladimi, yo’qmi, bashorat qilish qiyin”, - deydi Istanbuldagi Qodir Has universitetidan Mustafo Oydin.

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’an kecha Kiyevda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan uchrashib, “Bayroqdor” dronlarini Ukrainada ishlab chiqarishni yo’lga qo’yishga kelishdi.

Bu o'rtada AQSh Davlat departamentiga ko’ra, Rossiya o’z chegarasida yoki Ukraina sharqida ukrain askarlarining soxta hujumi tasvirlangan video tayyorlab, uni qo’shni mamlakatga hujum uchun bahona tariqasida ishlatishi mumkin.

“Videoda portlash sahnalari, soxta murdalar, g’amgin aholini tasvirlaydigan aktyorlar, vayronalar, dushmanning yonayotgan harbiy texnikasi bo’ladi. Bularning barchasi rus razvedkasining uydirmasi bo’ladi. Ta’kidlab o’taman, bu Rossiya hukumatining hujumni boshlash uchun tayyorlayotgan ssenariysi ehtimollaridan biri. Rossiya shu variantni ishga soladimi yoki boshqasini, bilmaymiz”, - deydi Davlat departamenti vakili Ned Prays.

Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskovning aytishicha, AQSh anchadan beri Rossiyaning Ukrainaga hujumi rejalari haqida bong urib keladi, biroq barcha da'volari asossiz.

NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg Rossiya qo’shma harbiy mashqlar uchun Belarusning Ukraina chegarasi tomon o’n minglab askar yo’llaganidan xavotir bildirgan.

“30 mingga yaqin askar, maxsus kuchlar, qiruvchi samolyotlar, jumladan, Su-35, “Iskandar” raketalari, S-400 havo mudofaasi tizimining jamlanishi kutilmoqda. Keng harbiy imkoniyatlar haqida so’z ketyapti”, - deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG