Breaking News

Erdog'anning asosiy raqibi turklarni birdamlikka chaqirmoqda


Yakshanba kuni Turkiyada prezident va parlament saylovlari bo’lib o’tadi. Amaldagi rahbar Rajab Toyib Erdog’anning asosiy raqibi Muharram Inje, respublikachilar partiyasining parlamentdagi guruhi yetakchisi.

Xalqaro hayot: Turkiyada prezident saylovi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:36 0:00

Inje mamlakatdagi siyosiy bo’linishga barham berib, dindorlar va dunyoviy tuzum tarafdorlarini bir-biriga yaqinlashtirmoqchi. Yaqinda nomzod Istanbulning Prezident Erdog’an istiqomat qiluvchi rayonida saylovchilar bilan uchrashdi.

Istanbulning Uskudar mahallasi aholisi tarixan dindor bo’lgan. Erdog’an o’zini diniy huquqlar himoyachisi sifatida ko’rsatishga harakat qildi. Shu kungacha uskudarlik saylovchilar hamisha unga ovoz berib kelgan. Parlamentning so’nggi to’rt chaqirig’ida saylanib kelgan Muharram Inje ham ularning ko’nglini ovlashga harakat qilmoqda.

“Ince jasur va shijoatli, Erdog’anning uyi yonida saylovchilar bilan uchrashdi. Turkiyaga shunday odam kerak. U prezidentlikka saylanadi degan fikrdaman”, - deydi Inje tarafdorlaridan biri.

Dindor saylovchilar Jumhuriyat xalq partiyasiga doim shubha bilan qarab kelgan. Chunki partiya va davlat asoschisi Mustafo Kamol Otaturk Turkiyani xalifalikdan respublikaga aylantirgan.

Respublikachilar partiyasi dinni nazorat qilish, universitetlar va sudlarda hijob kiyishni man qilish tarafdori bo’lgan. Erdog’an hokimiyatga keldiyu, bu taqiqlarni bekor qildi.

Inje fuqarolarni ortiq ajratmaymiz, deydi.

“81 million turkiyalikni o’ng qanot va chap qanotga, ayollarni o’ralgan va o’ralmaganlarga, fuqarolarni turklar va kurdlarga, sunniylar va alaviylarga ajratmaymiz. 81 million fuqaro yaxlit bo’ladi”, - dedi Inje Uskudarda.

Sobiq fizika o’qituvchisi diniy oiladan chiqgan, namoz o’qishni kanda qilmaydi.

Uning gaplarini tinglashga kelgan ba’zi saylovchilar nazarida, respublikachilar partiyasining siyosati o’zgarmoqda.

“Uning gaplarida birdamlik ohangi bor. U saylovchilarni ajratmayapti. Partiya endi to’g’ri yo’lni tanlabdi”, - deydi ular.

Muharram Inje chiqishlarida keskin va g’azabli bayonotlardan o’zini tiymoqda, ammo Erdog’anni tanqid qilishdan to’xtamayapti.

Davlat rahbari Uskudarda boy berishi amri mahol. Saylovchilari undan yuz o’girmoqchi emas, chunki agar Erdog’an mag’lub bo’lsa, u tufayli keng diniy huquqlarga erishgan saylovchilari bu huquqlardan mahrum bo’lishi haqida ogohlantirmoqda.

So’nggi konstitutsion o’zgarishlarga ko’ra, yakshanba kungi umumiy saylovlardan so’ng 550 o’rinlik parlament 50 deputatga ko’payadi. Hukmron “Adolat va taraqqiyot” partiyasi kamida 300 o’rinni qo’lga kiritishga hamda Milliy harakat partiyasi bilan yana koalitsion hukumat tuzishga umid qilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG