Breaking News

Turkiya saylovlarida Erdog'an g'olib, Ahat Andijon parlamentga kirdi


Turkiyani 2003-yildan beri boshqarib kelayotgan Rajab Toyib Erdog’an to’rtinchi besh yillik muddatga saylandi. O’tgan yilgi referendumda qabul qilingan konstitutsion tuzatishlarga ko’ra prezidentga qo’shimcha vakolatlar beriladi.

Turkiyada Erdog'an g'olib, o'zbek millatiga mansub nomzod parlamentga kirdi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:04 0:00

Saylovlardan so’ng Turkiya parlament respublikasidan rasman prezident respublikasiga aylandi. Bosh vazir lavozimi bekor qilindi, Erdog’an ham davlat, ham hukumat rahbari bo’ldi. Vazirlar, sudyalarni endi uning o’z tayinlaydi, vitse-prezidentlar saylanmaydi, ularni ham Erdog’an tayinlaydi. Ilgari davlat byudjetini tayyorlash parlament zimmasida edi, endi prezidentga o’tadi. Agar parlament byudjet loyihasini tasdiqlamasa, mamlakat undan oldingi yil byudjetiga qarab ish tutadi.

Shunga qaramay, prezident mutlaq hokim emas, parlament unga impichment e’lon qilishi, ya’ni uni ishdan olishi mumkin, agar deputatlarning uchdan ikki qismi bunga ovoz bersa. Ammo bu amri mahol, chunki Erdog’anning “Adolat va taraqqiyot” partiyasi yoki turkchasiga AKP yakshanba kungi saylovlarda oldingi saylovlarga qaraganda pastroq natija ko’rsatgan bo’lsa-da, parlamentdagi hukmronligini saqlab qoldi.

AKP 42,5 foiz ovoz to’pladi, ammo parlamentdagi millatchi ittifoqchisi - Milliy harakat partiyasi qo’lga kiritgan o’rinlar hisobiga umumiy 343 ta o’rin bilan 550 deputatdan 600 tagacha kengaytirilgan parlamentda ko’pchilikni tashkil etmoqda.

Demak, bunday sharoitda impichment ehtimoli yo’q.

Eng so’nggi konstitutsion tuzatishlarga ko’ra, 64 yashar Erdog’an besh yildan so’ng o’z nomzodini prezidentlikka yana bir bor qo’yishi mumkin, ya’ni 2028-yilgacha Turkiyani boshqarishi mumkin.

Erdog'an tarafdorlari
Erdog'an tarafdorlari

Muxolifat prezident saylovlarining ikkinchi bosqichiga umid qilgan edi. Ammo Erdog’an 52,5 foiz ovoz olib, bunday ehtimolni yo’qqa chiqardi. Respublikachilar xalq partiyasidan nomzod Muharram Inje 30,6 foiz ovoz to’pladi. “Ovozlarni hisoblashda g’irromlik bo’lgani haqida ma’lumot olsak, 55 ming advokatni saylov komissiyasiga chorlab, ovozlarni qaytadan hisoblaymiz” degan Inje mag’lubiyatini tan oldi.

Salohiddin Demirtosh, Xalq demokratik partiyasidan prezidenltikka nomzod
Salohiddin Demirtosh, Xalq demokratik partiyasidan prezidenltikka nomzod

Kurdlar manfaatlarini himoya qiluvchi Xalq demokratik partiyasidan nomzod Salohiddin Demirtosh saylov kampaniyasini qamoqdan olib bordi va 8,4 foiz to’pladi. U terrorchilikka aloqadorlikda ayblanmoqda. Shunga qaramay, kurdlar partiyasi 11,6 foiz ovoz bilan 10 foizlik dovondan oshishga muvaffaq bo’lib, yangi parlamentga kirdi.

Muxolifat va G’arb Erdog’anni avtokratik boshqaruvda ayblamoqda, biroq hukumat demokratiyadan og’maganini aytadi. Mustaqil kuzatuvchilarga ko’ra, Turkiya iqtisodiyoti joriy yilda o’smoqda, birinchi chorakda iqtisodiy o’sish 7,4 foiz atrofida.

Muharram Inje, Jumhuriyat xalq partiyasidan prezidentlikka nomzod
Muharram Inje, Jumhuriyat xalq partiyasidan prezidentlikka nomzod

Erdog’anning tanqidchilari uni mamlakatni ikkiga bo’lib qo’yganlikda ayblab keladi – dindorlarga va dunyoviy tuzum tarafdorlariga. Uning respublikachi raqibi Muharram Inje bu bo’linishga chek qo’yish shiorini saylov kampaniyasi paytida olg’a surgan edi. Ba’zi hisoblarga ko’ra, uning Istanbuldagi eng yirik namoyishiga 5 milliongacha odam to’plangan. Bu shahar aholisining uchdan biriga teng. Shunga qaramay, saylov uning foydasiga hal bo’lmadi.

O’zbekiston Prezidenti Shavkat Mirzioyev va boshqa rahbarlar Erdog’anni saylovdagi g’alabasi bilan tabriklashga ulgurdi.

Meral Akshener, "IYI" partiyasi lideri
Meral Akshener, "IYI" partiyasi lideri

Parlamentga kirish uchun 10 foizlik dovondan oshgan yana bir partiya bu “IYI” partiyasidir, turkchadan tarjima qilganda “Yaxshi partiya” degani. Uning asoschisi Meral Akshener 2016-yilda Milliy harakat partiyasidan chiqib, o’tgan yili yangi partiyaga asos soldi, o’zi esa bu yilgi prezident saylovlarida qatnashgan yagona nomzod ayol bo’ldi.

Ahat Andijon, "IYI" partiyasidan parlament deputati
Ahat Andijon, "IYI" partiyasidan parlament deputati

​61 yashar sobiq ichki ishlar vazirasi va parlament spikerining sobiq o’rinbosari Akshener 7,3 foiz ovoz oldi. Uning “IYI” partiyasi esa 10,1 foiz ovoz bilan parlamentdan 44 ta o’rin egalladi. Shulardan biri Ahat Andijon. Sobiq vazir, tibbiyot fanlari professori Ahat Andijon turkiyalik o’zbeklardan bo’lib, uning o’zi Afg’onistonda tug’ilgan, “IYI” partiyasining asoschilaridan hisoblanadi.

  • 16x9 Image

    Odil Ruzaliev

    Odil O'zbek xizmatiga 2005-yilda kelgan. Diktor va prodyuser. AQShning Tafts Universitetida (Tufts University) xalqaro aloqalar sohasida magistrlik darajasini olgan. Ungacha O'zbekiston TV 1-kanalida ingliz tilidagi yangiliklar – FCN (First Channel News) – ko'rsatuvining muallif-boshlovchisi edi. "Axborot" dasturida mehnat qilgan. Odil ko'p yillar AQShning Toshkentdagi elchixonasi axborot bo'limida ishlagan. O'zbek, ingliz va rus tillarida chop etilgan qator maqolalar muallifi. Farg'ona shahrida tug'ilgan.

    Odil Ruzaliev is a reporter, radio and TV anchor, web editor and producer for Voice of America’s Uzbek Service since 2005. Prior to joining VOA, he worked at the State Radio and TV of Uzbekistan, BBC International’s Central Asia region, and was a regular Contributor for CNN World Report. He has also worked as an Information Assistant at the US Embassy in Tashkent, Uzbekistan. He was the creator and host of the TV program First Channel News, Uzbekistan’s first English language news broadcast. In his spare time he is a freelance photographer. A native of Ferghana Valley, Uzbekistan, Odil graduated from the Uzbekistan State World Languages University. In addition, he was an exchange student at Pace University in New York City and holds a master’s degree in international affairs from the Fletcher School of Law and Diplomacy at Tufts University in Medford, Massachusetts.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG