Breaking News

Erdog'an prezident saylovlarida qatnashishini bildirdi


Turkiya bosh vaziri Rajab Toyib Erdog'an va rafiqasi Amina, Anqara, 1-iyul, 2014-yil
Turkiya bosh vaziri Rajab Toyib Erdog'an va rafiqasi Amina, Anqara, 1-iyul, 2014-yil

Turkiya bosh vaziri Rajab Toyib Erdog’anning avgustda bo’ladigan prezident saylovlarida ishtirok etishi ma’lum bo’ldi. Bu haqda hukmron “Adolat va taraqqiyot” partiyasining idorasi bildirdi. Saylovlar ilk bor parlament binosida emas, balki mamlakat bo’ylab, xalq ishtirokida o’tadi.

Rajab Toyib Erdog’an saylovda g’alaba qilsa, Turkiyaning 12-prezidenti bo’ladi. Biroq bu gal saylovlarda prezidentni ilk bor deputatlar emas, xalq tanlaydi.

Bosh vazir kecha Anqarada o’z tarafdorlariga murojaat qiib, diniy mavzuda ko’p gapirdi. Aytish joiz, dindorlar asosan Erdog’anga ovoz bergan va bosh vazir nutqida ularning o’tmishda dunyoviy tuzum tarafdorlari bo’lgan rahbarlar tomonidan kamsitilganini eslatdi.

"Namozlarimizni kanda qilmaganimiz uchun bizni qoloq deb atashgan. Bizni prezident yoki bosh vazir bo’lish tugul hatto bir qishloqni ham boshqarolmaydi deb yerga urishgan. Davlat miqyosida ular bizni teng ko’rmagan", - dedi Erdog’an.

Tanqidchilarga ko’ra, Erdog’anning bu nutqi jamiyat va uning atrofidagi odamlarni yanada bo’lib qo’yishi mumkin.

Siyosiy tahlilchi Sinan Ulgenning aytishicha, prezidentlikka nomzodlar bir-biri bilan davlatni boshqarish uslubi bo’yicha bellashadi.

"Erdog’an barcha qarorlarni o’zi qabul qilishini istashini allaqachon bildirib qo’ygan. Muxolifatdan nomzod Ehsono’g’li esa hozirgi konstitutsiyaga amal qilgan holda prezident vakolatlarini cheklashni xohlaydi. 10-avgustga belgilangan saylovda odamlar asosan Erdog’an uchun yoki Erdog’anga qarshi qabilida ovoz beradi", - deydi Ulgen.

Akmaliddin Ehsono’g’li muxolif ikki guruh – Respublikachilar Xalq partiyasi va Milliy Harakat partiyalaridan nomi ko’rsatilgan umumiy nomzod bo’lib, Erdog’anning asosiy raqibi. Ehsono’g’li olim bo’lib, o’tmishda Islom konferensiyasi tashkilotini boshqargan.

Yana bir nomzod Salohiddin Demirtash bo’lib, Kurd Xalq demokratik partiyasi vakili.

“Milliy iroda, milliy kuch” – Erdog’an saylov kampaniyasining shiori. Unga ko’ra, avgust saylovlarida kim yutishidan qat’i nazar, Turkiya yangi yo’ldan boradi.

"Betaraf prezidentni istaganlar aslida xalqqa qarshi davlat bilan til biriktirgan prezidentni istayotgan bo’ladi, ammo bunday davr ortda qoldi. 10-avgust kuni nafaqat prezident saylanadi, balki nazoratga chek qo’yiladi", - dedi Erdog’an.

Mamlakatda o’tkazilgan bir necha ommaviy so’rov natijalariga ko’ra, Erdog’an saylovlarda 50 foizdan ko’p ovoz olishi mumkin. Tahilchilar nazarida siyosiy qobiliyati, kuchli partiyasi va yetarli moliyaviy yordamga ega Erdog’an imkoniyatni qo’ldan boy bermaydi.

Ammo aynan shu mutaxassislarning ogohlantirishicha, agar saylov birinchi bosqichdayoq hal bo’lmasa, Erdog’anning bir taraflama qarashlari va hukumatining yanada avtoritar bo’lish vahimasi uni zaiflashtirishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG