Breaking News

Anqara iqtisodiy loyihalar orqali Yevropani o'ziga jalb etmoqda


Istanbulda iItaliyaliklar qurgan Yovuz Sulton Salim ko'prigining ochilish marosimi
Istanbulda iItaliyaliklar qurgan Yovuz Sulton Salim ko'prigining ochilish marosimi

Turkiyaning Istanbul shahrida yangi xalqaro aeroport shu yili ishga tushishi kutilyapti. Tahlilchilar nazarida, Anqara an'anaviy diplomatiya bilan erisha olmagan maqsadlarini iqtisodiy loyihalar orqali qo'lga kiritish harakatida.

Yevropa Ittifoqiga qo'shilish urinishlari besamar ketgach, Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog'an Yevropa davlatlari bilan alohida savdo va sarmoya aloqalarini o'rnatishga e'tiborni oshirmoqda. U Turkiyani Xitoydan keyingi ikkinchi eng katta qurilishlar mamlakatiga aylantirish niyatida. Ayni paytda Anqara shu yo'l bilan inson huquqlariga oid tanqidlarni o'chirishga urinyapti.

Oktabr oyida ochilishi kutilayotgan Istanbulning uchinchi aeroporti yiliga 200 million nafargacha passajir tashish imkoniyatiga ega bo'ladi. U Yevropa va Osiyo o'rtasidagi eng katta ko'prik rolini bajarishi ko'zda tutilgan.

Turkiyaning ko'plab megaloyihalarida, xususan, ushbu aeroport va shu hafta e'lon qilingan bir necha milliard dollarlik shamol energiyasi turbinalari fermasi qurilishida yevropalik sarmoyadorlar faol ishtirok etmoqda. Erdog'an bunday loyihalar ko'lamini yanada oshirish niyatida.

"O'tgan yili Italiya bilan ikki tomonlama savdo hajmi 20 milliard dollarga yetdi. Imkoniyatimiz bundan ham kattaroq. 2020-yil o'zaro savdo ko'lamini 30 milliard dollarga chiqarishni maqsad qilyapmiz", - dedi Erdog'an Italiyaga safari oldidan.

Italiya kompaniyalari Turkiyada mudofaa va qurilish sohalarida ko'plab serdaromad loyihalarni qo'lga kiritgan. 2016-yil Istanbulda foydalanishga topshirilgan dunyoning eng baland va eng keng Yovuz Sulton Salim ko'prigi ham italiyaliklar tomonidan qurildi.

Yevropa bo'ylab iqtisodiy turg'unlik hukm surgan bir paytda Turkiyadagi qurilish loyihalari qit'a kompaniyalari uchun ayni muddao bo'ldi. Ayrim tahlilchilar fikricha, ulkan iqtisodiy shartnomalarni taqdim etish orqali Anqara inson huquqlari hamda Suriyadagi harbiy amaliyotga oid Yevropa tanqidlari taftini pasaytirishni uddalamoqda.

"Anqara bunday infratuzilma loyihalari bilan hammani sotib olmoqda va barcha bundan xursand", - deydi siyosiy tahlilchi Chingiz Aqtar.

"Yevropaliklar xohlagan narsasini oladi. Ular Turkiya bilan savdoni davom ettirishni istaydi. Moyli loyihalarni qo'lga kiritish uchun ular hozirgi sharoitdan mamnun. Shuning uchun ular Turkiyani ko'p tanqid qilishmayapti. Turkiyada inson huquqlari buzilishiga oid baqir-chaqirlar, shunchaki, timsohning ko'z yoshlari, xolos", - deydi Aqtar.

Kuzatuvchilar fikricha, Turkiyadagi loyihalarni qo'lga kiritish uchun Yevropada raqobat kuchli.

"Bu loyihalar xuddi xazinaning o'zi. Kredit xarajati bozordagidan kamroq. Daromad olish kafolatlangan. Foyda qilsa-qilmasa, hukumat daromad kelishini kafolatlab qo'ygan. Xazinadek gap, bundan pul yutqazmaysiz", - deydi tadqiqotchi Attila Yeshiloda.

Britaniya va Turkiya savdoni kuchaytirish bo'yicha alohida kelishuvlarga ega. Birlashgan Qirollikning BAE kompaniyasi Turkiya armiyasi uchun qiruvchi samolyotlar ishlab chiqarmoqda. Ayni paytda London Turkiyadagi inson huquqlari holati va Suriyadagi harbiy amaliyotlarni tanqid qilishdan o'zini tiymoqda.

Anqara Yevropa davlatlari bilan olib borayotgan diplomatik strategiyasini "yangi voqelik" deb atamoqda. Kuzatuvchilarning aytishicha, Anqara Yevropa Ittifoqi bilan aloqani kamaytirib, ittifoq a'zolari bilan alohida munosabatlar o'rnatish yo'lidan bormoqda.

"Muammolarni bir chetga surib, kelishuvlar mavjud sohalarda ishlaylik, deyishyapti. Ammo hal qilinishi lozim bo'lgan amaliy masalalar bor", - deydi "Al-Monitor" sayti tahlilchisi Semih Idiz.

Ekspertning aytishicha, ittifoqdan ajralib chiqayotgan Britaniya ham hozir o'zi uchun muqobil bozorlar qidirmoqda. Turkiya diplomatiyasi uchun bu yaxshi imkoniyat, deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG