Breaking News

Turkiya Yevropa uchun muqobil energiya manbasi bo'lishga intilmoqda


Yevropa Ittifoqi rus gaziga tobelikdan qutulishga harakat qilarkan, yoqilg’iga boy Yaqin Sharq va Yevropa o’rtasida joylashgan hamda Yevropa gaz quvuri tizimiga ulangan Turkiya eski qit’aga bunda yordam berishi mumkin.

“Ukrainadagi hozirgi vaziyat Yevropa uchun jiddiy yoqilg’i muammosini tug’dirdi. Sharqiy O’rta dengiz mintaqasidan Turkiya orqali Yevropaga tabiiy gaz uzatilib, rus gaziga muqobil energiya manbasi bo’lib xizmat qilishi mumkin”, - deydi Turkiya prezidentining maslahatchisi Ilnur Chevik.

Yaqinda Isroilda katta gaz zaxiralari aniqlandi. Turkiya Isroildan quvur yotqizib, uni o’z tizimiga ulashni va shu tariqa Yevropaga gaz uzatishni taklif etmoqda.

“Isroil gazini Turkiya milliy gaz tarmog’i orqali Yevropaga uzatish juda muhim loyiha. Uni amalga oshirish oson bo’lmaydi, biroq Turkiya, Isroil va Yevropa Ittifoqi birgalikda buni uddalashi mumkin”, - deydi Turkiyaning Qatardagi sobiq elchisi Mithat Rende.

O’tgan oy Isroil prezidentining Anqaraga tashrifi chog’ida energetik hamkorlik xususida ham gap ketgan. Ikki davlat energetika vazirlari bir necha kundan so’ng Quddusda uchrashishi kutilyapti.

Anqara taklif etayotgan loyiha Turkiya-Isroil aloqalarini yaxshilashni talab qiladi. Vashington Turkiya-Isroil gaz quvuri loyihasini qo’llab-quvvatlamoqda, ammo Isroil bu kabi yirik loyihada Turkiyaga ishonch bildirishga tayyormi?

“Turkiya va Isroilni bir-biriga yaqinlashtirish, G’arbga moyil davlatlarning mintaqada hamkorlik qilishi AQSh manfaatlariga xizmat qiladi. Biroq Isroil gazi turk quvuri orqali o’tishiga shubha bor menda. Hozirgi sharoitda quvurning Misr orqali o’tishi yaxshiroq variant deb o’ylayman”, - deydi Tel-Avivdagi Milliy xavfsizlik masalalari tadqiqoti institutidan Galliya Lindenshtraus.

Iroqning yarim muxtor Kurdiston mintaqasidan Yevropa tomon gaz uzatish yana bir variant.

“Iroq Kurdistonida gaz bor, turk quvur tizimigacha ham masofa qisqaroq. Hozir bunga ehtiyoj bor, siyosiy iroda mavjud, sharoit ham qulay. Nega bo’lmasin?”, - deydi Turkiyaning Kurdistondagi sobiq bosh konsuli Oydin Seljen.

Ayrim kuzatuvchilar o’tgan oygi Irbilga raketa hujumida kelishuvga e’tiroz bildirayotgan Eron qo’lini ko’rmoqda.

Bag’doddagi markaziy hukumat ham har qanday loyihaga rozilik berishi kerak, bu esa oldinda hali ancha siyosiy ishlar borligini anglatadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG