Breaking News

Turkiya Afrikada faollashmoqda


Erdog'an Mozambikka safari chog'ida, 24-yanvar, 2017-yil
Erdog'an Mozambikka safari chog'ida, 24-yanvar, 2017-yil

Afrikada 30 dan ziyod elchixonaga ega, qit’aga milliardlab dollar sarmoya qilgan Turkiya so’nggi yillarda Afrikada mavqeini ancha kuchaytirdi. Sentabr oyida Anqara Somalida harbiy bazasini ochdi.

Jorj Vashington universiteti olimi Deyvid Shinning aytishicha, Turkiya Shimoliy Afrika davlatlari bilan uzoq tarixiy aloqalarga ega.

2016-yilda Turkiya Misr, Jazoir va Marokash bilan jami 10 milliard dollardan oshiq pulga savdo qilgan. Anqara Afrikaning quyi Saxara mintaqasida ham faollashgan. Turk havo yo’llari milliy aviakompaniyasi qit’aning 50 dan ortiq shahriga yo’lovchi tashiydi. Efiopiya va Tanzaniyada esa “Yapi markazi” qurilish kompaniyasi bir necha milliard dollarlik temir yo’l qurmoqda.

Professor Shinning aytishicha, Turkiyaning Afrikaga qiziqishi hozircha faqat iqtisodiyot bilan bog’liq, chunki Anqara eksport manzillarini ko’paytirib, xususiy shirkatlari orqali to’g’ridan-to’g’ri sarmoyalarni oshirishni ko’zlamoqda.

Ammo siyosiy aloqalar ham Turkiya uchun muhim. O’tgan yili al-Jazira telekompaniyasi uchun yozgan maqolasida Prezident Rajab Toyib Erdog’an shunday degan edi:

“Dunyodagi ko’p odamlar Afrika qit’asi haqida gap ketganda keskin qashshoqlik, zo’ravon mojaro va umidsizlikni ko’z oldiga keltiradi. Turkiya xalqi o’zgacha fikrda. Bizning nazarimizda, Afrika bundan ancha yaxshi holatda”.

Somalida harbiy baza

Somalidagi baza Turkiyaning Afrikadagi ilk harbiy inshooti bo’lib, Shin nazarida, Anqara qudratini qit’aga yoyib, strategik ittifoqlarni kuchaytirmoqchi.

14-oktabrda Somali poytaxti Mogadisho qonli terror xurujiga uchrab, 350 dan ziyod odam o’lgach, Turkiya bu mamlakatga yordam qo’lini cho’zib, yaradorlarni Anqaradagi kasalxonada davolashni taklif etdi.

Turkiya 2011-yildan beri bu mamlakatda gumanitar va taraqqiyot dasturlarini olib boradi. Mogadisho janubida joylashgan harbiy bazada turk mutaxassislari minglab somalilik askarlarni tayyorlamoqda.

Afrika Ittifoqining al-Shabab jangari guruhiga qarshi kurashayotgan AMISOM kuchlarining mandati oxirlar ekan, aksil-terror amaliyotlar Somali armiyasi zimmasiga tushadi.

Jangarilarning da’vo qilishicha, ular musulmon mamlakatda kofir kuchlarga qarshi kurashmoqda. AMISOM tarkibidagi aksariyat harbiylar Efiopiya, Uganda va Burundi kabi nasroniy mamlakatlardan.

Gulen harakati

2015-yildan beri Erdog’an Efiopiya, Jibuti, Somali, Keniya, Uganda, Tanzaniya, Mozambik va Madagaskarga safar qildi. Ushbu mamlakatlar hukumatlaridan Fathulla Gulen diniy maktablarini yopishni so’radi. Erdog’an Gulenni 2016-yil yozida davlat to’ntarishiga harakat ortida turganlikda ayblaydi.

Afrikaning olti mamlakati Erdog’an iltimosi va talabini qondirib, Gulen maktablarini yopdi.

Tahlilchi Shinning taxmin qilishicha, Erdog’andan keyingi rahbarlar Afrikada bu qadar faol bo’lmasligi mumkin. Buning uchun Turkiya iqtisodiyoti kuchli bo’lishi kerak, deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG