Breaking News

Turkiya kurd jangarilariga qarshi kurashda Iroq Kurdistoni bilan hamkorlik qilmoqchi


Iroq Kurdistoni Prezidenti Ma'sud Barzaniy
Iroq Kurdistoni Prezidenti Ma'sud Barzaniy

Turkiya Tashqi ishlar vaziri Feridun Sinirlio'g'li shu hafta Iroq Kurdistonida bo'lib, terrorga qarshi hamkorlik haqida gaplashgan. Kuzatuvchilarga ko'ra, Kurdiston ishchilar partiyasi (PKK) va Suriyadagi kurd jangchilarini o'ziga tahdid deb biluvchi Anqara ularga qarshi kurashda iroqlik kurdlar bilan aloqani yaxshilamoqchi.

Turkiyada yaqinda parlament saylovlarida g'alaba qozongan "Adolat va taraqqiyot" partiyasi uzoq yillardan beri Iroq Kurdistoni Prezidenti Ma'sud Barzaniy bilan yaqin aloqada bo'lib kelgan.

"Jumhuriyat" gazetasi jurnalisti Semih Idizning aytishicha, saylovlardagi g'alabasidan ruhlangan partiya kurd jangarilariga qarshi harbiy harakatlarini kuchaytirib, iroqlik kurdlardan yordam olishga umid qilmoqda.

"90-yillar o'rtalarida Barzaniyning guruhi Anqara bilan imzolangan kelishuv asosida PKK ga qarshi jang qilgan. Biroq, nazarimda, Barzaniy u davrni eslashni istamaydi, oldingiday hamkorlik bo'lmaydi. Axir kurdlarga qarshi harakatlanayotgan turk xavfsizlik kuchlari bilan hamkorlik qilgan kurdlar haqida tasavvur yaxshi emas. Barzaniy PKKning shaharlardagi faoliyatini cheklash bilan chegaralanishi mumkin", - deydi turk tahlilchisi.

Kuzatuvchilarga ko'ra, Iroq Kurdistonida ko'plab bazalarga ega Kurdiston ishchilar partiyasini mahalliy aholi hurmat qiladi, ayniqsa ularning "Islomiy davlat" guruhiga qarshi jang qilib, odamlarni himoya qilganidan so'ng.

Tahlilchi Idizning aytishicha, Anqara peshmerga deb ataluvchi iroqlik kurd jangchilaridan Xalq mudofaa otryadlari deb ataluvchi suriyalik kurd jangarilarining tanobini tortib qo'yishni so'rashi mumkin, chunki Turkiya hukumati ularni Kurdiston ishchilar partiyasining qanoti deb biladi.

"Shunday bo'lishi mumkin. Bu esa suriyalik kurdlar salohiyatini tushirishi mumkin. Peshmerga Turkiyada tayyorgarlikdan o'tgani haqida xabarlar bor", - deydi Semih Idiz.

Anqara "Islomiy davlat"ga qarshi jang qilayotgan suriyalik kurd kuchlarining chegarada kuchayishini istamaydi. Xalq mudofaa otryadlarining Suriya kurdlari ustidan nazorati Barzaniyni tashvishga solayotgani haqida Iroq Kurdistoni prezidenti ochiq gapirgan. Tahlilchilar nazarida, Anqara kurdlarning bu ikki guruhi o'rtasidagi ziddiyatlardan o'z manfaati yo'lida foydalanishi hamda Barzaniy bilan ittifoqni kuchaytirishga harakat qilishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG