Breaking News

Turkiya hukumati islomiy banklar faoliyatini kuchaytirmoqchi


Dunyo moliyaviy inqiroz domidan hali batamom qutilmagan bir paytda Turkiya hukumati bir trillion dollarlik islomiy moliya bozoriga qo’shilish niyatida.
Turkiyada islomiy moliya, Behzod Muhammadiy
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:25 0:00
Yuklab oling

Aholisining aksariyati musulmonlar bo’lsa-da, Turkiya – dunyoviy davlat. Mamlakatni o’n yildan ziyod boshqarayotgan islomiy “Adolat va taraqqiyot” partiyasi hukmronligi davrida shariat talablariga javob beradigan banklar faoliyati kengaydi.

Istanbulda joylashgan “Global manba hamkorlari” siyosiy tadqiqotlar markazi tahlilchisi Attila Yesiladaning aytishicha, hukumatning islomiy moliya biznesiga kirishi aqlli qaror.

“Foiz olishni istamagan odamlar va tashkilotlar bor. Ular pullarini foizsiz hisob raqamlarida saqlashadi. Sudxo’rlikni Qur’onga ko’ra harom deb bilganlari uchun ular ko’p pul yo’qotgan. Shuning uchun Turkiyada oddiy dindor aholi orasida ham, Fors ko’rfazi qirolliklaridan keluvchi mijozlar orasida ham islomiy moliya xizmatlariga talab katta”, - deydi tahlilchi.

Islomiy banklar, shariat ahkomlariga ko’ra, daromad olish maqsadida foiz berish va olishni taqiqlaydi. Aksincha, ular daromad olishning “ijara”, “muzoraba” kabi islomiy va halol usullaridan foydalanadi.

O’tgan 10 yil davomida dunyo bo’ylab islomiy moliya tizimidagi pul aylanmasi bir trillion dollarga yetdi. Shar’iy banklar, asosan, energiya manbalariga boy Fors ko’rfazi hamda Shimoliy Afrika davlatlarida gullab-yashnamoqda. Turkiyada shu paytgacha bu soha keng rivojlanmagan. Hozir bu yerda faqat to’rtta bank islomiy moliya xizmatlarini taklif etadi.

“Albayrak” konglomerati rahbari Umar Po’lat ilgari “Musiad” islomiy biznes konfederatsiyasini boshqargan. Uning aytishicha, hukumatning islomiy moliya bozoriga kirishi soha taraqqiyoti uchun siyosiy kafolat yaratadi. Shu paytgacha hukumatlar o’ta dunyoviy bo’lgan va islomiy moliyaga shubha bilan qaragan, deydi u.

“Oldingi hukumatlar islomiy bank tizimiga xayrixoh bo’lmagan. Ular yangi qaror yoki qonun bilan bunday banklar faoliyatiga osonlikcha barham berishi mumkin edi. Mijozlar ham, agar bu banklar yopilsa, qo’ygan omonatlaridan ayrilish xavotiri bilan yashagan”, - deydi Umar Po’lat.

Kuzatuvchilar fikricha, agar islomiy banklar faoliyati kuchaysa, Fors ko’rfazi va Osiyoning shar’iy moliya xizmatlariga ehtiyoji katta bo’lgan boshqa o’lkalaridan Turkiyaga investorlar oqimi oshadi.

Istanbulda joylashgan “Finansbank” bosh iqtisodchisi Inan Demirga ko’ra, bu Istanbulni mintaqaning moliyaviy markaziga aylantirishi mumkin.

“Agar hukumatning mintaqada moliyaviy markaz yaratishga xohishi bo’lsa, Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika mintaqalaridagi sharoitni hisobga olishi kerak. U yerlarda islomiy tartiblar amal qiladi. Shunday ekan, islomiy moliyaning kuchayishi Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika bozorlarini oziga jalb qiladi”, - deydi iqtisodchi.

Hozircha Turkiyaning bank va moliya tizimidagi xalqaro aloqalarida Yevropa Ittifoqi asosiy hamkor. Ammo Yevropa hanuz beqarorlikdan chiqmagan ekan, Anqara iqtisodiyotini rang-baranglashtirishga urinmoqda. Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika Turkiya ko’z tikayotgan bozorlardan. Ular bilan biznesni kuchaytirishda islomiy banklarning hissasi katta bo’lishi mumkin.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG