Breaking News

O'zbeklar Isroilni tanqid qilmoqda, O'zbekistondan chiqqan yahudiylar esa Isroil himoyasida


O'zbeklar nazarida Isroil eng yaqin hamkori - Turkiya fuqarolariga hujum qilib, xato qilgan. Buxoro yahudiylari esa Isroil xavfsizligi birinchi o'rinda, deydi.

G'azoga gumanitar yordam olib ketayotgan kemalar karvonining Isroil hujumiga uchragani jahon hamjamiyati tomonidan tajovuz deya qoralandi. Qo'shma Shtatlar voqeadan afsusda, biroq eng yaqin ittifoqchisini tanqid qilmadi. Turkiyada Isroil maxsus kuchlari o'qidan halok bo'lgan 9 kishi dafn etilib, yuzlab faollar vataniga qaytdi. Mamlakat qonunchilari hukumatdan Isroil bilan aloqalarni qayta ko'rib chiqishni talab qilmoqda. O'zbek va yahudiy mutaxassislari vaziyatga munosabatini bildirdi.

Nyu-Yorkda biznes bilan shug'ullanayotgan turkiyalik o'zbeklar vakili Lutfulla To'raning aytishicha, Turkiya Isroilning musulmon dunyosidagi eng yaqin hamkori edi, Isroil esa uning fuqarolariga hujum qilib, katta xato qilgan.

"Isroil 1946 yilda tashkil bo'lganida Turkiya ilk musulmon davlati sifatida uni tan olgan. Turkiya Isroilni hamisha qo'llab-quvvatlab kelgan. Ikki davlat o'rtasida harbiy mashg'ulotlar yaxshi yo'lga qo'yilgan edi".

Lutfulla To'raning aytishicha, Turkiyaning Isroil hujumiga munosabati shoshma-shosharlik bilan qilingan qaror bo'lmadi. Ba'zilar taxmin qilganidek, Rajab Toyib Erdog'an boshliq hukumatning saylovlar oldidan imkon qadar ko'p ovoz yutishga qaratilgan siyosiy o'yin ham bo'lmadi.

Lutfulla To'ra AQShning Isroil hujumiga nisbatan yumshoq munosabatidan afsusda. Uning aytishicha, Qo'shma Shtatlar Turkiyaga ba'zi masalalar uchun minnatdor bo'lish o'rniga oyog'iga bolta urmoqda.

"So'nggi bir oy ichida Turkiya AQShning ko'pdan beri qo'lidan kelmagan ishni uddalab, Eron yadro dasturi bo'yicha taklif bilan chiqdi va Tehron roziligini oldi. Bu ish Isroil xavfsizligi uchun qilingan edi. Ular tinch uxlasin deb, ammo na AQSh va na Isroil Turkiyaning bu siyosatini tushundi. Tushunganida, bunday bo'lmas edi", deydi Lutfulla To'ra.

Isroilda istiqomat qilayotgan Buxoro yahudiylari vakillaridan biri Mark Fozilovning aytishicha, yahudiy davlati siyosatini tushunish uchun Isroilda ma'lum vaqt yashab ko'rish kerak. Mark Fozilov jurnalist bo'lib, Rishon Le Sion shahrida uch tilda nashrdan chiqadigan "Menora" gazetasida ishlaydi. Uning aytishicha, Isroilda o'tkazilgan ijtimoiy so'rov natijalariga ko'ra, aholining 93 foizi hukumat harakatlarini qo'llab-quvvatlaydi.

"Yevropaliklarning Isroil fikriga qo'shilmaganini tushunsa bo'ladi. Chetdan turib gapirish oson. Isroilliklarni G'azo Sektorida qurol to'planilayotgani xavotirga solmoqda. Eron Livan, G'azoni qurol bilan ta'minlamoqda. Oraga Turkiyaning tushgani afsuslanarli hol", - deydi u.

Mark Fozilov nazarida Isroil hali ham Turkiyani strategik hamkor deb biladi va munosabatlar yaxshilanishiga umid qiladi.

"Isroil Turkiya bilan aloqalar buzilishini istamaydi. Anqarada islomiy hukumat o'tirgani bilan Turkiya yahudiylar bemalol sayohat qiladigan, yahudiy tashkilotlari bosimsiz faoliyat yurita oladigan kam sonli musulmon davlatlaridan biri", - deydi jurnalist.

Abror Sharipov O'zbekistondan. Siyosatga juda qiziqadi. Uning aytishicha, Isroil o'zini-o'zi mudofaa qilishga haqli, ammo o'z hududida hujumga uchrasagina.

"Isroil xalqaro suvlarda hujum qilib, qonunga xilof ish qildi. Kemalar manziliga yetguncha, ko'p davlatlar portlarida nazoratdan o'tgan. Ularda qurol yo'qligi ma'lum edi, shuning uchun Isroilning "kemalar G'azoga qurol olib ketayotgan bo'lishi mumkin" degan da'volarini asossiz deb hisoblayman".

Xalqaro hamjamiyat Isroil harakatlarini qoralayotgan bir paytda Qo'shma Shtatlar voqeadan afsusda ekanini bildirdi. Lutfulla To'ra nazarida Amerikadagi yahudiy lobbi guruhlari Obama ma'muriyati siyosatiga ta'sirini o'tkazmoqda. Abror Sharipov fikricha esa AQShni bunga milliy manfaatlari majburlamoqda.

"Isroil AQShning eng yaqin ittifoqchisi ekan, uni himoya qilish har ikki davlat manfaatlariga javob beradi. Siyosiy jihatdan AQSh qarori to'g'ri, ammo insoniylik nuqtai nazaridan to'g'ri bo'lmagan".

  • 16x9 Image

    Odil Ruzaliev

    Odil O'zbek xizmatiga 2005-yilda kelgan. Diktor va prodyuser. AQShning Tafts Universitetida (Tufts University) xalqaro aloqalar sohasida magistrlik darajasini olgan. Ungacha O'zbekiston TV 1-kanalida ingliz tilidagi yangiliklar – FCN (First Channel News) – ko'rsatuvining muallif-boshlovchisi edi. "Axborot" dasturida mehnat qilgan. Odil ko'p yillar AQShning Toshkentdagi elchixonasi axborot bo'limida ishlagan. O'zbek, ingliz va rus tillarida chop etilgan qator maqolalar muallifi. Farg'ona shahrida tug'ilgan.

    Odil Ruzaliev is a reporter, radio and TV anchor, web editor and producer for Voice of America’s Uzbek Service since 2005. Prior to joining VOA, he worked at the State Radio and TV of Uzbekistan, BBC International’s Central Asia region, and was a regular Contributor for CNN World Report. He has also worked as an Information Assistant at the US Embassy in Tashkent, Uzbekistan. He was the creator and host of the TV program First Channel News, Uzbekistan’s first English language news broadcast. In his spare time he is a freelance photographer. A native of Ferghana Valley, Uzbekistan, Odil graduated from the Uzbekistan State World Languages University. In addition, he was an exchange student at Pace University in New York City and holds a master’s degree in international affairs from the Fletcher School of Law and Diplomacy at Tufts University in Medford, Massachusetts.

XS
SM
MD
LG