Breaking News

Turkiya Isroildan hamon norozi, faollar G’azoga yana yordam jo’natmoqchi


Istanbul ko’chalarida “Isroil yo’qolsin!” degan da’vatlar
Istanbul ko’chalarida “Isroil yo’qolsin!” degan da’vatlar

Bundan bir yil oldin Falastin ahli uchun G’azo sektoriga gumanitar yordam eltayotgan Turkiya kemasi Isroil askarlari hujumiga duch kelgan edi.

Ushbu sana Istanbulda namoyishlar bilan xotirlandi. Anqara-Quddus orasiga sovuqlik olib kirgan bu mojaroda bir amerikalik hamda 9 turk o’lgan edi.

Turkiya nodavlat tashkiloti G’azoga yana karvon jo’natish taraddudida. Yahudiy davlati norozi, biroq Turkiya rasmiylari kemalarni to’xtatish uchun hech narsa qilmoqchi emas.

Demokratik davlatning qoidalari shunaqa, deydi Tashqi ishlar vaziri Ahmad Dovuto’g’li.

Istanbul ko’chalarida “Isroil yo’qolsin!” degan da’vatlar.

“Moviy Marmara” hujumga uchrab, kemada qon to’kildi. Bundan hali ham alamdamiz. To’qqiz kishi jon berdi. Isroil buning uchun mas’ul”, - deydi namoyishchilardan biri.

“Kemada aka-ukalarimizni otib o’ldirishdi. Falastindagi birodarlarimiz har kuni jon berayapti. Isroilni qoralaymiz, terrorchi davlat bu”, - deydi yana biri.

O’tgan yilgi bu qonli voqeadan so’ng ikki davlat aloqalari ancha sovuq.

Turkiya hukumati talabi shuki, Isroil rasman kechirim so’rab, o’lganlar oilalariga tovon to’lashi kerak. Isroil esa o’z mudofaasi yo’lida harakat qilganini aytib, rasmiy Anqara talablarini rad etib etadi.

Gumanitar yordamga bosh-qosh bo’lgan Inson Huquqlari Ozodlik va Insonparvarlik Xayriya Jamg’armasi G’azoga yana kema yubormoqchi. 15 kemadan iborat karvonga har xil mamlakatlardan faollar jalb etiladi.

“Missiya tinch maqsadli ekanini barcha biladi. Xalqaro qo’mitalar kelib, kemalarni taftish qiladi, xavfsizlikni ta’minlash uchun. Butun dunyo kuzatuvi ostida o’tadi bu ish. Isroil bu gal ayni xatoni qilmas”, - deydi jamg’arma vakili Husayin Oruj.

Ahmad Dovuto’g’li
Ahmad Dovuto’g’li

Isroil hukumati izohiga ko’ra, bu ishdan maqsad - siyosiy. Jamg’arma Amerika va Yevropada terrorchi tashkilotlar ro’yxatiga kiritilgan XAMAS tashkilotiga aloqasi bor- deydi Isroil rasmiylari. Lekin jamg’arma mazkur da’volar assosiz deydi.

Turkiya safga tortgan kemalar bu gal xalqaro tashkilotlar himoyasida. Yevropaning 15 davlati alohida kema safarbar etgan. Gumanitar yordamni uyushtirgan fond nazarida xalqaro qo’llab-quvvatlov bois Isroil musht ko’tarishga jasorat qilmaydi.

Lekin Shvetsya kemasi vakili Dror Feilier har ehtimolga qarshi ehtiyot choralari ko’rib qo’ygan.

“Buni passiv qarshilik deb ta’riflasak ma’qul. Ekipaj kuch ishlatmay, o’zini va kemalarni himoya qilishni o’rganmoqda. Maxsus mashqlar o’tkazayapmiz”, - deydi u.

Ammo Isroil hukumati avval aytgan gapimiz gap, deydi. G’azoga qo’yilgan iqtisodiy embargo kuchda qoladi.

Isroil va AQSh safarni to’xtatish uchun Anqaraga murojaat qilgan. Ammo Turkiya Tashqi ishlar vaziri Ahmad Dovuto’g’lining aytishicha, hukumat bu ishga aralashmaydi.

“Isroil bu gal ham kemalarni to’xtatsa, Turkiya munosib javob beradi”, - deydi vazir.

Uning so’zlariga ko’ra, Anqara karvonni qaytarishi kerak deganlar avvalo Isroilni ogohlantirishi kerak, toki o’tgan yilgi xato takrorlanmasin.

Turkiyada hukmron “Adolat va Taraqqiyot” Partiyasi Isroilga nisbatan qat’iy pozitsiyada.

“Aholisi asosan musulmon davlat saylovlarga tayyorgarlik ko’rar ekan, flotilia siyosiy qurolga aylanishi mumkin”, - deydi Istanbul universiteti olimi Nuray Mert.

“Yaqinda parlament uchun saylov o’tadi. O’tgan yili hammaning o’g’zida gumanitar karvon edi. Hozir ham hukumat foydalanib qolsa, ajabmas”, - deydi mutaxassis.

Turkiyada 12 iyunda parlament saylovi. G’azoga atalgan yuk esa iyun oxirlarida jo’natiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG