Breaking News

Turkiya hukumati adliya hay'ati vakolatlarini kamaytirmoqchi


Turkiya bosh vaziri Rajab Toyib Erdog'an
Turkiya bosh vaziri Rajab Toyib Erdog'an
Turkiyaning oliy adliya organi hukumatning uning vakolatlarini cheklashga doir rejalarini tanqidga oldi. Taklif etilayotgan islohotlar bosh vazir Rajab Toyib Erdog’anga yaqin odamlarga qarshi qo’zg’atilgan korrupsiya ishiga javob sifatida ko’rilmoqda. Ayblanuvchilar orasida yaqinda iste’foga chiqqan uch vazirning o’g’illari ham bor.

Turkiya sudyalar va prokurorlar oliy hay’ati hukumat rejasini konstitutsiyaga zid deya, unga qarshi chiqdi. Idora 66 sahifali bayonot chiqardi. Parlament islohot rejasini muhokama qilishga kirishdi. Unga ko’ra, bundan keyin hay’atga a’zolarni tayinlashda va qarorlar qabul qilishda hukumatning roli katta bo’ladi.

Adliya vaziri Bekir Bozdog’ reja qonun muhofazachilari mas’uliyatini oshirishga qaratilganini aytib, uni himoya qildi.

Hukumat Erdog’anga yaqin rasmiylar va tadbirkorlarni korrupsiyada ayblagan tergovdan so’ng sudyalar va prokurorlar hay’atini isloh qilishga kirishdi. Bosh vazir nazarida tergov ortida turganlar uni hokimiyatdan ag’darmoqchi. Fitnaga esa Erdog’anning kechagi ittifoqchisi, AQShda yashayotgan ulamo Fathulla Gulen bosh ekani aytilmoqda. Hukumatga ko’ra, xavfsizlik kuchlari safida va adliya tizimida uning tarafdorlari ko’p.

Istanbuldagi Edam tahlil markazi xodimi Sinan Ulgenning aytishicha, Erdog’an islohotlar orqali adliya tizimini Gulen tarafdorlaridan tozalamoqchi.

"Bunday chora adliya tizimining mustaqilligiga zarar", - deydi tahlilchi.

Tergov bilan bog’liq mashmasha boshlanganidan beri mingdan ziyod politsiyachi va prokuror ishdan olindi yoki maydaroq ishga o’tkazildi. Yevropa Ittifoqi jarayondan tashvishda.

AQSh Davlat departamenti matbuot kotibi Jennifer Psakining aytishicha, Vashington Turkiyadagi vaziyatni diqqat bilan kuzatmoqda.

"Qo’shma Shtatlar Turkiya xalqining fuqaroviy va jinoiy ishlarni o’z vaqtida, adolatli, tiniq, yuqori andozalar asosida tergov qiluvchi adliya tizimiga bo’lgan ehtiyojini qo’llab-quvvatlaydi. Bunday tizimda hech kim qonundan ustuvor bo’lmasligi, davlat odamlariga qarshi ayblovlar xolis ravishda tergov qilinishi kerak", - deydi AQSh rasmiysi.

Erdog’an tashqi kuchlarni hukumatiga qarshi fitnada ayblar ekan, Qo’shma Shtatlar ham malomat toshi ostida qoldi. Ammo Istanbuldagi Qodir Hash universiteti professori Akin Unverning aytishicha, bu quruq gap bo’lib, Turkiyaning AQSh bilan aloqalariga putur yetkazishi mumkin.

"Turkiyadagi islomiy hukumat barcha balolarda Amerika yoki xorijdagi boshqa yovuz kuchlarni hamisha ayblab kelgan. Ammo aslida Turkiya, “Adolat va taraqqiyot” partiyasi va Erdog’an Qo’shma Shtatlarning yaqin hamkorlaridan", - deydi olim.

Parlamentda ko’pchilik o’rinlarga ega hukmron partiya vakillaridan tashkil topgan hukumat adliya hay’ati vakolatlarini kamaytirish rejasidan voz kechmoqchi emas.

Biroq tahlilchilarning ogohlantirishicha, agar Konstitutsion sud islohot rejasini qabul qilmasa, hukumat va adliya tizimi o’rtasida yangi janjal yuzaga kelishi mumkin. Buning oldini olish uchun hukumat konstitutsiyaga tuzatish kiritishi kerak, bu esa parlamentdagi ovozlarning kamida uchdan ikki qismini talab qiladi, demak, “Adolat va taraqqiyot” partiyasi muxolifatdagi yirik partiya bilan til topishishi zarur. Respublikachi Xalq partiyasi ana shulardan biri.

Muxolifat davlatga qarshi fitnada ayblanib qamalgan yuzlab harbiylarning ishi qayta ko’rilishini talab qilib keladi. Erdog’an oy boshida buning ehtimoli haqida ochiq gapirdi.

Biroq istanbullik siyosiy tahlilchi Chingiz Aktar bosh vazirning muxolifat bilan kelisha olishiga ishonmaydi.

"Hukumat Sudyalar va prokurorlar oliy hay’atini muxtoriyatidan ayirish rejasiga sherik topa olmaydi, degan fikrdaman. Erdog’an taklifini hech kimga o’tkaza olmaydi, boshqa partiyalar parlamentda unga ovoz bermaydi", - deydi Aktar.

Hozircha, tahlilchi aytganidek, hech bir muxolif partiya sardori hukumat bilan bu masalada kelishmoqchi emas. Ular Erdog’anni korrupsiya bilan bog’liq tergovdan quruq chiqishga harakat qilayotganlikda ayblamoqda. Joriy hafta boshida ayrim davlat idoralarida yangi tergov ishlari qo’zg’atilgan.

Tahlilchi Sinan Ulgenning aytishicha, hozirgi inqiroz adliya tizimi islohotga muhtoj ekanini ko’rsatmoqda.

"Agar hukumat bu fursatdan foydalanib qolmasa, siyosiy muxolifat esa buning bahonasida o’z talablarini olg’a surmasa, Turkiya adliya tizimi turk demokratiyasi uchun muammo manbai bo’lib qolaveradi va fuqarolarning unga ishonchi yo’qoladi", - deydi ekspert.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG